Viloyatimizda har yili O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi qabul qilingan sana munosabati bilan barcha hududlarda voha ahlining farovon turmush sharoitini oshirish, aholiga yanada qulayliklar yaratish va ular bandligini ta’minlash maqsadida, bayram shodiyonalariga mos ravishda to‘yga to‘yona deganlaridek ijtimoiy-iqtisodiy ob’yektlar yangidan barpo etilib, foydalanishga topshiriladi.
 
Xususan, birgina Qarshi shahrini misol qilib oladigan bo‘lsak bu yil ham mustaqilligimizning 31 yilligi oldidan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, ya’ni “Gʻafur Gʻulom”, “Mustaqillik” va “Eski anhor” mahalla fuqarolar yig‘ini binolari shular jumlasidandir.
 
Zamonaviy tarzda qurilgan va aholiga beminnat xizmat qiluvchi binolarning ochilish tadbirlarida viloyat hokimi Murotjon Azimov, sektor rahbarlari, faxriy nuroniylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. 
 
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Gʻafur Gʻulom” MFY shu vaqtga qadar o‘z binosiga ega bo‘lmagan. Shu boisdan, mahalla uchun yangi bino qurish loyihasi “Ochiq byudjet” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, unga 446 million so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, mahalliy byudjetdan ham qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirilgan. Xuddi shunday, “Eski anhor” mahallasi turli binolarda ijarada faoliyat ko‘rsatib kelgan. Bugun esa sobiq 3-oilaviy poliklinika binosi kapital rekonstruksiya qilinib, mutlaqo zamonaviy ko‘rinishga keltirildi va mahallaga berildi. Bu yerda kutubxona hamda xotin-qizlar tadbirkorlik markazi ham tashkil etildi. 
 
Yana shuni aytish lozimki, yuqorida foydalanishga topshirilgan binolarda mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori faoliyat olib borishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
 
Navbatdagi ochilish tadbirida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi va viloyat Tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi uchun yangi binolar foydalanishga topshirildi.
 
Shu kuni viloyat rahbari shahardagi “Roguzar” mahallasida tadbirkor Muhiddin Rizayev tashabbusi bilan tashkil etilgan, 90 o‘rinli zamonaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 20 nafar xotin-qizlarning doimiy bandligini ta’minlagan tikuvchilik sexi ochilish tadbirlarida ham ishtirok etdi.
 
Bundan tashqari, ushbu kunning so‘ngi manzilida viloyat rahbarlari shahardagi 3-son oilaviy poliklinikaning yangi binosini tantanali ravishda ochib berdi va bu yerda bemorlar hamda shifokorlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
 
Ma’lumot uchun, mazkur oilaviy poliklinikaning 1956-yilda qurilgan binosi ma’nan eskirib, aholi va tibbiyot xodimlariga qator noqulayliklar keltirgan. Hozirda uning o‘rniga 4 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobidan zamonaviy tipdagi 3 qavatli poliklinika binosi qurib bitkazildi. Natijada 36 nafar shifokor, 114 nafar o‘rta va 20 nafar kichik tibbiyot xodimlari bandligi ta’minlanib, muassasada aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
27-08-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея