Assalomu alaykum, azizlar!

Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar! Muhtaram faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda o‘z hayotini dunyodagi eng mashaqqatli va sharafli ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha ustozlarni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Aziz tadbir ishtirokchilari!

Hayotda oddiy bir haqiqat bor, biz qaysi sohada faoliyat olib bormaylik, qanday kasb egasi bo‘lishimizdan qatʼiy nazar bir buyuk zot qoshida hamisha qarzdorlik sezamiz. Mehnati oliy, qadri baland bu zotlar – o‘qituvchi va murabbiylar, ustozlarimizdir.

Erishilayotgan barcha yutuq va muvaffaqiyatlar uchun sizda bir umr minnatdormiz. Ibrat, ilm, bilim va odamiylik sabog‘i uchun ming rahmat, deymiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

O‘qituvchi, murabbiylarning mehnati haqida so‘z ketar ekan, quyoshga talpinib o‘sayotgan nihol, uning atrofida parvona bo‘layotgan bog‘bon ko‘z oldimizda gavdalanadi. Niholning ulkan daraxt bo‘lishi uchun bog‘bon suv qo‘yadi, mehr beradi, shoxlarini taraydi. Ustozlikning masʼuliyati, sharafi ham shu – umid va ishonch bilan boqib turgan jajji qalblarga ilm nurlarini baxsh etib, ularning hayot haqidagi maqsadlarni mustahkam bo‘lishi uchun xizmat qiladi.

 Mana shu tezkor davrda jamiyatda munosib o‘rin egallashi yo‘lida ilm beradi,  sirasini aytganda o‘zida borini ayamaydi.

Aziz ustozlar, qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!

Xech kimga sir emas, bir necha yillar oldin “O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami”ni paxta dalalarida, shiyponlarda o‘tkazganimiz haqiqat.

Muhtaram Prezidentimizning taʼlim sohasiga bergan alohida eʼtiborlari natijasida ustozlarimiz bilim berishdan boshqa barcha vazifalardan ozod etildi.

Bugun Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarash bilan yashab, sohalarni rivojlantirishning bosh omili taʼlimni isloh qilishda ekanini tobora anglamoqdamiz.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2023-yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilinishi bejiz emas. 

Taʼlim tizimida qilinayotgan ishlarning samarasi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Tizimdagi islohotlarning natijasi barkamol avlod yutuqlarida aks etayotganini his qilib turibmiz.

Tasavvur qiling, 2017-yilda viloyatimizda atigi 326 ta bog‘cha bor edi. Borlarining ham moddiy-texnika bazasi yaxshi emasdi.

Bugun ularning soni 10 martaga oshib, 3170 taga yetdi. Qamrov darajasi 13 foizdan 58 foizga yetdi.

Viloyatimizda bog‘cha kirib bormagan mahalla deyarli qolmadi.

Birgina joriy yilning hozirgi davriga qadar 400 ga yaqin davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarining ochilganini faxr bilan eʼtirof etish lozim.

So‘nggi yillarda olib borilayotgan saʼy-harakatlar tufayli viloyatimizda maktablarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda.

Xususan, joriy yilda 200 mlrd so‘m hisobidan 70 ga yaqin maktablarimiz zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.

Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 24-fevraldagi tashriflari davomida viloyatimizda yangi maktablar qurish, ularni jihozlash maqsadlariga qo‘shimcha 300 mlrd so‘m ajratildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda maktab taʼlimini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish umummilliy harakatga aylanib bormoqda. Xususan, viloyatimizdagi tadbirkor Nurbek Ergashev qariyib mlrd so‘m sarflab Nishon tumanida yangi zamonaviy maktab qurgani har qancha tahsinga sazovor.

Shuningdek, ko‘plab tadbirkorlarimiz o‘z mablag‘idan xususiy maktab, o‘quv markazlari tashkil etayotganini har qancha olqishlasak arziydi.

Fursatdan foydalanib, taʼlimga investitsiya kiritayotgan viloyatimizdagi barcha tadbirkorlarga, taʼlim fidoyilariga o‘zimning samimiy minnatdorchilimni bildirmoqchiman.

Zamon talablaridan kelib chiqqan holda farzandlarimizni tarbiyalash, ularga nafaqat ona tili, balki xorijiy tillarni ham mukammal o‘rgatish, bolalikdanoq o‘tkir zehnli, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi uchun zamin yaratishga eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada nafaqat mahalliy ustozlarimiz, balki xorijlik o‘qituvchilar ham o‘zlarinining munosib hissasini qo‘shmoqdalar.

Xususan, yoshlarimizning xorijiy til o‘rganishlarida o‘zlarining beminnat yordamini ayamayotgan Rossiyalik 12 nafar ustozlarga o‘zim, viloyat faollari nomidan tashakkurimizni bildirmoqchiman.

Aziz tadbir qatnashchilari!

Bizni mamnun etadigani -ustozlarimiz, bugun jamiyatda o‘qituvchi, murabbiylarning roli va mavqei ortib borayotganini chuqur his qilib, davr talabiga mos izlanishyapti.

Umumtaʼlim maktablarining 50 foiz o‘qituvchilari toifaga ega bo‘lishdi.

 4 997 nafar chet tili fani o‘qituvchilarining 1697 nafari, yaʼni 34% xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi.

200 nafarga yaqin o‘qituvchi bugun 1.000 dollardan ziyod maosh olmoqda.

Davlatimiz rahbari aytganlaridek, jamiyatda eng obro‘li inson – o‘qituvchi bo‘ladi, degan maqsad bugun ularning hayotida o‘z ifodasini topmoqda.

Albatta, o‘qituvchidan sen qachon baxtiyor bo‘lasan, deb so‘rasak, u baralla o‘quvchisi yutuqqa erishgan kunni aytadi. O‘qituvchining mehnatini o‘quvchi kamoloti namoyon qiladi.

Xalqaro ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon olimpiadasida 1 nafar o‘quvchi bronza medaliga, matematika fani bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro olimpiadalarda o‘quvchilarimiz 1 ta oltin va 2 ta bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.

Xorijiy til bo‘yicha 1 165 nafar maktab bitiruvchilari bitiruvchilar xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

Joriy yildagi 42 564 nafar bitiruvchilarning 35 foizi oliy taʼlimga qamrab olinganini alohida eʼtirof etish lozim (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 22%).

Yoshlarimizning hayotda munosaib o‘rin egallashlari uchun boshlagan ishlarimizni yanada jadallashtiramiz.

Xususan, o‘quvchilarning zamonaviy bilimlarni puxta o‘zlashtirishlari va bitiruvchilar bandligini taʼminlash bo‘yicha yangicha tizim yo‘lga qo‘yildi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab viloyatning har bir tuman (shahar)ida 1 tadan umumtaʼlim maktablarida 2 ta xorijiy til va 1 ta kasbni egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Yoshlarni xorijiy til va kasbga o‘qitish bo‘yicha Germaniyalik mutaxassis Karl Xayns maslahatchi sifatida jalb qilindi.

Yana bir muhim jihati, mahalliy byudjetdan 1 mlrd so‘m ajratgan holda “Xorijiy til bilan IT ga yo‘l” loyihasi yo‘lga qo‘yildi va 500 nafar yoshning 6 oy davomida o‘quv markazlarida ingliz tili va IT sohasi bo‘yicha o‘qish xarajatlari qoplab beriladi.

Bundan tashqari, mahalliy byudjetdan 5 mlrd so‘m mablag‘ ajratgan holda Kitob tumanida “IT iqtidor markazi” va Qarshi shahrida IT xizmatlar markazi tashkil etildi.

Albatta, najot taʼlimda, najot tarbiyada, najot bilimda! Ilm-maʼrifat jamiyat taraqqiyotining ko‘zi bo‘lsa, tarbiya uning shuuri, taʼlim esa yuragidir. 

Bugun biz barpo etayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustun - bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarining fidokorona mehnatlari bilan taraqqiyotning yuksak pog‘onasiga ko‘tarilamiz.

Bu borada oliy taʼlim taʼlim taʼlim muassasalarida olib borilayotgan ijobiy ishlarni ham eʼtirof etish lozim.

Dunyoning ilg‘or reytinglariga kirish uchun munosib hissa qo‘shayotgan universitet, institut professor-o‘qituvchilariga alohida tashakur aytmoqchiman.

Aziz bayram ishtirokchilari!

Joriy yilning 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining 78-sessiyada maʼruza qilgan Prezidentimiz bir qator dolzarb masalalarga eʼtibor qaratib, jumladan yoshlarimizni turli tahdidlardan asrash, ularning dunyoqarashini ezgu g‘oyalar bilan to‘yintirish haqida taʼkidladilar.  

Bugungi tezkor davr, atrofimizda ro‘y berayotgan murakkab voqealar, oldimizga yangidan yangi dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Yetuk malakali va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash yo‘lida o‘g‘il-qizlarimizni ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviyat, shuningdek zamonaviy taʼlim yutuqlari bilan qurollantirishimiz kerak. Buni biz tobora chuqur his qilmoqdamiz.

O‘z sohasining bilimdoni bo‘lgan olimlar, tajribali pedagoglar hamda xorijiy ekspertlarni keng jalb qilgan holda, ilm, fanning eng so‘nggi yutuqlarini joriy etishga yuksak ahamiyat qaratmoqdamiz. Eng qimmat va eng katta boyligimiz – farzandlarimizning taqdirini siz aziz o‘qituvchi va murabbiylarga ishonib topshirganmiz.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning taʼkidlaganlari kabi,  "Siz, aziz ustoz va murabbiylar bugun mana shunday o‘ta masʼuliyatli jabhada tom maʼnoda tarixiy missiyani ado etmoqdasiz. Chunki, Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, o‘zining qatʼiy hayotiy pozitsiyasiga ega, hech kimdan kam bo‘lmagan yoshlarni tarbiyalash – haqiqatan ham g‘oyat ezgu va ulug‘ vazifadir".

Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar! Aziz bayram ishtirokchilari!

 Barchangizni 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklayman. Ko‘rsatayotgan fidoyilik, ibrat namunalari uchun minnatdorchilik bildirgan holda, sizlarga sihat-salomatlik, xonadoningizga fayzu baraka tilayman.

Kasbingizdan baraka topib, elda eʼzozli bo‘ling.

30-09-2023 |
Foto galereya