Hududlardagi korxonalarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani va barqaror ishlashi uchun zarur imkoniyatlar yaratib berilayotgani ishlab chiqarish hajmining ortishiga xizmat qilmoqda. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi amaliy ko‘magi bilan yana bir yirik ishlab chiqarish korxonasiga asos solindi. Qarshida “S-Smart” brendi ostida turli o‘lchamdagi zamonaviy televizorlar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.
 
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan "ALP TEXNO SERVIS" xususiy korxonasi tomonidan Mustaqilligimizning 31 yilligi arafasida xalqimiz uchun munosib tuhfa tayyorlandi. Umumiy qiymati 1,5 mln.dollar bo‘lgan, yillik quvvati 60 ming donani tashkil etuvchi zamonaviy televizorlar ishlab chiqarish loyihasi bugun hududdagi 150 nafar yigit-qizlarni doimiy ish bilan ta’minladi. Endilikda loyiha doirasida 32 dyumdan 65 dyuymgacha bo‘lgan yangi avlod televizorlari ishlab chiqariladi. Mahsulotning aksariyat butlovchi qismlari shu yerning o‘zida mahalliylashtirilgan bo‘lib, bu aholiga sifatli va hamyonbop mahsulotlar yetkazib berishning muhim kafolati hisoblanadi.
 
Tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi Murotjon Azimov so‘zga chiqib, korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat respublikamizda balki, qo‘shni xorijiy davlatlarga Qozog‘iston, Ozarbayjonga “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostida eksport qilinayotgani, joriy yilning 7 oyi davomida 1,1 mln dollarlik mahsulotlar eksport amalga oshirilganini ta’kidladi.
 
Ma’lumot uchun, Qarshi shahrida «Biss electronics system» MCHJ tomonidan 2018-yilda televizor ishlab chiqarish loyihasi boshlangan edi. O‘tgan davr mobaynida korxonaning yillik quvvati 2-3 barobarga oshib, ishlab chiqarishni yanada kengaytirish zarurati yuzaga keldi. Shundan so‘ng, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi va Qashqadaryo viloyati hokimligining amaliy ko‘magi bilan korxonada ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida qo‘shimcha joy ajratildi. Bugun ushbu hududda qurilish ishlari jadallik bilan tugallanib, uning o‘rniga zamoanviy bino qad rostladi.
 
- Biz o‘z faoliyatimizni tadbirkor sifatida 2018-yilda boshlaganmiz. O‘shanda bor yo‘g‘i 20 kishi faoliyat yuritardi. Atigi 2 turdagi mahsulot ishlab chiqarilgan. Mana bugun Prezidentimiz tadbirkorlarga berayotgan e’tiborlari va “O‘zeltexsanoat” uyushmasining amaliy ko‘magi bilan yangi korxonamizga asos solindi. Ishlab chiqarish tarmog‘imiz kengaydi. Hatto mahsulotlarimiz bugun ichki bozordan tashqari, qo‘shni respublikalarga, Ozarbayjon, Turkiya kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Ishonamanki, yangi avlod televizorlarimiz ham xalqimiz ko‘nglidan yo‘l topadi, – deydi korxona rahbari Shuhrat Murotov.
 
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida aholining maishiy texnikalar bilan ta’minlangani uning turmush darajasining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri ekanligini alohida ta’kidlagan edilar. Ushbu topshiriqlarning hayotdagi ifodasi sifatida ish boshlagan yangi korxona bugun xalqaro talablarga mos, servis imkoniyatlariga ega, eng muhimi milliy brend ostida raqobatbardoshligi bilan xalqaro bozorlarga ham kirib boradi.
 
Korxonada yaratilgan yangi ish o‘rinlarining aksariyati kasb-hunar ta’limi muassasalarini bitirgan yigit-qizlardir. Mahsulotga hozirdanoq talab yuqori bo‘lmoqda. Korxona to‘la quvvat bilan ishlab, mahsulotning asosiy qismini eksportga yo‘naltiradi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish tarmog‘i ham kengaytiriladi. Kelgusida bu yerda nafaqat televizor, balki maishiy texnikalarning boshqa yo‘nalishlari ham qamrab olinadi.
 
Xorijning eng zamonaviy texnologik liniyalari bilan jihozlangan mazkur korxonada barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Bu import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli maishiy texnika vositalari bilan to‘ldirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
 
Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati
31-08-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея