Ayol kishi rо‘zg‘ordan bо‘sh vaqtida daromadli faoliyat bilan band bо‘lgani yaxshi, albatta. Shu orqali oila byudjetiga ham qо‘shimcha foyda keladi. Ahamiyatlisi, bugun biror tayinli joyda ishlab, turmushi farovonligiga hissa qо‘shish istagidagi xotin-qizlar kо‘p. Bekor о‘tirishni о‘ziga ep bilmaydi, qо‘lga tegadigani yaxshi bо‘lsa, mehnat qilmayman, deydigani yо‘q. Ularni ana shunday yumush bilan mashg‘ul qilish esa dolzarb masala. Bunga davlat rahbari ham alohida e’tibor qaratayapti. Prezident ilgari surgan 5 muhim tashabbusdan biri ham shu muammoni samarali hal etishni kо‘zda tutadi.

Xо‘sh, xotin-qizlarni qanday qilib doimiy daromad manbai bilan ta’minlash mumkin? Avvalo, ayollarga mos keladigan muqim ish о‘rinlari yaratish orqali. Bunda shubhasiz tadbirkorlik faoliyatining imkoniyati keng. Tegishli tashabbus doirasida birinchi galda joylarda ixcham quvvatlar - tikuv-trikotaj korxonalarini kо‘paytirish asosiy vazifa qilib olingani ham bejiz emas. Sal qunt qilsa, tikuvchilik - hamma xotin-qiz uddalaydigan ish. Qolaversa, ushbu yо‘nalish bizning sharoitimizda har tomonlama о‘zini oqlaydi. Xomashyo esa yetarlicha. 

Xususiy sektorning ayollar bandligini oshirish borasidagi salohiyatiga G‘uzor tumani misolida baho bersak. Tо‘g‘ri, sо‘nggi vaqtda hududda xotin-qizlarni ishchi kuchi sifatida jalb etish mumkin bо‘lgan quvvatlar soni ortmoqda. Bunda yengil sanoat tarmog‘ining о‘rni salmoqli. Biroq hozirda tumanda yirik tekstil korxonalari yо‘q hisobi. Aksincha, kichik-kichik tikuvchilik sexlari esa talaygina. Ular iste’mol bozori talabini baholi qudrat qoplay olayapti. Yaqinda ish boshlagan "Valna brand" mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida ham shunday quvvat tashkil etilgan.

- Ayni paytda seximizda 8 nafar chevar xotin-qizni ishlatayapmiz, - deydi korxona rahbari Muyassar Shodiyeva. - Ular atrofdagi yaqin mahallalardan kelib mehnat qilishadi. Tez orada yana 10 dona tikuv dastgohi olib kelamiz. Natijada qо‘shimcha shuncha yangi ish о‘rni yaratiladi. Mahsulotimiz xaridorgirligi oshayotgani bizga qо‘l kelayapti, albatta. Kо‘proq bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqarishga e’tibor qaratganmiz. Jinsi matosidan kichkintoylar uchun yubka, shortik, shim kabilarni tayyorlayapmiz. Mahsulot mahalliy bozordan ortmaydi. Endi qamrovni kengroq olmoqchimiz. Yaqin orada erkaklar kо‘ylagi va yaktagi, ayollar xalatini tikishni yо‘lga qо‘yamiz.

Ma’lum bо‘ladiki, ishbilarmon ayol о‘z biznesidan, xotin-qizlar esa shu ish bilan shug‘ullanayotganidan moddiy manfaatdorlik sezayapti. Hunar egallagani foydaga xizmat qilayapti.

Darhaqiqat, biror hunarni kasb qilgan kishi xor bо‘lmaydi. Qaytanga tadbirkorga aylana oladi. Faqat nima ishlab chiqarish va uni qanday sotishni bilsa bо‘lgani. Buning ustiga bugun yurtimizda hunarmandlarga keng imtiyozlar taqdim etilgan. Ayni omil oxirgi paytda sohada jiddiy о‘sish kо‘zga tashlanishiga turtki berdi, desak xato bо‘lmas. Tumanning Navrо‘z mahallasida yashovchi Inobat Rahimqulova ham asli hunarmandlardan, salkam 40 yillik tajribaga ega. Hunari - tikuvchilik va kashtachilik sir-asrorini qanchadan-qancha yoshlarga о‘rgatgan. Hozirda kelini va qizini yoniga olgan, uyida mо‘jazgina sex ochgan, oilaviy tadbirkorlik bilan mashg‘ul.

- Chevarlikdan xabari bor ayolga doim ish topiladi, - deydi u. - Davlat rо‘yxatidan о‘tib, faoliyat yuritayotganimizga ham 10 yil bо‘ladi. Har birimizga bittadan tikuv mashinasi bor. Chopon, yaktak, kelinlar paranjisi singari  milliy liboslarni tikamiz. Qadimiy urf-odatlarimiz barhayot ekan, bu mahsulotlarga talab о‘lmaydi. Bozordan joy olganmiz, tayyor mahsulotlarni о‘sha yerda sotamiz. Mahallamizdagi tikuvchilikka uquvi bor xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish va buyurtma bilan ta’minlaganmiz. Hammasiga tikuv mashinasi berganmiz, uyida turib tikuv qilishadi. Xomashyosini ham yetkazib beramiz. Ish hajmiga qarab daromad topishadi. Bunday ishlash о‘zimizga ham ma’qul.

Hunarmandning aytishicha, buyurtma kо‘pligidan mahsulotni yetkazishga ulgurish qiyin bо‘layapti. Shu bois boshqa joydan qо‘shimcha sex qurish, dastgohlar sotib olib, ishlab chiqarish salmog‘ini oshirish mо‘ljallangan. Buning uchun tijorat bankidan moliyaviy kо‘mak olishmoqchi.

Ta’kidlash о‘rinli, xotin-qizlarning uydan chiqmay ham daromad kо‘rishiga imkoniyat bor. Tomorqadan unumli foydalanish ham kifoY. Mablag‘ muammo bо‘lsa, tijorat bankiga imtiyozli kredit olishni sо‘rab murojaat qilishingiz mumkin.

- Tomorqa maydonimiz 10 sotixga yetadi, - deydi g‘uzorlik Zulxumor Jabborova. - Bultur shuning 6 sotixida issiqxona barpo qildik. Albatta, buncha sarf-xarajatga о‘z kuchimiz yetmasdi. Biznes-rejamizni bankka berdik va "Har bir oila - tadbirkor" dasturi doirasida 27 million sо‘m imtiyozli kredit oldik. 30 million sо‘mdan oshiq sarmoyani о‘z yonimizdan qо‘shdik. Natijada tomorqani chin ma’noda daromad manbaiga aylantira oldik. Turmush о‘rtog‘im, о‘g‘lim, qizim bilan birgalikda issiqxonada mahsulot parvarishi bilan bandmiz. Yanvar oyida 4 sotixga 1000 tupdan ziyod pomidor kо‘chati ekkandik. 10 kundirki, pishib yetilgan hosilni bozorga chiqarayapmiz. 1 tonnadan kо‘p mahsulot sotdik. 2 sotix joyda esa limon parvarishlayapmiz. 2-3 yilda uning ham foydasini bila boshlaymiz.

Shularni hisobga olib, bor e’tiborini tomorqa xо‘jaligini rivojlantirishga qaratayotgan oilalar kо‘p. Nafaqat dehqonchilik, balki parrandachilik, chorvachilik, quyonchilik kabi sohalar ham serdaromad yо‘nalish sifatida tanlanayapti. Bu faoliyat bilan xotin-qizlar ham bemalol shug‘ullanishi mumkin, shunday qilinsa, rо‘zg‘ordan uzilib qolaman, degan xavotir ham bо‘lmaydi.

Sir emas, turizm eng kо‘p ish о‘rni yaratish imkoniga ega tarmoqdir. Sohaning jadal ravnaq topishidan esa xotin-qizlar ham bebahra qolmaydi. Sayyohlik salohiyati yuqori sanalgan hududlarda mehnat bilan band bо‘lganlarning asosiy qismini ayollar tashkil etishi ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Tumandagi "Sunbula luxe tourizm" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilafrо‘z Muhammadiyeva rо‘yobga chiqarayotgan loyiha ham nozik jins vakillari ishtirokisiz olg‘a siljimaydi. Sababini tadbirkorning о‘zidan eshitsak.

- Turizm jabhasida endi-endi о‘sib kelayotgan subyektmiz, - deydi ishbilarmon. - Boshida biroz qiynaldik ham. Negaki, G‘uzorning sayyohlik imkoniyatlari past baholanadi. Shuni inobatga olib, hududga turistlarni olib kelish emas, balki ularni mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga safar qildirishga urg‘u berdik. Asosan mahalliy sayyohlar bilan ishlaymiz. Bundan tashqari, turizm mahsulotlari ishlab chiqarish rejamizda bor. Shu paytgacha bо‘sh turgan tibbiyot muassasasi binosini "nol" xarid qiymatida oldik. 300 million sо‘m investitsiya kiritish majburiyatini qabul qilganmiz. Kashtachilik sexini yо‘lga qо‘yamiz. Hozirgacha 60 million sо‘mdan ortiq mablag‘ sarflab, 15 dan ziyod tikuv mashinasi olib keldik. Turli bejirim suvenirlar asosiy mahsulotimiz bо‘ladi. Ularni xorijlik sayyohlarga realizatsiya qilishni mо‘ljallayapmiz. Bu borada bozorni о‘rganib, tajriba ham  orttirdik. Buning samarasida 30 nafarga yaqin xotin-qiz bandligiga erishamiz.

Xulosa о‘rnida aytganda, bugungi kunda xotin-qizlarni ishli qilish uchun kо‘plab imkoniyat mavjud. Ular faoliyat yuritishi mumkin bо‘lgan sohalar ham kam emas. Faqat bu boradagi salohiyat va resurslardan oqilona foydalansakkina, kutilgan natijaga erishiladi. Ayollar bandligi yuqori bо‘lishi esa oilalarda turmush sifati oshishiga ham ta’sir etishini unutmaslik kerak. Davlat rahbari taklif etgan tashabbusdan ham kо‘zlangan maqsad shu aslida.

Mirzohid JО‘RAYEV

Sobir Narziyev olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

28-05-2019 |
Фото галерея