Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mustaqillik bayrami munosabati bilan 65 nafar mahkumga nisbatan afv e’lon qilish haqidagi Farmoni xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehr-oqibat, kechirimlilik kabi olijanob fazilatlarning yana bir tasdig‘i bо‘ldi. Farmonga asosan jazodan tо‘liq afv etilganlarning 4 nafari viloyatimiz fuqarolaridir.

Qarshi shahrida viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev afv etilgan fuqarolar bilan uchrashuv о‘tkazdi. Unda davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, Qarshi shahar hokimi hamda tashkilot va muassasa rahbarlari ham ishtirok etdi.

Muloqot davomida hokim jazodan ozod etilgan shaxslardan birma-bir qayerga ishga joylashish masalasi, о‘zlari va oilasidagilarning kayfiyati, rо‘zg‘orlaridagi kamchiliklar haqida sо‘radi. Tuzalish yо‘liga qat’iy о‘tgan insonlarga ularning muammolaridan kelib chiqqan holda yordam kо‘rsatish bо‘yicha viloyat tashkilotlari rahbarlariga topshiriq berilib, nazoratga olindi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i barcha afv etilganlarni salomatligi bо‘yicha uzluksiz tekshiruv olib borish va bepul davolashni о‘z zimmasiga olgan bо‘lsa, Qarshi shahar hokimi J.Fozilov afv etilgan Jasur Jо‘rayevga tadbirkorlik qilishi uchun sanoat zonasidan 0.10 sotix yer ajratadigan bо‘ldi.

- Rossiyada ishlab yurgan vaqtlarimda begona shaxslarning aldovlariga uchib shu yо‘lga adashib kirib qoldim, - deydi yakkabog‘lik Shaxboz Boytо‘rayev. – Bugungi uchrashuvda viloyat hokimi ishga joylashtirdi va uyimni ta’mirlab beradigan bо‘ldi. Jazo muddatini о‘tash davrida oqu qorani ajratdim, islom dinida yovuzlik, buzg‘unchilik, kishilar hayotiga xavf solish mutlaqo qoralanishini tushunib yetdim. Qilmishimdan qattiq pushaymonman. Gunohimni afv etgani uchun Prezidentimizga ming bor tashakkur, endi jinoyat kо‘chasiga qayrilib ham qaramayman.

Shuningdek, Qarshi shaharlik Jasur Jо‘rayev, Qarshi tumanilik Nurbek Nurmatov va Primov Sultonlar ham ularni ozodlikka chiqarib, xonadonlariga baxt va shodlik ato etgan Prezidentimizga tashakkurlar aytdilar, qaytib xato qilmaslikka va’da berdilar.

Ahror SODIQOV, Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari.

Foto: Murodjon Komilov.

06-09-2019 |
Foto galereya