Ma’lumki, yengil sanoat viloyatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri sanaladi. Bugun ushbu tarmoqni rivojlantirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohada zamonaviy texnologiyalarning bosqichma-bosqich о‘zlashtirilayotgani natijasida mahsuldorlik ortayapti.

Ma’lumki, Qashqadaryo zamini dunyo madaniyatining oltin belbog‘i sanalmish Buyuk Ipak yо‘lining chorrahalarida joylashgani bilan muhim tarixiy ahamiyat kasb etadi. Vohaning paxtayu ipakdan tо‘qilgan matolari, chevar tikuvchilari, tо‘quvchilari, kashtadо‘zlari, zardо‘zlari, mohir kosiblari azal-azaldan mag‘ribu mashriqda dovruq qozongan. Shu bois vohada ip-gazlama, tо‘quv, tikuv sanoatining rivojlanishi ham о‘ziga xos teran ildizlarga, boy tarixga ega.

Birgina, Qarshi shahridagi “Sanam” tikuvchilik korxonasi nafaqat viloyatimiz, balki butun mamlakat miqyosida nomi chiqqan korxonalardan hisoblanadi. Korxonani haqli ravishda viloyatimizning kо‘p yillardan buyon sayqal topib, yangicha jilo va gо‘zallik bilan boyib borayotgan chevarlik an’analarining katta maktabi, desak mubolag‘a bо‘lmaydi.

Bir necha tuzilishga oid о‘zgartirishlardan sо‘ng korxona 1992 yilgacha Qarshi tikuvchilik ishlab chiqarish birlashmasi sifatida faoliyat kо‘rsatdi. 1994 yildan “Sanam” hissadorlik jamiyatiga aylantirildi. Biroq uning rentabellik darajasi pasayib ketgan, iqtisodiy ahvoli og‘irlashib qolgan, bir paytlar mingdan ziyod xodim mehnat qilgan korxonada atigi 33 nafar ishchi-xizmatchi qoldi, ish haqi va soliqdan qarzdorligi kо‘payib ketgan edi. 2010 yilda korxona “Sanam” MCHJga aylantirildi.  Uzoq yillar qо‘ldan qо‘lga о‘tib, aro yо‘lda ishlamay qolgan korxona bugungi kunda haqiqiy mulkdorini topib, umumiy va shaxsiy manfaatdorlik kesishuvida yuksalishning yangi bosqichiga chiqib oldi.

Bugungi kunda MCHJ shaklini olgan korxona ishlab chiqarish sexlarida yuz turdan ortiq tikuvchilik mahsulotlari tayyorlanmoqda. Murakkab dizaynerlik kolleksiyalari liboslaridan tortib korporativ uslubni shakllantirish uchun har xil turdagi kiyimlarni tikish bilan bog‘liq xizmatlar majmuasi taklif etilayapti va bu yerda 600 kishi mehnat qilayotir. 

Bunda korxonaga tovush chiqarmaydigan zamonaviy elektron maxsus tikuv dastgohlari, bezak beradigan kompyuter mashinkalari keltirilishi davr bilan ham-qadamligidan dalolat beradi. Korxonaning ISO 9001 standarti talabiga javob berishini tasdiqlaydigan muvofiqlik sertifikatining qо‘lga kiritilishi bu muvaffaqiyatli ishlarning mantiqiy davomidir.

Ayni kunda korxona о‘z faoliyatida mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Buning samarasida sohada eksport hajmining ortib borayotgani va ichki bozorlarimiz korxonada ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar bilan ta’minlanayotgani kuzatilmoqda. Masalan, о‘tgan 2020 yilda korxona tomonidan ichki va tashqi bozorlarga 11,8 milliard sо‘mlik 100 xildan ziyod mahsulot yо‘naltirildi.

Xitoy, Hindiston, Garmaniya davlatlaridan 500 dona tikuv hamda 45 dona presslash dastgohlari keltirib о‘rnatildi. Mavjud ishlab chiqarish sexlarida ortiqcha xomashyo va energiya sarfiga chek qо‘yildi. Natijada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi ham keskin pasaydi. Mahsulotlarning sifati yaxshilanib, raqobatbardoshligi ortdi. Agar о‘tgan yillarni birma-bir qiyoslaydigan bо‘lsak, korxonaning ishlab chiqarishdagi о‘sish kо‘rsatkichlari yaqqol kо‘zga tashlanadi.

Fabrikaning ishlab chiqarish quvvatini oshirish, sifatli mahsulotlarni mijozlarga yetkazish maqsadida 5 ta tikuvchilik ishlab chiqarish sexida 70 dona “Yamata”, 22 dona “Tupical” tikish, 1 dona “Fusing Machine” press dastgohi, shuningdek, Germaniya davlatidan 2 dona “Brother” tikish hamda Hindistondan 2 dona “Aksa” press va bosha ishlab chikarish uchun zarur dastgohlari olib kelib о‘rnatilgan. Ayniqsa, Rossiya, Birlashgan Arab Amirligi va Xitoy davlatlaridan olib kelinayotgan xomashyolardan tayyorlangan mahsulotlar eksklyuziv dizayni va sifatliligi bilan alohida ajralib turibdi. Shuningdek, korxona tomonidan narxlarni birmuncha arzonlashtirish maqsadida О‘zbekistonda ishlab chikarilgan import о‘rnini bosuvchi matolardan xam ichki bozorbop mahsulotlar ishlab chikarilmokda.

Ta’kidlash joiz, tashqi savdo bozorlarini diversifikatsiya qilish, eksport qilinadigan tovarlar turini kengaytirish maqsadida ushbu tadbirkorlik subyekti Xitoy, Rossiya, Belarus, Latviya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlarda о‘tkazilgan xalqaro ixtisoslashtirilgan kо‘rgazma-yarmarkalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xorijlik ishbilarmonlar mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan bir necha turdagi kiyim-kechak, kо‘rpa-yostiq, erkaklar kо‘ylagi kabi tayyor mahsulotlarni xarid qilish istagini bildirishmoqda.

Masalan, bugun korxonaning qо‘li gul chevarlari  tomonidan  “Sanam”  brendi ostida tikilayotgan bejirim kurtka, kostyum-shim va kuylaklar jahonning istalgan mashhur fabrikalari mahsulotlari bilan bellasha oladi.

Yana bir e’tiborli jihati, 2017 yildan buyon Moskva shahrida "Sanam" MCHJning "Sanamteks" savdo uyi  faoliyati yо‘lga qо‘yilgan. Bu esa Rossiya ichki bozori talablarini yaxshiroq о‘rganish, potensial xaridorlar bilan bevosita hamkorlik aloqalarini jadal rivojlantirish, shu asosda eksport kо‘lami va geografiyasini yanada kengaytirishga sharoit yaratmoqda.

Ishchi-xizmatchilarga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida korxona xodimlarini ishga kelib-ketishlari uchun avtobus tashkil qilingan. Barcha sharoitlarga ega dam olish xonasi ular ixtiyorida. 400 kishilik shinamgina oshxonada har kuni tushlikda korxona hisobidan bepul issiq ovqat tashkil qilanayapti. Shuningdek, ishchi-xodimlarni ma’naviyatini yanada yuksaltirish, ularning bilimini oshirish maqsadida ma’naviyat va ma’rifat xonasi, 150 о‘ringa mо‘ljallangan malaka oshirish о‘quv markazi tashkil etilgan. Barcha jihozlar bilan ta’minlangan  3 ta zamonaviy yotoqxona bunyod etilib, fabrika tarixi haqida shinamgina muzey tashkil qilingan.

Ayniqsa, davlat byurtmalarini olish maqsadida rahbariyat tomonidan olib borilgan say-harakatlar natijasida korxona 2010-2020 yillar davomida respublika miqyosida о‘tkazilayotgan tenderlarda qatnashib, g‘oliblikni qо‘lga kiritib kelmoqda. Natijada Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklari harbiy kiyimlarini yangi modellar asosida  о‘z tajriba sexida konstruksiya qilib, 2010-2020 yillar davomida respublika byudjetidan 200 milliard sо‘mga yaqin mablag‘ini viloyatga yо‘naltirdi. Natijada viloyat byudjetiga har xil soliqlardan iborat 40 milliardga yaqin tushumlar kelib tushdi. Shuningdek, ushbu mablag‘ning 15 foizi, ya’ni 30 milliard sо‘mi ishchi-xizmatchilarga oylik maoshi sifatida tarqatildi.

Ushbu yutuqlar natijasida korxona О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus-2015”, “Tashabbus-2016”, “Tashabbus-2017” kо‘rik-tanlovlarida “Mudofaa Vazirligi bilan ishlayotgan eng yaxshi tadbirkor” nominatsiyasi g‘olibi bо‘lgan bо‘lsa, bir necha bor Mudofaa  va Ichki ishlar vazirliliklarining tashakkurnomalarini qо‘lga kiritdi.

Korxona mutasaddilari erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolayotgani yо‘q. YA’ni bu yerda ishlab chiqarish hajmini kо‘paytirish, qо‘shimcha ish о‘rinlari yaratish choralari kо‘rilmoqda.

Masalan, viloyatda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida “Temir daftar”dagi moddiy yordam va kо‘makka muhtoj bо‘lgan aholini, “Ayollar daftari”dagi bandligi ta’minlanmagan xotin-qizlarni, “Yoshlar daftari”dagi ishsiz yoshlarni jamiyatda о‘z о‘rnini topishda mas’uliyat bilan tashabbus kо‘rsatib kelmoqda. О‘tgan 2020 yilda korxonaning tashabbusi bilan “Ayollar daftari”ga kirgan 65 nafar ishchi xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Ayni paytda ular “ustoz-shogird” tamoyili asosida mehnat qilmoqda. Ularning bu yordamlari ham bee’tibor qolmadi, MCHJ Qarshi shahar hokimining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryoda tashrifi davomida viloyat faollari bilan uchrashuvida taraqqiyot omillari haqida tо‘xtalib, kichik va о‘rta biznesni iqtisodiyotni rivojlantirish hamda aholi daromadlarini oshirishning eng muhim drayverlaridan biri sifatida tilga oldi. Uni ishga solish kambag‘allikni qisqartirish yо‘lidagi harakatlarimizga kuch bag‘ishlaydi, xususan, muhtoj oilalar a’zolarining bandligini ta’minlashga hissa qо‘shadi.

Faxriddin ERKAYEV,

“Sanam tikuvchilik fabrikasi” MCHJ boshqaruv raisi

16-01-2021 |
Foto galereya