Assalomu alaykum, aziz ustozlar, qadrli o‘qituvchi va murabbiylar! Muhtaram faxriylar!

Butun umrini taʼlim-tarbiya sohasiga bag‘ishlagan, jonkuyarlik, fidoyilik namunasi bilan mehnat qilib kelayotgan siz azizlarni, barcha taʼlim-tarbiya xodimlarini umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklayman.

Fursatda foydalanib dilimdagi eng ezgu tilaklarni bildiraman. Biz qaysi soha, qaysi jabhada faoliyat olib bormaylik, qanday kasb egasi bo‘lishimizdan qatʼiy nazar albatta, bir buyuk zot oldida hamisha qarzdorlik sezamiz. Ulkan xazina – aql va zakovat, ilm va ibrat, yaxshi tarbiyani ayamasdan beradigan insonlar bu albatta, o‘qituvchi, murabbiylar, ustozlar ekanini chin dildan his etamiz. Hayot yo‘llarida erishgan yutuq va marralarimiz uchun  hamisha taʼzimdamiz.

Bugun sizning shaʼningizga aytilayotgan eng go‘zal tilaklarni, taʼzim va tashakkurlarni cheksiz hurmat va ehtirom ramzi sifatida qabul qilgaysiz.

Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz bayram munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo‘lladilar, unda jumladan shunday deyiladi: muallimning obro‘-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-eʼtiboridir. Shu bois, biz keyingi yillarda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va taʼsirini kuchaytirish, taʼlim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha ulkan islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Aziz ustozlar, qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!

Bugun Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarash bilan yashab, mamlakatimizda barcha sohalarni birdek rivojlantirish, inson qadrini ulug‘lash ishiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratish, ilg‘or fikrlar, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va hayotga joriy etish yurtimiz taraqqiyotining asosini, Yangi O‘zbekiston strategiyasining o‘zagini tashkil etmoqda.

Albatta, taʼlim sohasining ravnaqi, istiqboli haqida gap ketar ekan, asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimining jamiyatimizdagi o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. 2017-yilda viloyatda barmoq bilan sanaladigan darajada, yaʼni 326 ta bog‘cha faoliyat yuritgan. Bugunga kelib ushbu raqam 2 885 tani tashkil etmoqda. 2022-yilda yangidan 49 ta  maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini boshladi. Viloyat mahalliy byudjetidan 5 mlrd 568 mln so‘m mablag‘lar ajratilib, 23 ta bo‘sh turgan hamda 42 ta guruh to‘liq jihozlandi.

Endigi asosiy vazifa mazkur taʼlim tashkilotlarida bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda farzandlarimizni tarbiyalash, ularga nafaqat ona tili, balki xorijiy tillarni ham mukammal o‘rgatish, bolalikdanoq o‘tkir zehnli, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi uchun zamin yaratishdan iborat.

Maktab taʼlimi haqida so‘z ketar ekan, Abdurauf Fitratning “Hayot yo‘lida birinchi masala – maktab masalasidir” degan hikmatini eslash joiz.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2021-2022-o‘quv yilida viloyatimiz umumtaʼlim maktablarini 42 939 nafar o‘quvchi bitirdi va shundan 9 905 nafari, yaʼni  23.1 foizi talaba bo‘lish baxtiga sazovor bo‘ldi.

Eng ko‘p abituriyent talabalikka tavsiya etilgan hududlar kesimida Qashqadaryo viloyatining  yetakchilar qatorida ekani, o‘ylanmanki, sizning mehnatingizga berilgan munosib baho, eʼtirofdir. Shogirdlarining kamoli, yutuqlaridan hammadan ham ko‘p va xo‘p sevinadigan siz kabi qalbidaryo insonlarning mehnati, sabri toqati va qanoati evaziga farzandlarimiz ana shunday yuksak marralarni zabt etishmoqda.

Joriy o‘quv yilida shaxsan muhtaram yurtboshimizning tavsiya va ko‘rsatmalari asosida Finlyandiyalik professor Petri Lunaskoprini o‘zimga maslahatchi qilib oldim. Finlyandiya tajribasidan kelib chiqqan holda bugun viloyatda  10 dan ortiq loyiha ishlab chiqilyapti. Asosiy eʼtibor taʼlimda sifat va samaradorlikka erishish, o‘quvchilarning bilim olishi uchun qulay va samarali metodlarni ishlab chiqish hamda o‘qituvchilarning o‘zaro mahoratini oshirishga qaratilgan.

Yangi o‘quv yilida 532 nafar o‘qituvchi ishga qabul qilindi. Aksariyat yosh o‘qituvchilar bilan men o‘zim ham suhbatlashdim va ularning yangi kuch, bilim va ishtiyoq bilan sohaga kirib kelayotganini ko‘rib mamnun bo‘ldim. Ulardan yangi loyihalarni kutamiz.

2022-yil Investitsiya dasturi doirasida 38 ta maktabda  umumiy qiymati 176.9 mlrd.so‘mlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. 3 ta yangi maktab, 1 ta “Barkamol avlod” markazi, 2 ta maktabda sport zal qurildi.  Binosi o‘ta taʼmirtalab va nochor holatiga kelib qolgan 15 ta maktabda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan 18 mlrd. 240 mln. so‘m ajratilib, maktablarining moddiy texnika bazasi mustahkamlanib bormoqda.

Umumtaʼlim maktablarida jismonan va maʼnaviy eskirgan o‘quv mebellarni yangilash maqsadida ajratilgan 50 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan 690 ta maktabning 4 645 ta sinfxonalariga viloyatdagi 14 ta mebel yetkazib beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan jihozlar maktablarga yetkazib berildi. Prezident maktabi, A.Oripov nomidagi ijod maktabi qatorida 12 ta ixtisoslashtirilgan maktabi ham faoliyatini boshladi.

Yakuniga yetgan o‘quv yilida viloyat hokimi sovrini uchun onlayn platformada 9 ta fandan olimpiada tashkil etildi. Mazkur olimpiada yakuni bo‘yicha 81 nafar o‘quvchi va ularning ustozlari ham taqdirlandi. Bu kabi ishlarni davom ettirgan holda, endi tuman (shahar) hokimlarining ham olimpiadasi tashkillashtiriladi. Albatta, sohada rag‘bat tizimining joriy etilishi nafaqat o‘quvchining, balki unga taʼlim, tarbiya bergan o‘qituvchining ham mehnatiga munosib baho bo‘ladi.

Yana muhim masala, taʼlim jarayonida seleksiya ishlarining olib borilayotgani bilan bog‘liq. Bugun oliy taʼlim muassasalar va maktablar o‘rtasida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, Qarshi davlat universiteti va Shahrisabz pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari ishtirokida tuzilgan 2 ta “Mobil guruh” tomonidan taʼlim sifati yuqori bo‘lmagan 77 ta maktabga metodik yordam ko‘rsatildi. Maxsus tayyorlangan 200 ta trener o‘qituvchi tomonidan 40 ta tayanch maktabda uch oy davomida  25 376 nafar o‘qituvchining bilim va pedagogik mahoratiga qarab, individual tartibda malakasi oshirildi. TIMESS va PISA xalqaro tadqiqotida Qashqadaryo viloyati Respublikada o‘rtacha 70.2 foiz bilan 4-o‘rinni egalladi.

Joriy o‘quv yilida 655 nafar o‘quvchi muddatidan oldin xorij oliy o‘quv yurtlarining talabasi bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Jumladan, 200 nafari Britaniya Menejment universiteti, 47 nafari Volga davlat texnologiya instituti talabasi bo‘ldi.

Viloyatda 6 ta (2 tasi filial) oliy taʼlim muassasasida joriy o‘quv yilida kunduzgi taʼlimda 29 290 nafar  talaba tahsil olmoqda. Oliy taʼlimda sifat va samaradorlikni oshirish, talabalarni bandligini taʼminlash va yana bir muhim masala ularni yotoqxona bilan qamrab olish ishi doimiy eʼtiborimizda bo‘lib kelmoqda.

Qarshi davlat universitetining o‘z mablag‘lari hisobidan loyiha qiymati 18,2 mlrd so‘m bo‘lgan, 600 o‘rinli barcha qulayliklarga ega, zamonaviy talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti davlat xususiy sheriklik asosida Qarshi shahridagi Geolog mehmonxonasi talabalar turar joyiga aylantirildi.

Viloyatdagi barcha oliy taʼlim muassasasalarida davlat xususiy sheriklik asosida talabalar yotoqxonalari qurish ishlari amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan aytib o‘tmoqchiman.

Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda 3 ta nodavlat oliy taʼlim muassasalari (Qarshi xalqaro universiteti, Xalqaro innovatsion universiteti va Iqtisodiyot va pedagogika universiteti) o‘z faoliyatini boshladi. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar qatorida bugun nodavlat oliygohlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilayotgani sohada raqobat muhitini ham shakllantiradi.

Bugungi shiddatli davr, atrofimizda ro‘y berayotgan murakkab voqealar oldimizga nihoyatda dolzarb vazifalarni qo‘yadi. Dunyo miqyosida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, xalqimizni, avvalambor, yoshlarimizni ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviyat, taraqqiyot yutuqlari bilan qurollantirishimiz kerakligini takror va takror his etmoqdamiz. Olimlar, tajribali pedagoglar va xorijiy ekspertlarni keng jalb qilgan holda, ilm, fanning eng so‘nggi yutuqlarini joriy etish zaruratga aylanmoqda.

Bu kabi ulug‘vor ishlarning rivojini, maʼno mohiyatini va millatimizning ertasini biz albatta, siz aziz ustoz, murabbiy va o‘qituvchilarning mehnatida ko‘ramiz.

Yonimizda mehnat qilib, oddiy o‘qituvchilikdan qahramonlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan Muhabbat Sharopova kabi O‘zbekiston Qahramoni bo‘lgan soha fidoyilari bilan xalqimiz haqli ravishda faxrlanadi. Bugun Qahramon o‘qituvchimizning izlaridan borib, sohada samarali mehnat qilayotgan xodimlar davlatimizning yuksak orden, medallari bilan taqdirlanmoqda. Kuni kecha ularning soni yana besh nafarga ortdi. Mamlakatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan o‘qituvchi, murabbiylarni viloyatimiz ahli nomidan tabriklab, o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.  

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev taʼkidlaganlari kabi, "Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi".

Hurmatli o‘qituvchi va murabbiylar! Aziz bayram ishtirokchilari!

Bugun biz barpo etayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni - bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilari ekanini teran his qilamiz.

Elimiz sizga ishonadi va siz bergan saboq, ilm va bilim bilan mamlakatimiz taraqqiyotning yuksak pog‘onasiga ko‘tariladi.

Barchangizni qutlug‘ bayram, O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor muborakbod etib, siz aziz fidoyilarga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ezgu faoliyatingizda kasbiy yutuqlar, xonadoningizga fayz-u baraka tilayman.

Elda eʼzoz topib, doimo mehnatingiz rohatini ko‘rib yuringlar!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

30-09-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея