24-25 may kunlari "О‘zbekiston - umumiy uyimiz" respublika dо‘stlik va madaniyat festivalining viloyat bosqichi о‘tkazildi.

Ma’lumki, "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" Davlat  dasturida milliy-madaniy markazlar, dо‘stlik jamiyatlari rolini yanada oshirish va ularning aholi hayotidagi ishtirokini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shu asosda an’anaviy "О‘zbekiston - umumiy uyimiz" shiori ostidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar bu yil yangicha ruh va mazmunda hududiy va respublika bosqichlarida tashkil etilmoqda.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, milliy-madaniy markazlar, mutasaddi jamoat tashkilotlari vakillari, viloyatdagi oliy о‘quv yurtlari о‘qituvchi va professorlari, talabalar dastlab Qarshi davlat universitetidagi "Inson manfaatlari - ulug‘ qadriyat" shiori ostida turli millat va elat vakillarining professional va havaskor rassomlari, hunarmandlari, foto, xalq amaliy san’ati hamda yoshlar ijodiy kо‘rgazmasi bilan tanishishdi.

"Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik - barqarorlik omili" mavzusidagi davra suhbatida viloyat hokimining о‘rinbosari Ilhomjon Arziqulov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan dо‘stlik aloqalari qо‘mitasi bо‘lim boshlig‘i Umidjon Tursunov, О‘zbekiston "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi raisi о‘rinbosari Dilmurod Qirg‘izboyev hamda О‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo Usmonov sо‘zga chiqib, mamlakatimizda har bir millat va elatning rivojlanishi uchun tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgani, yurtimizda yashab faoliyat kо‘rsatayotgan turli konfessiyalar vakillarining e’tiqod erkinligiga istiqlolning dastlabki kunlaridan keng yо‘l ochilgani va ushbu yо‘nalishda ijobiy natijalarga erishilganini ta’kidlashdi.

Qayd etish lozim, azal-azaldan yurtimizda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik ma’naviy barkamollikning nishonasi sifatida xalqimiz qalbidagi eng gо‘zal fazilatlar qatoridan joy olgan. Ma’lumotlarga qaraganda, bundan 100 yil avval hozirgi О‘zbekiston hududida 70 ga yaqin millat vakillari istiqomat qilgan. 30 yil о‘tgach bu raqam 91, 1959 yilda 113, 1978 yilda 123 taga yetgan. 2011 yilda olingan rо‘yxatda О‘zbekistonda 137 millat va elat vakillari istiqomat qilishi kо‘rsatilgan. Bugun ular yurtimizda bir oila farzandlaridek, teng huquqlilik hamda о‘zaro hamjihatlik sharoitida yashab, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yо‘lida mehnat qilib kelishmoqda.

Eng asosiysi, dunyo va mintaqadagi vaziyatning murakkabligiga qaramay oqilona ichki va tashqi siyosat hamda xalqimizning kuchli irodasi tufayli mamlakatimizda tinch-osuda hayot barpo etildi. Bag‘rikenglikning muhim omillaridan biri bо‘lgan millatlararo va dinlararo totuvlik ta’minlandi.

- Qashqadaryoda tojik va tojikzabon 300 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi, - deydi tojik milliy-madaniy markazi raisi Abdurasul Ergashev. - Shu о‘rinda davlat rahbari tashabbusi bilan О‘zbekiston va Tojikiston о‘rtasidagi uzoq yillik "muzlar eriganini" aytishim joiz. Chegaralar ochilishi munosabati bilan 20 yildan beri kо‘rishmagan qarindoshlar, dо‘st-yorlar bilan diydor kо‘rishdik, yurt aylandik. Har ikki tomon ham xursand.

Ayni paytda viloyatimizda rus, tatar-boshqird, turkman, tojik, arab milliy-madaniy markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. 4 ta о‘zbek-tojik, 40 ta sof tojik, 36 ta о‘zbek-rus, 2 ta sof rus tilida ta’lim berishga ixtisoslashgan maktablarda yosh avlodga chuqur bilim berib kelinmoqda.

E’tiborlisi, mamlakatimizda о‘zaro dо‘stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda turli millat va elat vakillari о‘rtasida hukm surayotgan о‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini asrash, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda barcha birdek faol qatnashib kelmoqda. Bu yо‘ldagi xizmatlari uchun tojik milliy-madaniy markazi raisi Abdurasul Ergashev "Dо‘stlik" ordeni hamda arab milliy-madaniy markazi raisi о‘rinbosari Niyozmuhammad Panjiyev "Shuhrat" medali bilan taqdirlanganini alohida e’tirof etish joiz.

Festival boshqa xalqlar madaniyati, urf-odatlari bilan tanishishda ayniqsa, yoshlar uchun foydali bо‘ldi. Uning doirasida о‘tgan ochiq muloqotda milliy-madaniy markazlar vakillari bilan bir qatorda talaba-yoshlar ham о‘z fikrlarini bayon etishdi.

- Hozirgi kunda Qarshi davlat universitetida turkman millatiga mansub 64 talaba tahsil olmoqda, - deydi Merdan Jeparov. - Men ham ular qatorida ekanimdan mamnunman. Universitetda turkmanistonlik talabalar uchun alohida, hamma sharoitlari bо‘lgan turar joy mavjud, yana yotoqxonaning yarim puli tо‘lanadi. Muntazam ravishda sport musobaqalari, ma’rifiy tadbirlar, sayohatlar tashkil etib boriladi. Yoshlar markazida urf-odatlarimiz kо‘rgazmalarini, konsert dasturlarini о‘tkazib boramiz. Umuman, hammasi a’lo.

Dо‘stlik va madaniyat festivali kun tartibidagi mavzu ruhiga mos - samimiy va mazmunli о‘tdi. Xuddi shunday tadbirlar Dehqonobod va Chiroqchi tumanlarida ham tashkil etildi.

Festivalning yakuniy qismi Qarshi shahar madaniyat va aholi dam olish markazida о‘tdi. Bu yerda viloyatdagi taniqli san’atkorlar, yosh iste’dod egalari, milliy-madaniy markazlar qoshidagi badiiy jamoalar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Shu bilan birga, festivalning viloyat bosqichi g‘oliblari ham aniqlanib, maxsus nominatsiyalar bо‘yicha taqdirlandi.

N.XО‘JAYEV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

28-05-2019 |
Foto galereya