Harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi, yurtni ulug‘lovchi, uning shon-sharafini yuksaltiruvchi, ona Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yо‘g‘rilgan mazmunan teran, badiiy yetuk qо‘shiqlar insonni mardlikka, jasurlikka undaydi, shijoatli qiladi. Harbiy xizmatchilar ham bu tuyg‘udan kuch, ilhom oladi.

Ma’lumki, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qо‘shinlari harbiy musiqiy xizmati bazasida 2018 yil oktabrda "Sarhad" musiqiy guruhi tashkil etilgan bо‘lib, guruh a’zolari qisqa vaqt ichida о‘z qо‘shiqlari va chiqishlari bilan chegarachilar orasida ancha e’tiborga tushdi, о‘z navbatida о‘zbek estradasining yorqin namoyandalariga ham aylanib borayotir.

"Sarhad" guruhi Davlat mukofoti sohiblari Shirin Mamatova va Yulduz Nizomova bilan birgalikda "Biz chegarachimiz" nomli konsert dasturini О‘zbekiston bо‘ylab namoyish etmoqda. Chegara qо‘shinlari ansambli shu yil aprelda Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida "Za veru, za otchiznu, za lyubov" xalqaro musiqiy festivalida yuqori natija qо‘lga kiritib, maxsus sovrin va medallar bilan taqdirlanganini e’tirof etish joiz.

E’tiborlisi, ushbu guruh yaqinda "Chegarachilar madhiyasi" qо‘shig‘ini yaratib, unga videoklip ham suratga oldi. Qarshi shahar madaniyat va aholi dam olish markazida "Chegarachilar madhiyasi"ning videoklipi taqdimoti bо‘lib о‘tdi.

Harbiylar, yoshlar, keng jamoatchilik va OAV vakillari qatnashgan tadbirni DXX Chegara qо‘shinlari harbiy qism shtab boshlig‘i Suhrob Shukurov kirish sо‘zi bilan ochib, yosh о‘g‘il-qizlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, olib borilayotgan islohotlarda faol kо‘makchi bо‘lishga undashda bu kabi qо‘shiqlar muhim о‘rin tutishini ta’kidladi.

Sо‘ng yig‘ilganlar Chegara qо‘shinlari haqida tayyorlangan rolik va videoklipni tomosha qilishdi. "Sarhad" guruhi a’zolari erishayotgan natijalari, galdagi maqsadlari haqida sо‘zlab berishdi. Ijro etilgan kuy-qо‘shiqlar tadbirga yanada kо‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

N.XО‘JAYEV

                                                                     Suratda: taqdimotdan lavha.

Sobir NARZIYEV olgan surat.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

25-05-2019 |
Foto galereya