G‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi qizg‘in pallaga kirgan  bir paytda viloyat hokimligi g‘alla hosilini o‘rib olish monitoring markazi rahbari Jumanazar Tangirovning telefoni ustma-ust jiringlaydi. Jumanazar aka esa birorta qo‘ng‘iroqni javobsiz qoldirmaydi. Hammasiga hoziru nozir. Qaysi tumanda nechta kombayn ishlayapti, ish unumdorligi qanday, necha sentnerdan don o‘rib-yanchib olinayapti, qaysi tumanga kombayn yetishmayapti, tashish texnikalari, g‘allani qabul qilish maskani, xullas, birorta jarayon monitoring markazi eʼtiboridan chetda qolmaydi.

Sababi Jumanazar aka shu sohaning yetuk mutaxassisi. Agrar sohani miridan sirigacha biladi. 1980 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini bitirib kelganidan buyon viloyatga agrar soha rivoji yo‘lida ter to‘kib kelmoqda. G‘allachilik yoki paxtachilik sohasida raqamlarni yoddan biladi, kompyuter adashsa, adashadiki, Jumanazar aka adashmaydi. Hamkasblar, rahbarlar shunday deyishadi, uning bilimdonligiga qoyil qolib.

Jumunazar akaning aytishiga ko‘ra, bugungi kunda viloyatimizda 141 ming gektar suvli hamda 63 ming gektar lalmi maydonlarda yetishtirilgan  g‘alla hosilini tez va soz saranjamlab olish borasida astoydil ish olib borilmoqda. Vohamiz bo‘yicha bu yilgi mavsumda 1 million 180 ming tonna don ishlab chiqarilishi mo‘ljallanmoqda va shu hosilning 507 ming tonnasi davlatga sotiladi.

Viloyat hokimligi tomonidan g‘alla o‘rim-yig‘imi ilg‘orlari har besh kunda rag‘batlantirib borilmoqda. O`zLiDeP viloyat Kengashi ham ana shu jarayonlarda faol ishtirok etib, ilg‘or g‘allakorlarni taqdirlamoqda. Shu jumladan uzoq yillar agrar soha rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yetuk mutaxassis - Jumanazar aka Tangirovni ham partiya munosib rag‘batlantirdi. “Tashakkurnoma” va sovg‘alarni O`zLiDeP viloyat Kengashi raisi Sirojiddin Odilov va viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Arziqul Sherov topshirishdi.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi matbuot xizmati

17-06-2020 |
Foto galereya