O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-martdagi 121-F-son Farmoyishi asosida aholi o‘rtasida kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlaridan keng foydalanishni jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda “Quyoshli mahalla” maxsus tanlovini o‘tkazmoqda.

Mazkur tanlov quyosh panellarini o‘rnatish va undan foydalanishni jadallashtirish hamda ushbu ishlarni rag‘batlantirish, munosib taqdirlash va bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, jamoatchilik orasida energiya resurslarni tejash, quyosh panellarini uy xo‘jaliklari budjetini oqilona yuritish uchun energiyadan samarali foydalanishning muhim tarkibiy qismlaridan biri sifatida talqin qilish, aholining e’tiborini qayta tiklanuvchi energiya manbalariga qaratish hamda energiya resurslariga nisbatan tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida uyushtirilmoqda.

Tanlov nominatsiyalar bo‘yicha 2023-yil 1-iyundan 1-sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla fuqarolari yig‘inlari miqyosida o‘tkaziladi hamda 14 ta hududning har biri bo‘yicha tanlovda qatnashuvchi nomzodlar o‘rtasida g‘oliblar aniqlanib, mukofotlanadi. 

Tanlovda ishtirok etish uchun mahalla fuqarolar yig‘inidagi aholi xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellarining jami quvvati 150 kVtdan kam bo‘lmasligi va mahalla fuqarolari yig‘inlaridagi xonadonlarga quyosh panellari tanlov e’lon qilingan kundan boshlab, tuman(shahar) hokimligiga taqdim etish kuniga qadar davrda o‘rnatilgan bo‘lishi shart. 

Tanlovda ishtirok etish ixtiyoriydir. 

G‘oliblar quyidagi mezonga ko‘ra aniqlanadi: 

bosh sovrin – quvvati 300 kVtdan;

1-o‘rin – quvvati 250 kVtdan;

2-o‘rin – quvvati 200 kVtdan;

3-o‘rin – quvvati 150 kVtdan kam bo‘lmagan quyosh panellarini birinchilardan bo‘lib o‘rnatgan hamda hududiy elektr tarmog‘iga ulanib ishlab turgan mahalla (qishloq, ovul) fuqarolari yig‘inlari orasidan.

Tanlov g‘oliblariga quyidagi mukofotlar topshiriladi: 

respublika bo‘yicha bosh sovrin – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 1 200 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi elektromobil;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharlarning har birida:

birinchi o‘rin uchun – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 400 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 10 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish;

ikkinchi o‘rin uchun – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 5 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish;

uchinchi o‘rin uchun – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 3 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish.

Tanlov g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlanadilar.

Batafsil ma’lumotni Energetika vazirligining https://minenergy.uz hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining http://www.mehnat.uz saytlari orqali olishingiz mumkin.

Quyida “Quyoshli mahalla” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom, tanlovni o‘tkazish sxemasi, quyosh fotoelektr tizimlari o‘rnatilganligi va foydalanishga topshirilganligi to‘g‘risida dalolatnoma bilan tanishing: https://minenergy.uz/uz/news/view/2864

Foto galereya