Prezidentimiz tomonidan muborak  Ramazon hayiti arafasida imzolangan "Jazo muddatini о‘tayotgan, qilmishiga chin kо‘ngildan pushaymon bо‘lgan va tuzalish yо‘liga о‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish tо‘g‘risida"gi farmon xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehr-oqibat, kechirimlilik kabi olijanob fazilatlarning yana bir tasdig‘i bо‘ldi. Ushbu hujjatga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazo о‘tayotgan, qilmishiga chin kо‘ngildan  pushaymon bо‘lgan va tuzalish yо‘liga qat’iy о‘tgan 575 nafar fuqaro afv etildi. Ularning 361 nafari jazodan tо‘liq ozod qilinib, ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bag‘riga qaytdi, shuningdek, 214 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish jazo muddatlari qisqartirildi. Farmonga asosan jazodan tо‘liq afv etilganlarning 23 nafari viloyatimiz fuqarolaridir.

Qarshi shahrida viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev afv etilgan fuqarolar bilan uchrashuv о‘tkazdi. Muloqot davomida hokim jazodan ozod etilgan shaxslardan birma-bir qayerga ishga joylashganligi, о‘zlari va oilasidagilarning kayfiyati, rо‘zg‘orlaridagi kamchiliklar haqida sо‘radi. Tuman va shaharlar hokimlari о‘rinbosarlari afv etilganlarni ishga joylashtirish, salomatliklarini tiklash borasida qilinayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berishdi. Tuzalish yо‘liga qat’iy о‘tgan insonlarga yordam kо‘rsatish bо‘yicha viloyat tashkilotlari rahbarlariga topshiriq berilib, nazoratga olindi. Uchrashuv davomida shuningdek, davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i fuqarolarga ushbu farmonning mazmuni va mohiyatini batafsil  tushuntirib, Prezidentimiz va xalqimiz tomonidan afv etilganlarga qilingan g‘amxо‘rlik, mehr va e’tibor ularning hayot yо‘llarida og‘ishmay tо‘g‘ri borishlari uchun berilgan yana bir imkoniyat ekanligini ta’kidladilar.

- Afv etilgan fuqarolarning barchasi markazimizda rо‘yxatga olinib, ularning har biriga 1 million 216 ming 380 sо‘mdan bir martalik moddiy yordam kо‘rsatildi, - deydi viloyat hokimligi huzuridagi muqaddam sudlanganlarni ijtimoiy himoyalash kо‘nikma markazi rahbari Islom Salomov. - 18 nafariga biometrik pasport olib berildi. Shuningdek, ushbu shaxslarning muammolari о‘rganilib, "yо‘l xaritasi" tuzildi va foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari uchun amaliy yordam kо‘rsatildi.

Biz afv etilgan fuqarolarning ayrimlari bilan suhbatlashib, ularning orzu-armonlari, kо‘ngil kechinmalari bilan qiziqdik:

Qahramon RAHMATOV, Kitob tumani Hamid Olimjon mahallasi: -  Tо‘g‘ri yо‘ldan adashganligim sabab oila a’zolarim boshiga qancha-qancha kulfat, g‘am-tashvishlarni soldim. Turmush о‘rtog‘im kasalmand bо‘lib qoldi. Qolaversa, farzandlarimning nikoh tо‘yida ota bо‘lib yonida tura olmaganim qalbimni tirnaydi. Qani vaqtni ortga qaytarishning imkoni bо‘lsa-yu, qilgan xatolarimni tuzata olsam. Ammo buning sira iloji yо‘q. Berilgan imkoniyatdan oqilona foydalanib, yurtimga sidqidildan xizmat qilmoqchiman. Fursatdan foydalanib, bizni afv etgan, qilgan notо‘g‘ri ishlarimizdan tо‘g‘ri xulosa chiqarishga, yaqinlarimiz bag‘riga qaytishga imkon berganlari uchun  Prezidentimizga, xalqimizga  behad minnatdorligimni bildirmoqchiman. Toki tirikman, bu kunni unutmayman.

Isomiddin PARDAYEV, Yakkabog‘ tumani CHо‘mich mahallasi: - Men qilgan jinoyatim uchun jazoimni oldim. Yuragimni pushaymonlik, afsus, nadomat о‘rtayverardi. Onamning sochlarida ham men tufayli oqlar kо‘paydi. Men Prezidentimizdan kechirim sо‘rayman. Bag‘rikenglik shu qadar bepoyon bо‘larmikan? Menday g‘ofil bandalarga shunchalik g‘amxо‘rlik, muruvvat, saxovat kо‘rsatilishi, yuragimdagi ezguliklarni о‘stirmoqda. Asli kasbim tikuvchi. Orzuim kichik bir sex ochib, uni rivojlantirish. Bugungi uchrashuvda shu taklifimni aytdim. Uni qо‘llab-quvvatlashdi va menga kredit beriladigan bо‘ldi. Shu kasbim ortidan aybimni yuvib, xalqimga sodiq farzand bо‘lmoqchiman.

Baxtiyor JAMIROV, Chiroqchi tumani Jarquduq qishlog‘i: - 2010 yilda chet davlatga ishga ketib, diniy ma’lumotim yetarli bо‘lmagani uchun о‘sha yerda ayrim g‘alamis kimsalarning tuzog‘iga ilindim. Jazo muddatini о‘tash davrida oqu qorani ajratdim, islom dinida yovuzlik, buzg‘unchilik, kishilar hayotiga xavf solish mutlaqo qoralanishini tushunib yetdim. Qilmishimdan qattiq pushaymonman. Gunohimni afv etgani uchun Prezidentimizga ming bor tashakkur, endi jinoyat kо‘chasiga qayrilib ham qaramayman.

Baxtiyor ALIQULOV, Kitob tumani Mustaqillik mahallasi: -  Panjara ortida о‘tkazgan sinovli  damlarda shu narsani anglab yetdimki, bu hayotda har bir insonning о‘z fikri bо‘lishi kerak ekan. Men kabi kim nima desa, ishonib ketavermay, qilayotgan ishining oxiri qanday yakun topishini о‘ylashi, bu haqida mulohaza qilishi lozim ekan. Haqiqat shuki, inson ozodlikning buyuk va bebaho ne’mat ekanini aynan tutqinlik davrida  anglab yetarkan. Shukr, Prezidentimizning mehribonliklari tufayli ozodlikka chiqdim. Buning uchun Yurtboshimizdan cheksiz minnatdorman. Qolaversa, davlatimiz rahbaridan, mehribon xalqimdan kechirim sо‘rayman. Qilmishimdan  chin kо‘ngildan pushaymonman. Kasbim tikuvchi bо‘lganligi uchun shu yerning о‘zida menga tikuv mashinasi sovg‘a qilishdi. Nasib qilsa, qolgan  umrimni  oilam, yaqinlarim davrasida tinch-osuda va halol mehnat qilib о‘tkazmoqchiman.

Shuningdek, qamashilik Ulug‘bek Boboqulov, Shahrisabz tumanilik Saidmurod Nizomov, g‘uzorlik Sardor Normirzayev singari yana о‘nlab afv etilgan fuqarolar ham ularni ozodlikka chiqarib, xonadonlariga baxt va shodlik ato etgan Prezidentimizga tashakkurlar aytdilar, qaytib xato qilmaslikka va’da berdilar.

Ha, hayotdagi eng noyob tuyg‘u qadrdir. Afv etilganlarning fuqaro sifatida qadrlanganidan, kо‘rsatilayotgan g‘amxо‘rlik, muruvvatdan kо‘ngillari quvonchga tо‘lganligi chin. Bundan buyon ular hayot yо‘llarida sira adashmasligiga ishonib qolamiz.

Shohista BOZOROVA

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

14-06-2019 |
Foto galereya