Joriy yil 24 iyul kuni Qashqadaryo viloyati hokimligi majlislar zalida О‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzakov, viloyat hokimi  Zafar Ruziyev ishtirokida eksport prognozi ijrosi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish о‘tkazildi.

Yig‘ilishda eksport prognozi yuzasidan viloyatdagi kо‘rsatgichlar, amalga oshirilishi lozim bо‘lgan ishlar muhokama qilindi.

2019 yil yanvar-iyun oylarida Qashqadaryo viloyati umumiy tashqi savdo aylanmasi 403,5 mln. dollarni, shundan eksport – 185,6 mln. dollarni va import 217,9 mln. dollarni tashkil etdi. Qashqadaryo viloyati hududiy korxonalariga 2019 yil uchun 80,9 mln.dollar, shundan 14,7 mln. dollar sanoat mahsulotlari, 66,2 mln. dollar meva-sabzavot mahsulotlari bо‘yicha eksport prognozi belgilangan.

Yillik eksport prognozini 30 foizga ortig‘i bilan bajarish uchun 105,2 mln. dollarlik mahsulotlar eksportini amalga oshirish lozim bо‘ladi.

Yig‘ilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov quyidagi fikr – mulohazalarini bildirdi:

Birinchidan, 2019 yilda tuzilgan umumiy qiymati 120 mln. dollarga teng 39 ta shartnomalar ijrosini ta’minlash choralarini kо‘rishimiz zarur. Mazkur shartnomalar doirasida 42,8 mln. dollarlik mahsulotlar eksportga chiqarilib, 31,8 mln. dollar miqdorida valyuta tushumi ta’minlangan;

Ikkinchidan, g‘alladan bо‘shagan 38 ming gektar maydonlarga eksportbop takroriy ekinlarni tо‘liq ekib tugatish, sifatli qilib yetishtirish va saqlash choralarini kо‘rishimiz muhim ahamiyatga ega;

Uchinchidan, 2018-2019 yillarda ishga tushirilgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 16 ta loyihani tо‘liq eksportga jalb qilish choralarini kо‘rish va 15 mln. dollar miqdoridagi eksport hajmlariga erishish zarur;

Tо‘rtinchidan, hududda tashkil etilgan eksport shtabi faoliyatini yanada jonlantirgan holda eksportyor korxonalarning kunlik faoliyati davomida yuzaga keladigan muammoli masalalarni bartaraf etib borish, yuqori darajada hal bо‘ladigan masalalarni tegishli organlarga, shu jumladan respublika eksport shtabiga kо‘tarib chiqqan holda ijobiy bartaraf etish choralarini kо‘rish lozim.

 

                                              Viloyat hokimligi axborot xizmati

25-07-2019 |
Foto galereya