2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi doirasida mazkur hududda bentonit va dolomit xom ashyosini qazib olish, namunaviy pista plantatsiyalarini tashkil etish, kо‘prik va avtomobil yо‘llarini qurish va ta’mirlash hamda tumanning sanoat va investitsiya salohiyatini oshirib, aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan yana yuzlab loyihalar hayotga tatbiq etiladi.

SANOATDA О‘ZGARISH BО‘LAR EKAN...MI?

- Shu yil 22 iyul kuni hukumat qarori bilan tasdiqlangan mazkur dastur umumiy qiymati qariyb 454 milliard sо‘mni tashkil qiladigan 364 ta loyihani о‘z ichiga olgan, - deydi Dehqonobod tumani iqtisodiyot va sanoat bо‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Hamrayev. - Shundan 119 tasi uchta muhim soha - sanoat (26), xizmat kо‘rsatish (65) va qishloq xо‘jaligida (28) amalga oshirilib, loyiha tashabbuskorlarining mablag‘i (71,4 milliard sо‘m), bank kreditlari (50,1 milliard sо‘m) va xalqaro kredit liniyalari (505 ming AQSH dollari) hisobidan moliyalashtiriladi. Masalan, "Bentomir" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 milliard sо‘m evaziga rо‘yobga chiqariladigan investitsiya loyihasi doirasida tumanimiz hududida joylashgan kondan bentonit tuprog‘i, ya’ni burg‘ulash qorishmalari, yog‘ni tozalash uchun zarur vosita va qishloq xо‘jaligida о‘simliklar uchun mineral ozuqa manbai sifatida qо‘llaniladigan agrotexnik xom ashyo qazib olish mо‘ljallanmoqda.

Dasturning asosiy komponentlaridan biri - yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, qishloq xо‘jaligi xom ashyosi va mineral xom ashyoni sanoat yо‘li bilan chuqur qayta ishlash bо‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli rо‘yxatiga kiritilgan tashabbuslar ichida "Big bio impeks" mas’uliyati cheklangan jamiyati rejalashtirgan ishlar ham alohida e’tiborga loyiqdir. Bu korxona 3 ming gektar lalmi yer maydonlarida kovrak о‘simligini ekish va uning shirasi (smolasi)ni qayta ishlashni yо‘lga qо‘ymoqchi. "Samadov Baxtiyor Ravshanovich" xususiy korxonasi esa Dehqonobodda mо‘l bо‘lgan yana bir mineral xom ashyo - dolomit qazib olish va qayta ishlashni tashkil etish niyatida.

Hududda sanoatni taraqqiy ettirishga qaratilgan bunday loyihalarning dasturga kiritilishi Dehqon-obodda yaqin vaqt ichida industrial rivojlanish borasidagi vaziyat biroz bо‘lsa-da о‘zgarishiga umid uyg‘otadi.

Chunki hozirgi paytda bu tuman sanoat mahsulotlari hajmi bо‘yicha viloyatimiz hududlari orasida nisbatan yuqori - yettinchi о‘rinda tursa-da, bu natijaga asosan bitta korxona - Dehqonobod kaliy zavodi hisobidan erishilmoqda. Hududda kichik biznesning sanoatdagi ulushi bor-yо‘g‘i 10,4 foizni tashkil qiladi, ya’ni tumanda mazkur sohada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning о‘ndan tо‘qqiz qismi ulkan zavod hissasiga, qolgan bir qismi esa kichik biznes subyektlari hissasiga tо‘g‘ri keladi. Faoliyat kо‘rsatayotgan (61) va yangi tashkil etilgan (14) sanoat korxonalari soni bо‘yicha esa Dehqonobod shu yil 1 iyul holatida viloyatda tegishli ravishda oxirgi va oxiridan ikkinchi о‘rinlarni egallab kelmoqda.

TADBIRKOR VA HUNARMANDLAR HISSASI

- Dehqonobod tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi, tabiiyki, kichik biznes subyektlarining faol ishtirokida amalga oshiriladi, - deya ta’kidlaydi О‘zbekiston savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi tadbirkorlikka kо‘maklashish markazlarining tuman va shahar tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sektori bosh mutaxassisi Aziz Pirnazarov. - Misol tariqasida xizmat kо‘rsatish sohasini oladigan bо‘lsak, hududda ushbu tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan barcha yangiliklarning tashabbuskorlari tadbirkorlardir. Ular tomonidan dasturning tegishli yо‘nalishi doirasida 65 ta loyihani rо‘yobga chiqarishga 38,8 milliard sо‘mdan ortiq sarmoya yо‘naltiriladi. Bu investitsiyalarning 55 foizidan ortig‘i ishbilarmonlarning о‘z mablag‘lari bо‘lsa, qolgani bank kreditlaridir. Shuning hisobidan joylarda kо‘plab zamonaviy xizmat kо‘rsatish majmualari, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, kichik stadionlar va bolalar о‘yingohlari, mehmonxona, kemping va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ochilishi kutilmoqda.

Bu loyihalarning amalga oshirilishi hududda xizmat kо‘rsatish va servis jabhasida hali ham yaqqol kо‘zga tashlanayotgan qoloqlikni bartaraf etish imkonini berar, ehtimol. Zero, viloyat statistika boshqarmasi tarqatgan ma’lumotlarga kо‘ra, shu yilning birinchi yarmida ishlab chiqarilgan xizmatlar hajmi bо‘yicha Dehqonobod tumani 87,5 milliard sо‘mlik kо‘rsatkich bilan vohamiz hududlari orasida oxirgi о‘rinlardan birini egallab turibdi. Qolaversa, shu yil yanvar-iyun oylarida Dehqonobod tumanida aholi jon boshiga kо‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 605,9 ming sо‘mga teng bо‘lgan va bu viloyat bо‘yicha qayd etilgan tegishli kо‘rsatkich (1 million 216,7 ming sо‘m)dan ikki baravar kamdir.

Dastur doirasida xizmat kо‘rsatish sohasini rivojlantirish orqali 322 ta yangi ish о‘rni yaratish kо‘zda tutilgan bо‘lsa, hunarmandchilikni taraqqiy ettirish yо‘li bilan yana 309 nafar kishining bandligini ta’minlash maqsad qilingan.

- Hozir tumanimizda "Hunarmand" uyushmasi a’zolari soni 370 nafardan oshib, ularga yil boshidan buyon ajratilgan imtiyozli kreditlar hajmi 1 milliard sо‘mdan ortdi, - deya ma’lum qiladi uyushmaning tuman bо‘limi rahbari Choriyor Rajaboyev. - Joylarda mohir hunarmandlar tomonidan "Ustoz-shogird" usulida tayyorlangan yosh ustalar va chevarlar vaqti kelib mustaqil ish yurita boshlayapti va doimiy daromadga ega bо‘layapti. Muhimi - bu jarayon uzluksiz davom etmoqda. Masalan, shu kunlarda tumandagi Nodira mahalla fuqarolar yig‘inida yosh hunarmandlar ustozlaridan gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlar yaratishni о‘rganishayapti, Aerodrom mahallasida esa gilamdо‘zlik sir-asrorlarini bilib olishayapti. Shu tariqa har bir mahallada о‘nlab yoshlar va ishsiz fuqarolarga milliy liboslar va poyabzallar tikish, temirchilik, tunukasozlik, yog‘och о‘ymakorligi, chinni va sopol buyumlar yasash hamda boshqa hunarlar о‘rgatilib, о‘z biznesini boshlash uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.

QО‘YCHILIK RIVOJLANIB, PISTAZORLAR PAYDO BО‘LADI

Dehqonobodliklarning turmush darajasini oshirishga qaratilgan dasturdan qishloq xо‘jaligi sohasiga oid 28 ta loyiha ham о‘rin olgan ekan, ularning asosiy qismi "Hisori" zotli qо‘ylarni kо‘paytirish hisobidan qо‘ychilikni rivojlantirish va namunaviy pista plantatsiyalarini tashkil etishga qaratilgan.

Shu о‘rinda ta’kidlash joizki, hukumatning shu yil 22 iyuldagi qaroriga binoan О‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qо‘mitasi va viloyat hokimligiga Xalq banki bilan birgalikda Dehqonobod tumanida chorvachilikka ixtisoslashtirilgan xо‘jaliklar tomonidan aholi xonadonlariga kredit asosida tarqatish uchun 2019-2020 yillar mobaynida chetdan 10 ming bosh chorva mollari olib kelinishini ta’minlash talabi qо‘yilgan. Shuningdek, "О‘zbekcharmsanoat" uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda chorvachilikka ixtisoslashtirilgan xо‘jaliklar negizida jun va terini qabul qilish punktlari, chorvachilikda "Nasl-xizmat" respublika naslchilik uyushmasi va respublika "Qorakо‘lchilik" uyushmasi bilan birgalikda esa mavjud chorva mollari zotlarini yaxshilash ishlarini tashkil qilish topshirig‘i berilgan.

-Hukumat qarorining yana bir talabi Dehqonobod tumanining tabiiy-iqlim sharoitini inobatga olgan holda tajriba tariqasida namunaviy pista plantatsiyalari tashkil etilishini ta’minlashdan iborat, - deydi Dehqonobod davlat о‘rmon xо‘jaligi direktori Ra’no Bozorova. - Jumladan, bizning о‘rmon xо‘jaligimizda kelgusi yilning oxirigacha 2500 gektar maydonda pistazorlar barpo qilinishi lozim. Mamlakatimiz Prezidentining viloyatimizga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqqa asosan bu ishni ancha oldin - 2018 yilning kuz oylarida boshlab yuborganmiz va shu paytgacha 700 gektar maydonda pista plantatsiyalari tashkil qilingan.  Sifatli kо‘chatlar tayyorlash uchun Surxondaryo viloyatida joylashgan Bobotog‘ о‘rmon xо‘jaligidan olib kelingan, iqlim sharoitimizga mos pista urug‘idan foydalanayapmiz.

Kelajakda Dehqonobodda agrar sohadan olinadigan daromad miqdorini keskin ravishda oshirish uchun zamin yaratadigan pista plantatsiyalarini tashkil qilishga tumandagi bir qator xususiy korxonalar, fermer xо‘jaliklari va boshqa kichik biznes subyektlari ham qо‘shilmoqda. Ularning bu tashabbuslarini qо‘llab-quvvatlash maqsadida hukumat qaroriga binoan "Agrobank" aksiyadorlik tijorat bankiga Dehqonobod tumanida namunaviy pista plantatsiyalarini tashkil etish loyihalarini moliyalashtirish uchun yillik 8 foiz tо‘lash sharti bilan 10 yil muddatga (8 yillik imtiyozli davr) imtiyozli kreditlar ajratilishini ta’minlash topshirig‘i berildi.

Dasturga qishloq xо‘jaligi sohasida yer maydonlaridan oqilona foydalanish va irrigatsiya tizimini yaxshilash bо‘yicha ham bir qator loyihalar kiritilgan bо‘lib, ulardan bittasi "Dehqonobod" sel suv ombori sig‘imini oshirish, ikkinchisi tumandagi lotok tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, uchinchisi tik quduq va bosimli quvur qurishni nazarda tutadi. Bu ishlarga umumiy hisobda 5 milliard sо‘m sarflanadi.

"OQSUV - DEHQONOBOD" SUV QUVURI QURIB BITKAZILADI

Dasturning loyihalar soni va yо‘naltirilayotgan mablag‘ hajmi bо‘yicha eng katta tarkibiy qismi tumanda yо‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan. Uning doirasida mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yо‘llarini ta’mirlash va yо‘l qurilish texnikalari xarid qilish hamda ichki yо‘llarda kо‘prik qurish bо‘yicha 8 ta, elektr energiyasi ta’minoti bо‘yicha 138 ta, gaz ta’minoti bо‘yicha 5 ta, arzon uy-joylar qurish bо‘yicha esa 4 ta loyihani amalga oshirish kо‘zda tutilgan. Eng kо‘p sarmoya (156,7 milliard sо‘m) esa ichimlik suvi, oqova suv tarmoqlari va inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish jabhasida о‘zlashtiriladi. Asosan respublika byudjeti va mahalliy byudjetdan ajratilayotgan bu mablag‘ning 95 foizi (150 milliard sо‘m) uzunligi 77 kilometr bо‘lgan va hududdagi kо‘plab aholi punktlarini qamrab oladigan "Oqsuv - Dehqonobod" ichimlik suvi quvuri qurilishiga sarflanayapti. Joriy yilda barpo etilishi kо‘zda tutilgan bu obyekt foydalanishga topshirilgach, hudud aholisining 75 foizidan ortig‘i markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Tumanni kompleks rivojlantirish, albatta, ijtimoiy soha infratuzilmasining takomillashtirilishini ham nazarda tutadi. Dasturga bu jabhaga taalluqli 68 ta loyiha kiritilgan bо‘lib, ularning umumiy qiymati 131,3 milliard sо‘mni tashkil qiladi. Ushbu mablag‘ evaziga  tumanda 10 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 25 ta umumta’lim va 20 ta sog‘liqni saqlash obyekti, 3 ta madaniyat markazi, 2 ta sport inshooti hamda yana bir qator obyektlar quriladi, rekonstruksiya qilinadi va mukammal ta’mirlanadi. E’tiborlisi, Oqrabot qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Oqsaroy va Dehqonobod shaharchasidagi "Rabot" tarixiy obidasini mukammal ta’mirlashga 585 million sо‘m ajratilmoqda.

Respublika hukumatining "2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tо‘g‘risida"gi qarori talabiga kо‘ra, mazkur dastur parametrlarining о‘z vaqtida va tо‘liq amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida tumandagi sektorlar rahbarlari о‘zlariga biriktirilgan hududlar kesimida loyiha tashabbuskorlariga kо‘maklashib, yuzaga kelgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish choralarini kо‘rishlari, shuningdek, tegishli xulosa va takliflarini viloyat hokimligiga kiritib borishlari lozim. Dasturdagi tadbirlarning о‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bо‘yicha loyiha tashabbuskorlari faoliyatining natijadorligi har chorak yakunida viloyat va tuman faollari yig‘ilishlarida muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Botir TEMIROV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

03-08-2019 |
Foto galereya