Bugungi kunda viloyatimizda 660 mingta elektr energiyasi iste’molchisi bо‘lsa, ularning 60 foizdan ortig‘i plastik kartali elektr hisoblagichlardan, qolganlari esa yanada oddiy "schyotchik"lardan foydalanmoqda. 2020 yil yakuniga qadar Qashqadaryoda foydalanib kelinayotgan barcha  "schyotchik"lar elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan zamonaviy hisoblagichlarga almashtiriladi.

Bu haqda kuni kecha Qarshi shahrida "Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur korxona bosh direktori Anvar Muzapov ma’lum qildi.

- Aslida bu turdagi elektr hisoblagichlarni о‘rnatish 2021 yil sо‘ngiga qadar yakunlanishi belgilangan, - deydi AJ bosh direktori bu haqda gapirar ekan. - Ammo biz ishni yanada tezlashtirish uchun barcha choralarni kо‘rayapmiz. Masalan, shu yil avgust oyi о‘rtalaridan Qarshi shahri hamda hozirda "Obod hudud" dasturi amalga oshirilayotgan Talimarjon shaharchasida ishni boshlaymiz. Shu yil sо‘ngiga qadar bu ikki hududdagi barcha elektr energiyasi iste’molchilarining "schyotchik"lari zamonaviysiga almashtiriladi. Kelgusi yil esa viloyat bо‘yicha bu ishni yakunlashni maqsad qilganmiz. Yangi turdagi elektr hisoblagichlar iste’molchi uchun qator qulayliklarga ega bо‘lib, jumladan, elektr energiyasi uchun tо‘lovni istagan joyda amalga oshirish imkonini beradi. Tо‘lov  amalga oshirilishi bilan xarid qilingan elektr energiyasi avtomatik tarzda hisoblagichga о‘tkaziladi. Yana bir e’tiborga molik tomoni, elektr hisoblagichlarni almashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar korxona hisobidan qoplanadi.

Matbuot anjumanida viloyatda aholini elektr energiyasi bilan sifatli va uzluksiz ta’minlash, bu borada mavjud kamchiliklar xususida ham sо‘z yuritildi. Jurnalistlar tomonidan odatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining rejadagidek olib borilmasligi, natijada ayni sovuq kunlarda ta’minot bilan bog‘liq nosozliklar, uzilishlar yuzaga kelishi, kо‘pgina hududlarda mavjud transformatorlar, simyog‘ochlar eskirib ketgani, hatto xavfsizlik nuqtai nazaridan ham talabga javob bermay qolgan bо‘lsa-da, hamon foydalanib kelinayotgani borasidagi muammolar о‘rtaga tashlandi.

- Tо‘g‘ri, bunday muammolar kо‘p, - deydi Anvar Muzapov. - Misol uchun, ayni paytda viloyatimizda 8 ming 884 ta transformator punktlari mavjud. Ularning 65 foizi eskirgan. Foydalanishdagi simyog‘ochlarning aksariyati 70-80-yillarda о‘rnatilgan. Ular allaqachon о‘z muddatini о‘tab bо‘lgan. Shu vaqtga qadar almashtirilishi, ta’mirlanishi kerak edi. Ammo uzoq yillar davomida sohaga e’tibor qaratilmagani bois bu ishlar bajarilmagan. Lekin sо‘nggi yillarda bu masala hukumatimiz  diqqat markazida turibdi.

Mutasaddi tomonidan bugungi kunda viloyatimizda elektr ta’minoti tarmoqlari va vositalarini qurish, ta’mirlash bо‘yicha bajarilgan ishlar yuzasidan aniq raqamlar keltirildi. Unga kо‘ra, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi qaroriga asosan Qashqadaryoda 128,1 kilometr uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 73 dona transformator punktida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilgan.

Shuningdek, "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari ijrosi bо‘yicha ham shu kunga qadar 56 dona transformator punktida, 290,3 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilgan. 240 dona transformator punkti hamda 428,7 kilometr uzunlikdagi havo tarmoqlari mukammal ta’mirlangan.

- Bundan tashqari, Prezidentimizning 2018 yil 13-14 dekabrdagi viloyatimizga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosi bо‘yicha 730 kilometr elektr tarmoqlari va 230 dona transformator punkti rekonstruksiya qilinishi belgilangan bо‘lib, hozirgi kunga qadar 426,2 kilometr elektr tarmoqlari va 151 dona transformator punkti rekonstruksiya va modernizatsiya qilindi, 1565,5 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlari va 521 transformator punkti mukammal ta’mirlandi, - deydi jamiyat bosh direktori. - Qolaversa, viloyatda qurilayotgan namunaviy tipdagi uy-joylar massivlari, xizmat uylari, iqtisodiyot tarmoqlarining elektr ta’minotini yaxshilash bо‘yicha ham keng kо‘lamdagi qurilish, ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Ammo barcha hududlarda muammolarni tо‘liq bartaraf etish uchun yillar kerak bо‘ladi.

Matbuot anjumanida foydalanilgan elektr energiyasi uchun tо‘lovlarning optimallashtirilishi xususida ham sо‘z bordi.

Jahongir BOYMURODOV

 

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

28-07-2019 |
Foto galereya