О‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri о‘rinbosari Rustam Xatamov aholi muammolarini о‘rganish va xalq bilan yaqindan muloqot qilish maqsadida viloyatda sayyor qabul о‘tkazdi. Dastlab Kasbi, sо‘ng Yakkabog‘da ushbu hududlar va unga yondash tumanlar aholisi qabul qilindi.

Qayd etish lozim, xalqimizning milliy va azaliy qadriyatlari, an’analaridan kelib chiqqan holda odamlarni hayotdan rozi qilish, ularni qiynayotgan muammolarni atroflicha о‘rganib, bartaraf etish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Albatta, bunday xayrli va savobli ishlar fuqarolarda daxldorlik hissini kuchaytirib, bu orqali jamiyat taraqqiyoti yanada jadallashadi.

Muloqot davomida Kasbi tumani Komilon qishlog‘ida yashovchi G.Jо‘rayeva uzoq vaqtdan buyon shifoxonalarda davolanganiga qaramay sog‘ligi tiklanmayotgani, ishlay desa salomatligi kо‘tarmasligi, boz ustiga qizi ham ishsizligi, shuning uchun nogironlik nafaqasi tayinlanishi va farzandining ish bilan ta’minlanishi bо‘yicha amaliy yordam sо‘radi.

Murojaat atroflicha о‘rganilib, fuqaroga viloyat sog‘liqni saqlash  boshqarmasi tomonidan davolanish uchun order, tuman hokimligi tomonidan eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida moddiy yordam puli ajratildi hamda qizi maktabgacha ta’lim muassasasiga yarim stavka asosida ishga joylashtirildi.

Fazli qishlog‘ilik SH.Qurbonova 2009 yilda qishloq vrachlik punktiga ishga kirib, 2013 yilda tug‘ruq ta’tiliga chiqqan.  2018 yilda ishga chiqish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga ariza bilan murojaat etganda, unga malaka oshirish kursida о‘qib kelish lozimligi aytilgan. Malaka oshirish kursida о‘qish uchun esa 1 million 900 ming sо‘m kontrakt puli tо‘lanishi lozim. SH.Qurbonova ortiqcha sarmoyasi yо‘qligi bois о‘qishga borolmagan.

Vazir о‘rinbosarining tavsiyasi asosida homiylar tomonidan SH.Qurbonovaning kontrakt puli tо‘lab beriladigan va u о‘qishni tugatib о‘z ishini davom ettiradigan bо‘ldi.

Yakkabog‘ tumani Paxtakor qishlog‘ida yashovchi D.Rahimova tikuvchilik kasbini о‘rgangani, lekin mablag‘i yо‘qligi sababli tikuv mashinasi ololmayotgani, agar bu amalga oshsa, kelgusida faoliyatini kengaytirib, qishloq qizlariga ham bu kasbni о‘rgatishini bayon etdi. Tashabbus homiylar tomonidan qо‘llab-quvvatlanib, unga tikuv mashinasi berildi. Bunday imkoniyatga tumanning Ulamji, Ayg‘irkо‘l, Alakо‘ylak, Kattabog‘ qishloqlarida yashovchi X.Eshqobilova, О‘.Shernayeva, G.Egamberdiyeva, F.G‘uzorova singari ayollar ham ega bо‘lishdi.

Tinglangan 215 murojaat sud, prokuratura, ichki ishlar organlari faoliyatiga oid, sog‘liqni saqlash, nafaqa, uy-joy va yer bilan ta’minlash, ishga kirish, afv etish, maktab ta’limi, kredit olish, kommunal sohalar, yо‘l qurish, qurilish sohasi, moddiy yordam va boshqa yо‘nalishlar bо‘yicha bо‘ldi. 54 murojaat joyida hal etildi. 133 kishiga muammosi bо‘yicha  boshqa organga murojaat etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. 7 fuqaroga nogironlik aravachasi, 3 kishiga tayanch vositalari, bir kishiga ishga joylashish uchun yо‘llanma berildi. Bir fuqaroga fermer xо‘jaligi uchun yer maydoni ajratish bо‘yicha hokim qarori chiqarildi. Mablag‘ va vaqt talab etadigan murojaatlar tegishli mutasaddi idoralarga yuborildi, ijrosi bо‘yicha muddatlar belgilanib, nazoratga olindi.

E’tiborli jihati shundaki, keyingi paytda fuqarolar qabulga faqat ariza va shikoyat bilan emas, balki о‘z minnatdorliklarini bayon etish uchun ham kelmoqda. Jumladan, Koson tumani Dо‘stlik mahallasida yashovchi SH.Qurbonov о‘g‘li о‘z bilimi va salohiyati bilan profilaktika inspektorining yordamchisi lavozimiga ishga kirgani, tanlov ochiq va xolis о‘tgani uchun IIV va viloyat IIB rahbariyatiga о‘z minnatdorligini bayon etdi.

Yakunda murojaatlar jamlanib, tahlil etildi va sektorlar rahbarlariga rо‘yxatga olingan muammolarni bartaraf etish majburiyati yuklandi.

N.XО‘JAYEV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

28-05-2019 |
Foto galereya