14 iyun - Butunjahon donorlar kuni

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga kо‘ra, barcha davlatlarda qonga bо‘lgan ehtiyojni tо‘liq ta’minlash uchun har 1000 kishiga 40-60 nafardan donor tо‘g‘ri kelishi lozim. Mamlakatimizda esa bu kо‘rsatkich hozircha 4-5 nafarni tashkil etadi, xolos. Aynan shu bois  bugun beg‘araz donorlar safini kengaytirish borasidagi say-harakatlarning izchilligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Tibbiyotda ma’lumki, qon, uning komponentlari va preparatlari (plazma, eritrotsitlar, trombotsitlar, albumin va immunoglobulinlar) inson hayoti xavf ostida qolganda quyiladi.  Shuningdek, qon tizimi kasalliklarida (og‘ir darajali kamqonliklarda, leykoz, ya’ni "oqqon" xastaligida, qon ivish tizimi buzilishi kasalliklari, ya’ni, gemofiliya kasalligi, koagulopatiyalar), saraton kasalliklarida, patologiyali og‘ir kechadigan tug‘ruqlarda, operatsiyalarda, og‘ir darajali kuyishlarda va turli xil favquloddagi holatlarda asqatadi. Bunday holatda kerakli miqdordagi qonni topish uchun sog‘lom insonlarni doimiy, beg‘araz qon donorligiga jalb etish lozim.

Birinchi bо‘lib qon guruhlarini aniqlagan olim Karl Landshteyner  sharafiga u tug‘ilgan sana - 14 iyunda nishonlanadigan  Butunjahon donorlar kuni donorlar, shuningdek, ular xizmatidan foydalanuvchilar uchun bayram. Bu kuni butun dunyoda, о‘zidagi eng qimmatli narsasi - о‘z qonini  beg‘araz topshiruvchi insonlar qadrlanadi.

- Tibbiyot sohasi tobora rivojlanib borayotgani sayin shifo maskanlarida kо‘plab murakkab operatsiyalar amalga oshirilmoqda, - deydi  viloyat qon xizmati markazi qon va qon mahsulotlari tayyorlash bо‘limi boshlig‘i Malik Nuriyev. - Jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli bajarish uchun esa, tabiiyki, kо‘p miqdorda qon kerak. Shu sababli markazimizda topshirilgan qon avvalo muayyan tartib-qoidalarga rioya etilgan holda, maxsus jihozlangan xonalarda olinadi. Uni topshirishdan avval donor shifokor nazorati, tibbiy kо‘rik va mutaxassis suhbatidan о‘tkaziladi. Shundan sо‘ng u donorlikka loyiq, deb topilsa, qon topshirishi mumkin. Qon berish inson salomatligi uchun juda foydali amaliyot sanaladi. YA’ni donorlik gipertoniya xastaligining oldini olish va davolash, organizmda moddalar almashinuvini yaxshilash hamda immun tizimini   mustahkamlashga sezilarli darajada ijobiy ta’sir kо‘rsatadi.

Darhaqiqat, qon topshirishning foydasi, ijtimoiy ahamiyati keng targ‘ib qilinishi ortidan donorlar soni ham ortib bormoqda. Viloyatimizda 2017 yilda 8600 nafar donor qon topshirgan bо‘lsa, bu kо‘rsatkich 2018 yilda 10 ming 700  nafarni tashkil etdi. 2018 yilda viloyat qon xizmati markazi III darajali qon  qо‘yish markazi nomini oldi.

- Bizda bir yilda 25 ming nafar donordan qon olish va uni qayta ishlash imkoniyati mavjud bо‘lib, viloyatimiz tumanlarida 19 ta qon quyish bо‘limlari faoliyat kо‘rsatmoqda, - deydi Malik Nuriyev. - Markazimizda qon olish, qon tayyorlash va uni bemorlarga quyishning zamonaviy tizimi yaratilgan bо‘lib, bu ish eng zamonaviy texnologiyalar yordamida, malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. 

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga kо‘ra, dunyo aholisining 40 foizi kamqonlikdan aziyat chekmoqda. Mana shunday insonlarga ozgina bо‘lsa-da yordam kо‘rsatish  maqsadida har yili iyun - beg‘araz donorlik oyi deb e’lon qilinadi. Mazkur oylikda barcha sog‘lom insonlar beg‘araz donorlar safiga qо‘shilib, qonga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolish bilan birga favqulodda holatlar uchun qon zaxirasini tashkil qilishga о‘z hissalarini qо‘shishlari mumkin. Chunki mazkur tadbir chog‘ida tayyorlangan qon mahsulotlari shifoxonalarda davolanayotgan va hayoti xavf ostida qolgan og‘ir bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun ajratiladi.

Har yilgi an’anaga muvofiq, mamlakatimizda bu yilgi Butunjahon donorlar kuni "Hamma uchun xavfsiz qon" shiori ostida о‘tkazilmoqda. Xususan, shu kuni joylarda ushbu sanaga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, forum va muloqotlar о‘tkaziladi. Bulardan kо‘zlangan asosiy maqsad, saxovatpesha yurtdoshlarimizning ezgulik yо‘lidagi xayrli tashabbuslarini qо‘llab-quvvatlash, yoshlarimizda insoniylikka xos gо‘zal fazilatlarni qaror toptirishdir.

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIYEV  olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

12-06-2019 |
Foto galereya