Barcha mо‘min-musulmonlar qatori xalqimiz ulug‘ ayyom - Ramazon hayiti arafasida turibdi.

Biz hayit deb ataydigan bayram arab tilida "iyd", ya’ni "qaytish", "takror kelish" ma’nolarini anglatadi. Ba’zi ulamolar: "Bu bayram insonlarga ularning qiyinchilik va g‘am tashvishlariga qaramasdan har yili xursandchilik va shodlik bilan qayta-qayta kelgani uchun "iyd" deb nomlangan, deganlar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga keldilar. Ularning (madinaliklarning) о‘ynab hordiq chiqaradigan ikki kunlari bor edi. U zot alayhissalom: "Bu ikki kun qanday kun?", dedilar. Madinaliklar: "Biz johiliyatda bu ikki kunda о‘ynab hordiq chiqarar edik", deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): "Albatta Alloh taolo sizlarni bu ikkisidan yaxshiroq kunlarga almashtirdi, iydul azho va iydul fitr", dedilar".

Ushbu ikki hayit bayrami islomning ikki ulug‘ ruknlari ortidan keladi. Ulardan biri Ramazon rо‘zasi tugaganidan sо‘ng, ikkinchisi Hajdan keyin, ya’ni hojilar Arafotda turganlaridan sо‘ng nishonlanadi.

Hayit barcha musulmonlar shodlik va xursandchilik izhor qiladigan kunlar hisoblanadi. Bu kunlarda mо‘minlar Alloh taologa bergan son-sanoqsiz ne’matlari uchun shukrona sifatida sadaqai fitrlarni beradilar, hayit namozlarini ado etadilar.

Hayit musulmonlarning aziz bayrami bо‘lgani bois bu ayyom shodu xurramlik, xursandchilik qilinadigan, keksalar, ota-ona, qarindoshlar ziyorat etiladigan, bemorlar holidan xabar olinadigan, kо‘plab xayr-ehson ulashiladigan kundir.

Hayit kunlari oila ichida ham bayram kayfiyatini tiklash kerak. Rо‘zg‘or uchun amalga oshiriladigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish darkor. Iloji bо‘lsa, sovg‘a va maxsus hadyalar ulashilsa, yanada yaxshi bо‘ladi. Shu kunlarda bemorlarning holidan xabar olish, ularning ham hayitni nishonlashlariga kо‘maklashish ayni savob bо‘ladi.  Hayit kunlari silai rahm qilish, qarindosh-urug‘, quda-andalarni ziyorat qilishning har qachongidan ham kо‘ra savobi kо‘proq bо‘ladi.

Uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan dо‘st-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib olish lozim. Zero, silai rahmni uzgan yoki insonlarga gina qilgan kishilarga fazilatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shu bois, bunga jiddiy qarash kerak.

Bolalarga munosib hadya va sovg‘alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bо‘ladi. Farzandlarimiz yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, buyukligini his qila bilsin. Bu kabi ishlar farzandlarimiz ongida milliy-diniy qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg‘usi shakllanishida, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bо‘lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Tanish-bilish, yoru dо‘st va har bir musulmon kishini hayit bilan tabriklab, ularga xursandchilik va shodlik izhor qilish gо‘zal ishlardandir.

Hayit arafasida kо‘ni-qо‘shnilarga mehr-muruvvat kо‘rsatish bilan birga moddiy yordamga muhtoj kishilar, ya’ni kam ta’minlangan oilalarga xayr-ehson qilinsa, ularning xonadonlariga ham bayram shukuhi kirib kelgan bо‘ladi.

Hayit kunlari duolar qabul qilinadigan kundir. Bu kunda ba’zi joylarda odamlar tо‘p-tо‘p bо‘lib qabristonga, azador xonadonlarga borishi, yig‘i-sig‘i qilishi shar’an durust emas. Bunday noshar’iy amallardan qaytaylik, о‘zimizni ortiqcha bid’at amallardan saqlaylik. Buning о‘rniga Allohning tinchlik, xotirjamlik kabi ne’matlariga shukr qilib, erta tongdan hayit namozini ado etib, kо‘pchilik bilan qо‘llarimizni duoga ochsak, qalbimizdagi istaklarimizni Yaratgandan sо‘rasak, inshaalloh, buning savobi о‘zimizga ham, bizdan umidvor bо‘lib yotganlarga ham yetib boradi. 

Ulamolar juma namozini ado etish farz bо‘lgan kishilarga hayit namozlarini ado etish vojib bо‘ladi, deganlar. Hayit namoziga chiqishda g‘usl qilib, toza-ozoda bо‘lib chiqiladi. Bu haqida hadisi sharifda quyidagicha xabar berilgan: Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayiti kunida va Qurbon hayiti kunida (albatta) g‘usl qilar edilar". Shuningdek, hayit namoziga yuvinib, toza-ozoda mushk va atirlar bilan xushbо‘ylanib chiqiladi.

Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab sanaladi. Chunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne’matlarini izhor etish, shodu xurramligini namoyon qilish bо‘ladi. Bunga imkoni yо‘qlar eng yaxshi toza-ozoda kiyimlarini kiyib chiqadilar.

Ramazon hayiti bayramida namozgohga chiqish oldidan biror shirinlik tanovul qilish sunnat hisoblanadi. Bu haqda hadisi sharifda bunday xabar berilgan: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) bir nechta xurmo yemasdan (namozgohga) chiqmasdilar".

Agar biror uzr bо‘lmasa, hayit namoziga piyoda yurib borish ham sunnatdir. Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda chiqar edilar. Azon va iqomatsiz namoz о‘qir edilar. Sо‘ngra boshqa yо‘ldan uyga qaytar edilar". Shunga kо‘ra, biror kasallik yoki uzoqlik, yoki qoru yomg‘ir singari biror uzr bо‘lmasa, namozgohga piyoda borish sunnat bо‘ladi.

Shuningdek, ulamolar va tolibi ilmlarni ziyorat qilish ham hayit bayramidagi fazilatli amallardan sanaladi. Albatta, bunda ularning vaqtlariga rioya qilish lozim.

Umuman olganda, hayit bayramining jamiyat vakillari orasidagi gina-adovatlar va turli kо‘ngilsizliklarni ketkazish hamda ular о‘rtasida mehr oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash singari hikmatlari kо‘pdir.

Alloh taolo barchamizga Ramazon hayitini muborak qilsin. Keyingi hayit bayramlariga ham sog‘lik-salomatlik, xursandchilikda yetishimizni Yaratgan barchamizga nasib etsin!  Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bо‘lsin!

Rahmatillo USMONOV,

О‘zbekiston musulmonlari idorasining

viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

04-06-2019 |
Foto galereya