Assalomu alaykum, aziz vohadoshlar!
 
Qadrli bayram ishtirokchilari!
 
Barchangizni eng ulug‘, eng aziz ayyom mamlakatimiz Mustaqilligining 31 yilligi bilan samimiy tabriklayman.
 
Jonajon Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasi asosida, xalqimizga xos ezgu qadriyatlar bilan ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.
 
Shubhasiz, mustaqillik xalqimiz uchun - ulug‘ ne’mat.
 
Hurmatli Prezidentimizning tashabbus va siyosiy irodalari hamda ona xalqimizning xohish istagi bilan biz o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini yaratishdek ezgu maqsadni qo‘yganmiz.
 
Bu yo‘nalishda 2022 yil -"Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili"da mahalla institutining nufuzini oshirish, uning kuchidan unumli foydalanish ishi yangi bir bosqichga ko‘tarildi. Bejizga mahallani xalq vijdoni, deya aytilmaydi.
 
Bugun mahallada yangicha bir qarash va yondashuv bilan ish yuritilayotganini xalqimiz his qilmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan 814 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislari saylovida, xalqimiz faollik bilan ishtirok etdi. 70 foiz raislarimiz yangidan saylandi. Demak yaxlit tizim yaratildi.
 
Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli birgalikda hududning rivojlanishi, obod bo‘lishi, aholi o‘rtasida mehr oqibatni mustahkam bo‘lishida tashabbuskorlik ko‘rsatadi.
 
Bu mehnatsevar xalqimizning ko‘nglidagidek ish bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi ijrochisi, targ‘ibotchisi bo‘lish – bu davr talabi.
 
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
 
Kuni kecha davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan muloqotida ta’kidlangani kabi, “ishlayman”, “o‘z salohiyatimni namoyon etaman”, degan hamyurtimiz uchun imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilib, imtiyoz va qulayliklar ko‘lami kengaytirilmoqda.
 
Qashqadaryoda 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan, umumiy qiymati 15 trln so‘m bo‘lgan 270 ta sanoat loyihasi dasturi shakllantirilgan.
 
Tadbirkorlikka yaratilgan qulay muhit evaziga joriy yilda 5 600 ta kichik biznes sub’yekti tashkil qilindi va yalpi hududiy mahsulotda kichik biznesning ulushi 70 foizga yetkazildi.
 
Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida 3,5 trln so‘mga teng qurilish ishlari amalga oshirildi.
 
Davlatimiz rahbarining alohida g‘amxo‘rliklari evaziga joriy yilda viloyatimizga qo‘shimcha yo‘naltiriladigan 1,5 trln so‘mdan ziyod mablag‘lar evaziga 2  ming 800  kilometr muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, 160 ta ijtimoiy soha ob’yektini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirildi.
 
Birgina, yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumani misolida aytadigan bo‘lsak, hududni rivojlantirish uchun 3 yil ichida 2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. 159 kilometr yo‘l ta’mirlanib, 50 kilometr ichimlik suvi, 80 kilometr elektr tarmoqlari, 44 ta bino-inshoot, 20 dan ortiq maktabgacha ta’lim maskani, 2 ta maktab, 18 ta mahalla binosi, kutubxona, sport inshootlari foydalanishga topshiriladi. 
 
Viloyatda joriy yil hosili uchun 140 ming gektar suvli maydonlarda 26 ta g‘allachilik klasteri va 6 600 ta fermer xo‘jaligi tomonidan hosil yetishtirilib, davlatga 370 ming tonnaga yaqin yoki o‘tgan yilga nisbatan 50 ming tonnadan ziyod boshoqli don topshirildi.
 
Iqlim ancha sinovli kelishiga qaramasdan, tajribali paxtakorlar, yer ilmining bilimdoni bo‘lgan soha vakillarining maslahatlariga tayanib paxtachilikda ham kunu tun mehnatlari evaziga yuqori hosil yetishtirish rejalashtirilgan.
 
Ijtimoiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ta’kidlasam, bugun viloyatimizda respublika darajasidagi 24 ta nufuzli klinikalar va ilmiy tadqiqot markazlarining filiallari ishlab turibdi.
 
Tibbiy muassasalarimizda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilishi natijasida poytaxtdagi va xorijiy klinikalarga bo‘lgan murojaatlar soni 80 foizga kamaydi.
 
Yurtimizda joriy etilgan yangi tizim – “ijtimoiy daftarlar” vositasida  himoyaga muhtoj aholi qatlami doimiy e’tiborga olingan.
 
Xususan, joriy yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni 55 926 nafariga ko‘maklashildi. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 2 545 nafariga 35 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi.
 
“O‘zbekiston – ma’rifatparvar davlat” tamoyilining ustuvor vazifasining ijrosini biz, albatta ta’lim tizimining rivojida ko‘ramiz. 2017 yilda viloyatda atigi 326 ta bog‘cha faoliyat yuritgan. Bugunga kelib bu raqam 8 barobarga ortdi.
 
Birgina bayram arafasida foydalanishga topshirilgan 110 dan ortiq Mustaqillik inshoatlarining 38 tasi bolalar bog‘chasini tashkil etadi.
 
Prezident maktabi, A.Oripov nomidagi ijod maktabi qatorida 12 ta ixtisoslashtirilgan maktablar joriy o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshladi.
 
Yoshlar masalasi, ularning ta’lim-tarbiyasi barcha ishlarimizning pirovard maqsadi, bosh mezonidir.
 
Davlatimiz rahbari ta’dkidlaganlaridek, “Yoshlar - kelajagimiz bunyodkorlaridir”.
 
O‘g‘il-qizlarimizning 2 787 ta yangi startap loyihalarini amalga oshirishlari uchun joriy yilda 76 mlrd 213 mln so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
 
Yurt sha’ni-shavkatini, davlat bayrog‘ini  yuksaklarga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan sportchilarimiz ulug‘ bayramga munosib to‘yona tayyorlashgan desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
 
Joriy yilda Respublika, xalqaro Osiyo va Jahon chempionat-larida viloyatimiz yosh sportchilari ishtirok etib, 107 ta oltin, 120 ta kumush, 150 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
 
Qamashilik sportchi qizimiz Tursunoy Jabborovaning Islom birdamlik o‘yinlarida mutlaq g‘alaba qozonishi, bir emas bir necha bor jahon chempioni bo‘lishi biz uchun yuksak faxr, iftixor!
 
Davlatimiz bayrog‘ini yuqori arenalarda baland ko‘tarayotgan sportchi yoshlarimizni ulkan yutuqlar bilan tabriklab, ularning ota-onasi, ustoz murabbiylariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
 
Respublikamiz miqyosida olib borilayotgan yangilanish, yuksalish hamda bunyodkorlik ishlarida Qashqadaryoliklarning ham munosib o‘rni borligi barchamizga g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi.
 
Davlatimiz rahbarining joriy yil aprel oyida viloyatga tashriflari chog‘ida faollar bilan suhbatda: “Qashqadaryoning yeri boy, tuprog‘i unumdor, odamlari mehnatkash. Faqat ularni birlashtirib, yelkadosh bo‘lib, halol ishlash kerak. Odamlar befarq bo‘lmasa, Qashqadaryoning qadamlari tezlashadi”, deya oldimizga yangidan yangi vazifalarni qo‘ygan edilar.
 
Albatta, marrani baland olish, ko‘zlangan rejalarni fidoyilik bilan amalga oshirishda hamjihat va hamfikr bo‘lish, matonat va jasorat bilan tanlagan yo‘limizdan og‘ishmay mehnat qilish vatanparvarlikning oliy namunasidir.
 
Kelgusida biz Qashqadaryodagi mavjud imkoniyat va salohiyatdan foydalangan holda,
 
 - tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy sohalarning rivojlanishini ta’minlash;
 - yoshlar ta’lim-tarbiyasiga muhim ahamiyat qaratib, oila, mahalla va ta’lim maskanlari hamkorligini kuchaytirish;
 - IT texnologiyalarni joriy etgan holda bugungi davr talabidagi kasb, hunarlarga mos mutaxassislar tayyorlash;
 - aholining, ayniqsa yoshlarning shu vatanga, shu xalqqa jonkuyar va daxldorlik hissi bilan yashashi, mehnat qilishi yo‘lida kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
 
Barchangizni ana shu ezgu yo‘lda  birlashib, yurtimiz rivoji uchun mas’uliyat bilan yashashga, mehnat qilishga da’vat etaman.
 
Jonajon Vatanimizning buguni, ertasi, yoshlarimizning hayotga munosib kirib kelishi siz va bizning bugungi ishtiyoqimiz, xalqparvarligimiz hamda millatsevarligimizning natijasi ekanini yuksak hurmat bilan ta’kidlayman.
 
Aziz vohadoshlar!
 
Dunyo miqyosida ro‘y berayotgan voqea va hodisalar barchamizdan atrofga teran ko‘z bilan boqib, tinch va osoyishta kunlarimizni qadrlashga, shu yurt, shu Vatan uchun bir tanu bir jon bo‘lib mehnat qilishga chorlaydi.
 
Jamiyat rivojida o‘zining hayot tajribasi, yo‘l yo‘riq va nasihatlari bilan bizga ibrat va o‘rnak ko‘rsatayotgan nuroniylarimizning bugungi osoyishta kunlarga shukronalik keltirib qilayotgan duolari ijobat bo‘lsin.
 
Mamlakat taraqqiyoti uchun o‘z mehnati, bilim va malakasini sarflab mehnat qilayotgan olimu ziyolilar, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlariga, tadbirkorlarimizga, bank, soliq va barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga samimiy ehtirom bildiramiz.
 
Albatta, ishonch va g‘urur bilan aytamanki, biz ulug‘ xalqning farzandlarimiz. Shu tabarruk va jonajon Vatanimizga mehr va sadoqatimizni bildirib, bilim va tajribamizni, iqtidor va aqlu zakovatimizni sarf etgan holda, Davlatimiz rahbari atrofida birlashamiz, ko‘zlangan ezgu maqsadlarga erishamiz.
 
Aziz bayram ishtirokchilari!
 
Yurtimiz ahlini, shijoatli va ilmli yoshlarimizni, munis onalarimiz, dilbar qizlarimizni  eng ulug‘, eng aziz bayram Mustaqilligimizning 31 yilligi bilan samimiy tabriklayman.
 
Tinch va osoyishta Vatanimizga ko‘z tegmasin!
 
Bayramingiz muborak bo‘lsin! E’tiboringiz uchun rahmat!
29-08-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея