О‘zMTDP Qashqadaryo viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” va partiyaning Qarshi shahar Kengashi tashabbusi bilan О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24 yanvar kungi Oliy Majlisga Murojaatnomasi yuzasidan davra suhbati о‘tkazildi.

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi Qashqadaryo viloyat bо‘limi majlislar zalida tashkil etilgan davra suhbatida Qarshi shahridagi Paxtazor va Paxtazor-1 mahallalari faollari, aholi vakillari hamda OAV xodimlari taklif etildi.

Davra suhbatida dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farhod Zayniyev, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati va Qarshi shahar Kengashlari deputatlari Yulduz Ergasheva, Latif Rasulov hamda Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi Qashqadaryo viloyat bо‘limi rahbari Davron Kesimov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan о‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlar, muhim ijtimoiy-siyosiy voqealar, qonunchiligimizdagi yangiliklar, Prezidentimizning Oliy Majlisga galdagi Murojaatnomasi bо‘yicha fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farhod Zayniyev ishtirokchilarga Murojaatnomadagi mamlakatimizni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yо‘nalishlar bо‘yicha о‘z nuqtai nazarini bayon qilar ekan, oldinda raqamli iqtisodiyotdan tortib, har bir oilani uy-joy bilan ta’minlashgacha bо‘lgan masalalarning kо‘tarilgani, xalq qayg‘usi, fuqaro manfaati birlamchi vazifa qilib qо‘yilgani, yoshlar ta’lim-tarbiyasi borasida katta ishlar amalga oshirilishi haqida tо‘xtalib о‘tdi.

 - Prezident Murojaatida xotin-qizlar masalalariga alohida e’tibor qaratildi, - deydi Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi deputati Yulduz Ergasheva. - Endilikda oliy ta’lim muassasalarida davlat grantlari asosidagi о‘rinlar soni ikki barobarga kо‘paytirilib, qizlar uchun alohida grantlar joriy etilishi, grant asosida oliy ta’lim olishda qizlar uchun alohida qо‘shimcha imtiyozlar yaratilgani barchani quvontirdi. Endilikda Xotin-qizlar qо‘mitalari bu borada nomzodlar tayyorlash tizimini yaratishi lozimligi haqida aytildi. Shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarni qо‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi pog‘onaga kо‘tarilishi e’tirof etildi. YA’ni 2020 yilda 5,5 ming xotin-qizning kichik biznes loyihalariga 100 milliard sо‘m miqdorida imtiyozli kredit beriladi, buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratiladi. Bundan tashqari, 1 ming 576 xotin-qizga yangi uy-joyga ega bо‘lishi uchun byudjet hisobidan boshlang‘ich badal tо‘lab beriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa о‘quv kurslarida о‘qitish tashkil etiladi.

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda deputatlar xalq dardiga quloq soldi.

Ma’lum bо‘lishicha, Paxtazor va Paxtazor-1 mahalla fuqarolar yig‘inlari hozirda ijarada turib, xonalarning kamligi, joy torligi turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Mahalla keksalari esa mahalla guzari bо‘lishini, unda kayvonilar yig‘ilib, tо‘y-ma’rakalar, boshqa tadbirlarni maslahatlashadigan joy bо‘lishini xohlashadi. Bolalar uchun о‘yin maydonchalarning yо‘qligi esa onalarni tashvishlantiradi.

Ayni qish fasli emasmi, kо‘pchilik aholi isitish tizimida ham muammolar borligini aytishdi. Shuningdek, uchrashuvda elektorat manfaatlari bilan bog‘liq muammolar, xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar, shirkatlar faoliyatidagi kamchiliklar, shu bilan birga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan taklif va mulohazalar muhokama etildi.

Quvonarlisi, deputatlarimiz “Bugungi ishni ertaga qо‘yma” naqliga amal qilgan holda shu kunning о‘zida saylovchilarni qiynayotgan muammolarni hal etishga kirishdi.

Aytish joizki, bunday yuzma-yuz muloqotlarning о‘tkazilishi saylovchilarning ongi va tafakkuri yuksalib borayotganini, endilikda ularni yuzaki qarashlar bilan chalg‘itib bо‘lmasligini kо‘rsatmoqda. Bu esa deputatlarning saylovchilar oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishi barobarida ularning quyi palatadagi faoliyatini takomillashtirish lozimligini ham anglatadi.

Sojida ALLAYOROVA,

О‘zMTDP Qashqadaryo viloyat Kengashi yetakchi mutaxassisi.

29-01-2020 |
Foto galereya