1 iyun kuni Qarshi shahrida respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining mintaqaviy filiali ish boshladi.

2004 yilda mamlakatimiz hukumatining qaroriga binoan tashkil etilgan respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi (RBIMM) mana 15 yildirki imkoniyati cheklangan, yetim hamda ota-ona qaramog‘isiz qolgan, ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan, shuningdek, alohida iqtidorli bolalarni ijtimoiy moslashtirish muammolarini о‘rganuvchi mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasaning asosiy vazifasi yosh avlod vakillariga majmuaviy tarzda tibbiy-reabilitatsion, ijtimoiy-pedagogik, defektologik, logopedik, psixologik, huquqiy, metodik, axborot-ta’limiy yordam kо‘rsatishdan iborat bо‘lib, bugungi kungacha uning xizmatlaridan yurtimiz miqyosida 13 ming nafardan ziyod bola foydalangan.

- Markaz faoliyatini bosqichma-bosqich kengaytirish   doirasida dastlab Farg‘onada, keyin esa Samarqandda mintaqaviy filiallar ochilib,  ijtimoiy moslashuv xizmatlari bilan qamrab olingan bolalar soni sezilarli darajada oshdi, - deydi RBIMM direktori Vasila Alimova. - Qarshi shahrida ham muassasamiz filialining ish boshlashi Qashqadaryo va qо‘shni viloyatlardagi imkoniyati cheklangan bolalarni birlamchi majmuaviy kо‘rikdan о‘tkazish, shuningdek, har oyda 80-100 nafar bolaga individual yondashgan holda tibbiy-reabilitatsion, psixologik va defektologik yordam kо‘rsatish uchun puxta zamin yaratmoqda. Bundan tashqari, yangi filial mutaxassislari joylarda nogironligi bor yoshlarga ilk yordam berish xizmatini takomillashtirish, oila tarbiyasiga olingan bolalar va ularning vasiylariga ijtimoiy kuzatuv yordami kо‘rsatish samaradorligini oshirishga ham о‘z hissasini kо‘shishadi.

Filialga viloyat markazining Afrosiyob kо‘chasida joylashgan ikki qavatli majmua ajratilib, uning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashga byudjetdan 300 million sо‘m, viloyat hokimligi tomonidan 1,2 milliard sо‘m yо‘naltirildi. Shuningdek, mintaqaviy filialning moddiy-texnika bazasini shakllantirish va uni maxsus jihozlar va inventarlar bilan ta’minlash maqsadida О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa  institutlarini qо‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan RBIMMga davlat ijtimoiy buyurtmasi berilib, loyihani moliyalashtirishga 298 million sо‘m ajratilgan.

Filialning ochilish marosimida mazkur muassasa xizmatlaridan foydalanadigan bolalar va ularning ota-onalari, о‘qituvchi va murabbiylar, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qо‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bо‘yicha parlament komissiyasi a’zolari ham ishtirok etishdi. Ular yangi maskanda imkoniyati cheklangan bolalarga majmuaviy tarzda yordam kо‘rsatish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, mutaxassislar va benefitsiarlar (loyiha amalga oshishidan manfaatdor shaxslar) bilan muloqot qilishdi. Kinezoterapiya (harakat yordamida davolash), gidrokinezoterapiya (suvda harakatlantirib davolash), art-terapiya (san’at va ijod yordamida davolash), ertak-terapiya, Montessori metodikasi kabi bolalarni davolash va rivojlantirish usullarining amalda qо‘llanishining guvohi bо‘lishdi.

Shundan sо‘ng yangi muassasaning majlislar zalida yuqorida qayd etilgan parlament komissiyasining sayyor yig‘ilishi о‘tkazildi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat komissiyasi a’zolari va vohamizdagi bir qator NNT va OAV vakillari qatnashgan bu yig‘ilishni komissiya rahbari, О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari qо‘mitasi raisi Akmal Saidov boshqarib bordi.

 Tadbirda davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida RBIMM Qarshi mintaqaviy filialida amalga oshirilgan ishlar, jamoat fondi tomonidan qо‘llab-quvvatlangan  sog‘liqni saqlash yо‘nalishidagi loyihalar, 2017 yilda davlat grantlariga sazovor bо‘lgan viloyatimizdagi NNT faoliyatining monitoringi natijalari muhokama qilinib, ijtimoiy ahamiyatga molik bir qator grant loyihalari taqdimoti о‘tkazildi. Yig‘ilishda, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan joriy yilda о‘tkazilgan davlat ijtimoiy buyurtmalari va davlat grantlari tanlovlari natijasi e’lon qilinib, yaqinda boshlangan "Sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish" va "Ma’nan yetuk va yuksak ma’rifatli yosh avlodni tarbiyalashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish" mavzusidagi grant tanlovlariga doir batafsil ma’lumotlar berildi.

 Temur NIZOMOV

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-06-2019 |
Foto galereya