Quturish qadim zamonlardan ma’lum bо‘lib, о‘tkir kechadigan yuqumli, о‘ta xavfli kasallik hisoblanadi. U yuqtirilganda inson nerv sistemasi og‘ir shikastlanib, oqibati hatto о‘limga ham  olib kelishi mumkin.

Tabiatda quturish virusining asosiy manbalari itlar va itsimonlar oilasiga kiruvchi bо‘ri, tulki, chiyabо‘rilardir. Lekin hamma issiqqonli jonivorlar, masalan, sigir, ot, qо‘y, echki, chо‘chqa, mushuk, kemiruvchilar ham odamga va boshqa hayvonlarga kasallikni yuqtirishlari mumkin.

Bu kasallik insonga quturgan hayvon tishlaganda, uning sо‘lagi terining tirnalgan, kesilgan joylariga, shuningdek, kо‘z, burun shilliq pardalariga tushganda, odam quturgan hayvonning terisini shilganda, uning miya va sо‘lagi bilan qо‘l ifloslanganda, sо‘lak tekkan jismlarga suykalganda yuqishi mumkin.

Bizning sharoitda quturish kasalligi viruslari kishilarga eng kо‘p quturgan itlar tishlashi oqibatida yuqishi kuzatiladi. Shu bois har birimiz bu borada juda ehtiyotkor bо‘lib, uy hayvonlari, ayniqsa, it saqlashda mavjud tartiblarga tо‘la amal qilishimiz zarur.

Ta’kidlash joizki, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalariga kо‘ra, it egalari atrofdagi odamlar va hayvonlarning xavfsizligini ta’minlaydigan zarur choralarni kо‘rishi shart. Kо‘cha va boshqa jamoat joylarida yetovsiz yurgan it, mushuklar hatto bо‘yinbog‘i, jetoni va tumshuqbog‘i bо‘lgan taqdirda ham, ularning zoti va vazifasidan qat’i nazar, tutib olinishi kerakligi  kо‘rsatib о‘tilgan.

Bundan tashqari, fuqarolar alohida uylarda itlarni bog‘lanmagan holda saqlashi, ularni ochiq va jamoat joylarida tumshuqbog‘siz hamda bir metrdan uzun yetovda sayr qildirishi, davlat veterinariya bо‘limlarida rо‘yxatdan о‘tmagan itlarni saqlashi taqiqlanadi. Bunday holatlar Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksning 110-moddasiga asosan javobgarlikka sabab bо‘ladi. Misol uchun, shu yilning 6 oyi davomida 53 fuqaro it saqlash qoidalarini buzgani uchun tegishli tartibda ma’muriy javobgarlikka tortildi.

SH.SHODIYEV, 

viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish

boshqarmasi boshlig‘i о‘rinbosari

N.QULMURODOV,

viloyat IIB PPX va JTSB karantin tadbirlarini

ta’minlash bо‘linmasi komandiri

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

28-07-2019 |
Foto galereya