Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar va aziz o‘quvchilar! Qadrli ota-onalar!
 
Barchangizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligi bayrami hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan samimiy muborakbod etaman.
 
Kuni kecha hurmatli Prezidentimiz mustaqillik bayrami munosabati bilan yo‘llagan bayram tabriklarida, mamlakat taraqqiyotining besh ustivor yo‘nalishi haqida ta’kidlab, eng birinchi va ustuvor yo‘nalish bu ta’lim, ta’lim, ta’lim ekanini aytdilar.
 
Yurtimizda qo‘lga kiritilayotgan yutuq va marralarning zamirida albatta, ta’lim tizimidagi islohotlar yetakchi kuch, asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Qaysi bir sohani olmaylik, uning rivojlanishida ta’lim tizimidagi yangilanishlar asos bo‘lmoqda.
 
Yildan yil muhtaram Prezidentimizning shaxsan tashabbuslari bilan, ta’lim, tarbiya ishlarini takomillashtirish, o‘qituvchilar mehnatini qadrlash, ularni jamiyatda eng hurmatli inson bo‘lishi uchun barcha zarur manbalarni yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratmoqdalar. O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur kuch va imkoniyatlar yaratilmoqda.
 
Dunyo miqyosida raqobat muhiti keskin bo‘lgan bir pallada o‘g‘il-qizlarimizning zamonaviy bilimlarni egallashi, o‘tkir va dadil fikrlari bilan jahon sahniga chiqishi - ona vatanimizning xalqaro maydondagi nufuziga ta’sir qiluvchi mezondir. Ulug‘ bobokalonimiz Yusuf Xos Hojibning quyidagi o‘gitlarini keltirib o‘tmoqchiman:
 
O‘quv qayda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘lur,
 
Bilim qayda bo‘lsa, buyuklik bo‘lur.
 
Ayni shu kunlarda barcha ta’lim maskanlarida faoliyatga, mehnatga baho berilmoqda. Qancha o‘quvchi oliy ta’limga qamrab olindi, o‘qituvchilarninn bergan saboqlarining samarasi haqida fikr yuritilmoqda. Ta’lim sifati va ko‘rsatkichlar baholanmoqda.
 
Ma’lumotlarga ko‘ra, 42 939 nafar o‘quvchi 11-sinfni tamomlagan va  shundan, 9905 nafari (23.1%) OTM ga o‘qishga kirdi, bu o‘tgan yildagiga nisbatan 5 foizga oshgan. O‘ylanmanki, bu salohiyatli viloyat - Qashqadaryo uchun maqtanarli emas, shuning uchun biz,  ustoz, murabbiylar bilan birgalikda, birlashib yanada yangi taklif, g‘oyalar bo‘yicha ishlashimiz kerak bo‘ladi.
 
Xabaringiz bor, kuni kecha Finlyandiyalik professor Petri Lunaskoprini o‘zimga maslahatchi qilib oldim. Davltimiz rahbarining bergan ko‘rsatma va tavsiyalari asosida mazkur loyiha amalga oshirilmoqda.  
 
Viloyatdagi mavjud umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish ishi barcha tadbirlarimizning avvali bo‘lmoqda.
 
Joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinflariga 73 472 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ularga Prezident sovg‘alari to‘liq yetkazib berildi. Yangi o‘quv yilida 532 nafar o‘qituvchi ishga qabul qilindi.
 
2022-yil Investitsiya dasturi 38 ta maktablarda umumiy qiymati 176.9 mlrd.so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi natijasida, 3 ta yangi maktab, 1 ta “Barkamol avlod” markazi, 2 ta maktabda sport zal qurildi. Binosi o‘ta ta’mirtalab va nochor holatiga kelib qolgan 15 ta maktabda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan 18 mlrd. 240 mln. so‘m ajratilib, maktablarining moddiy texnika bazasi mustahkamlanib bormoqda.
 
Qashqadaryolik tajribali mutaxassislar ishlab chiqqan va ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha 200 dan oshiq turli taklif va tashabbuslarni hisobga olgan holda 14-bob, 88-banddan iborat Viloyat dasturi hamda har bir tuman (shahar) kesimida yillik hududiy dasturlar tasdiqlandi.
 
Viloyat hokimining sovrini uchun viloyatda birinchi marotaba  Xalqaro tajribalar asosida onlayn platforma 9-10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida 9 ta fandan olimpiada tashkil etildi. 81 nafar o‘g‘il-qizlarimiz tantanali taqdirlandi.
 
Qarshi davlat universiteti va universitetning Shahrisabz pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari ishtirokida tuzilgan 2 ta “Mobil guruh” tomonidan ta’lim sifati yuqori bo‘lmagan 77 ta maktabga metodik yordam tashkil etilishi yo‘lga qo‘yildi.
 
Maxsus tayyorlangan 200 ta trener o‘qituvchi tomonidan 40 ta tayanch maktabda uch oy davomida 25376 ta toifasiz o‘qituvchilarni bilim va pedagogik mahoratiga qarab, individual tartibda malakasi oshirildi. TIMESS va PISA xalqaro tadqiqotida Qashqadaryo viloyati Respublikada o‘rtacha 70.2 % bilan 4-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
 
Joriy o‘quv yilida 655 nafar o‘quvchi muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Jumladan, 200 nafari Britaniya Menejment universiteti, 47 nafari Volga davlat texnologiya instituti talabasi bo‘lishga erishdi.
 
7 nafar o‘quvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib,  1 ta oltin va 4 ta bronza medallarni qo‘lga kiritishdi.
 
“Zo‘r!” (“klass!”) loyihasi doirasida Rossiya Maorif vazirligi bilan hamkorlikda 11 nafar rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi maktablarda dars berish uchun va 1 nafar metodist hududiy malaka oshirish markaziga fan o‘qituvchilariga va metodistlarga metodik yordam ko‘rsatish uchun jalb etildi. Mamlakatimizning AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan dastur doirasida 2 nafar xalqaro ingliz tili o‘qituvchisi (Kaisha Brezina va Kuel Karen) jalb etildi. Loyiha doirasida viloyat xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish markazida 600 nafar ingliz tili o‘qituvchilarining malakasi oshirildi.
 
Joriy yilda respublika, xalqaro Osiyo va Jahon chempionatlarida viloyatimiz yosh sportchilari ishtirok etib, natijaga ko‘ra 107 ta  oltin, 120 ta kumush, 150 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
 
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
 
Bugun yangi o‘quv yilida viloyatimizda mavjud bo‘lgan Prezident maktabi, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi qatorida yana 12 ta ixtisoslashtirilgan maktablar o‘z faoliyatini boshlaganini mamnuniyat bilan aytmoqchiman. Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida o‘qish istagida bo‘lgan talabgor-o‘quvchilardan jami 21 473 ta ariza kelib tushgan, shundan 4006 nafar o‘quvchi mazkur ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qishga qabul qilingan. Raqobat qanchalar kuchli bo‘lganligini yuqoridagi raqamlar ham ko‘rsatib turibdi.
 
Ta’limda sifatga erishishning bosh mezoni bu albatta, malakali pedagog kadrlarning bilimi, salohiyati, mahoratiga bog‘liq. Qashqadaryoda buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Hatto, yonimizda mehnat qilib, oddiy o‘qituvchilikdan qahramonlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan Muhabbat Sharopova kabi O‘zbekiston Qahramoni bo‘lgan ustozlar bilan xalqimiz haqli ravishda faxrlanadi.
 
Bu erishilgan yutuqlar, marralar zamirida millatning ertasi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizning hayotiga, taqdiriga daxldorlik hissi, shu aziz vatanni ulug‘lashdek maqsad borligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
 
Mana shunday qutlug‘ kunda ustoz, murabbiylarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular bergan saboq, mehr, bilim - yillar davomida biz uchun yo‘l boshlovchi nur bo‘lishini, ilm yo‘li bo‘lishini ta’kidlamoqchiman.
 
 Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning "Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi", —degan so‘zlari fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.
 
Aziz o‘qituvchilar, qadrli o‘quvchilar, ota-onalar!
 
Sizlarni yangi 2022-2023-o‘quv yili bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Doimo sog‘-omon bo‘ling, azizlar!
06-09-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея