27 iyul kuni 205 nafar qashqadaryolik, 206 nafar surxondaryolik, bugun tongda esa har ikki viloyatdan 202 nafardan bо‘lg‘usi hojilar muqaddas Haj amallarini ado etish uchun Qarshi xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jо‘nab ketdi.

- Haj safari bilan bog‘liq tashkiliy ishlar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda, - deydi О‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo Usmonov. - Masalan, avvallari hojilarimiz ikki yulduzli mehmonxonalarda turishgan bо‘lsa, bu yili Madina shahridagi 5 yulduzli va Makka shahridagi 4 yulduzli mehmonxonalarga joylashadilar. Shuningdek, iste’mollari uchun turli vaqtlarda tayyorlanadigan pokiza va lazzatli taomlar, boradigan manzillariga yetkazib qо‘yuvchi salqin avtobuslar, malakali tibbiy xizmat, boringki, ularning nima ehtiyoji bо‘lsa, hammasi a’lo darajada muhayyo qilingan. Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va qulay shart-sharoitlar yaratish ishlari maxsus ishchi guruh hamda О‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi Haj va Umra masalalari bо‘yicha attashesi hamkorligida tashkil etiladi.

Ziyoratchilarimiz ushbu ulug‘ safar davomida Makka va Madina shaharlaridagi muqaddas va tabarruk joylarni ziyorat qilib qaytadilar. Shuningdek, duolar ijobat bо‘ladigan Arafot, Mino va Muzdalifa kabi makonlarda bо‘lib Haj amallarini ado etadilar.

- Islom dinining beshinchi rukni bо‘lgan Haj amaliga davlat darajasidagi e’tibordan kо‘nglimiz tog‘dek kо‘tarildi, - deydi Qarshi shahrilik Shavkat Karimov. - Buning uchun avvalo Prezidentimizga, shu xayrli ish boshida turganlarning barchasiga minnatdorlik bildiramiz. Butun safar davomida yurt g‘amxо‘rligini his qilgan holda ibodatlarni mukammal darajada amalga oshiramiz. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamisha bardavom bо‘lishini, farzandlar kamolini tilab duolar qilamiz.

Shohista BOZOROVA

Murodulla KOMILOV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

31-07-2019 |
Foto galereya