O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi va xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhining qо‘shma yig‘ilishi bо‘lib о‘tdi.

Yig‘ilishda kо‘chmas mulkni himoya qilishga qaratilgan amaldagi qonunlar bо‘la turib, viloyatda buzilgan uy-joylar uchun kompensatsiya masalalarini о‘z vaqtida amalga oshirilishida loqayd mas’ullar tomonidan yuz berayotgan qonun buzilish holatlari kо‘pgina noroziliklarga olib kelayotganligi qayd etildi. Mahalliy hokimliklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish ya’ni “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarishda sustkashlikka yо‘l qо‘yilayotganligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xо‘jalik masalalari bо‘yicha mas’ul xodim G‘ofur Sulaymonovning hisoboti tinglandi.

- Bugungi kunda viloyatimizda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida keng kо‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, mahallalar, kо‘cha va yо‘llar bugungi me’morchilik talablariga moslashtirilmoqda. Shu bois, fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli bо‘lgan uy-joylar, binolar, yordamchi binolar va bog‘ devorlarining bir qismini buzib olishga tо‘g‘ri kelmoqda. Bu boradagi ishlar esa Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qо‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi tо‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi 97-sonli qaroriga asosan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qо‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi tо‘g‘risida”gi Nizom asosida olib borilmoqda, – deydi G‘.Sulaymonov.

Uning qо‘shimcha qilishicha, mazkur Nizom asosida Qarshi va Shahrisabz shaharlarida 1020 ta uy-joylar buzib olingan va hech qanday muammolar tug‘ilmagan. Lekin tuman markazlarida bо‘layotgan amaliyot shuni kо‘rsatmoqdaki, hali-hanuz ishga eskicha yondashish, fuqarolarning fikrlarini inobatga olmasdan, lozim bо‘lsa, kuch ishlatib, davlat siyosatini amalga oshirib kelayotgan hokimlik mutasaddilari jarayon bilan bog‘liq qonun hujjatlarini tо‘liq anglab yetmaganliklarini kо‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda deputatlar Yakkabog‘ tumani “Eski Yakkabog‘” qо‘rg‘onchasi hududida sodir bо‘lgan nohush holatlarni qaytalanmasligi borasida о‘z munosabatlarini bildirib о‘tdilar.

“Yig‘ilishda Davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasining о‘tgan davr davomidagi hisoboti bilan tanishdik, – deydi xalq vakili A.Mо‘minov. – Hisobotda keltirilishicha, 269 ta yer uchastkalari tuman va shahar hokimliklari tomonidan “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarish bо‘yicha qaror qabul qilinmagan. Mana muammo qayerda, mahalliy hokimliklarning bu boradagi loqaydliklari natijasida, tadbirkorlar og‘zaki tarzda kelishuvga erishib, tadbirkorligini yо‘lga qо‘ymoqda. Bu notо‘g‘ri. Meni taklifim, tadbirkorlarga qonun doirasida bо‘sh yotgan binolar “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali ajratilsin. Shu bilan birga, qurilish loyihalari eng kamida ellik yilga mо‘ljallab ishlab chiqilsin. Chunki ertaga Yakkabog‘ tumanida sodir bо‘lgan nohush holatlar yana qayta takrorlanmaydi, deb kim kafolat bera oladi”.

Yig‘ilishda partiya faoliyatiga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati.

08-08-2019 |
Foto galereya