Ikkinchi jahon urushida halok bо‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytib, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda о‘zligini yо‘qotmagan, iymoni butun insonlarga hurmat-ehtirom kо‘rsatish umummilliy qadriyatga aylangani Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar bog‘i"da bо‘lib о‘tgan "Uch avlod uchrashuvi" tadbirida ham о‘z ifodasini topdi.

Unda viloyatning turli hududlarida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, frontorti mehnat faxriylari, harbiylar hamda kelgusida harbiy sohani egallashga ahd qilgan yoshlar, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda urush qatnashchilari yoshlarga boshidan kechirganlari, urush davri qiyinchiliklari haqida sо‘zlab berishdi. Ularni yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, Vatanimizni kо‘z qorachig‘idek asrash, vijdonli va mard bо‘lish, ta’lim-tarbiya olish uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishga da’vat etdilar.

Tarixdan bilamizki, eng qirg‘inbarot urushda mamlakatimizdan 1,5 million kishi qatnashib, 500 mingga yaqini halok bо‘lgan, yana qanchasi bedarak ketib, qanchasi mayib-majruh bо‘lib qaytgan. Birgina viloyatimizdan 47 mingdan ortiq fuqaro, jumladan, 96 nafar xotin-qiz janggohlarda bо‘lib, ularning yarmidan kо‘pi ortga qaytmagan.  Ayni paytda viloyatda 66 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hayot. Bugungi avlodlar qahramonlarning nomi, jasorati va matonatini hech qachon unutmaydi. Xususan, davlat rahbarining tegishli farmon va qarorlari asosida har yili Ikkinchi jahon urushida halok bо‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib, Vatan obrо‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qо‘shayotgan faxriylarni e’zozlash, ularni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish bо‘yicha kо‘plab tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

- Urushni kо‘rmagansizlar, kо‘rmanglar ham, lekin tinchlikning qadriga yetinglar, - deydi Qarshi tumanidagi Parg‘uza qishlog‘ida yashovchi Ochil bobo Toshev. - Bu yil mana 100 yoshga kirayapman. Eh-he, bu bosh bir asr ichida ne kunlarni kо‘rmadi. Qishloqdan 77 kishi urushga ketib, 22 nafari qaytdi, xolos. U kunlardan xotira bо‘lib okop ichida halok bо‘lgan safdoshlarimiz, yonib, vayronaga aylangan shaharlar, zavod-fabrikalar, halok bо‘lgan yosh-yosh bolalar qoldi. Endi qaytib unday kunlar bо‘lmasin. Shuning uchun yaxshi о‘qinglar, halol ishlanglar.

Uch avlod vakillari, mamlakatimizda, xususan, viloyatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari, iqtisodiyot sohasida erishilayotgan yutuqlar, fan-ta’lim yangiliklari, bugungi dorilomon kunlar haqida dildan suhbat qurishdi.

Albatta, bunday uchrashuv va  muloqotlar urush hamda uning  mudhish oqibatlari tо‘g‘risidagi bor haqiqatni yoshlar ongiga chuqur singdirib borish, ularni vatanparvarlik, insonparvarlik, tinchliksevarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Shunga muvofiq, Xotira va qadrlash kuni tadbirlari korxona va tashkilotlarda, о‘quv muassasalarida, mahallalarda ham uyushtirilmoqda.

N.XО‘JAYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

23-04-2019 |
Фото галерея