Yurtimizda aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, gо‘sht iste’mol qilish hajmi yildan-yilga oshib borayotgani tabiiy jarayondir. Bozor talabi о‘sayaptimi, demak, uni о‘z о‘rnida, tо‘laqonli qanoatlantirish zarur. Bu esa ayni yо‘nalishda faoliyat kо‘rsatayotgan subyektlar ishini olg‘a harakatga keltirmoqda. Yangi quvvatlar ishga tushishi hisobiga mahsulot ishlab chiqarish salmog‘i ortayapti.

Shunisi aniqki, mavjud ehtiyojni faqat qoramolchilik va qо‘ychilik singari tarmoqlar salohiyati bilan samarali qoplab bо‘lmaydi. Xaridorda doim tanlash imkoniyati bо‘lishi kerak. Bu jihat esa iste’mol bozoriga parhez gо‘sht yetkazib berish imkoniga ega parrandachilik, quyonchilik va baliqchilik tarmoqlari rivojini ta’minlayapti.

Koson tumanidagi "Xushnudbek Poyonbek" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham  2-3 yildirki, aholi dasturxoniga tovuq va quyon gо‘shti taqdim etib kelayapti. Korxona bir oyda 3-4 tonnagacha parhezbop  mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

- 7-8 yilcha avval biznesimizni savdo sohasida boshlagan bо‘lsak, bugun parrandachilik yо‘nalishida ham unumli faoliyat kо‘rsatayapmiz, - deydi korxona rahbari Shuhrat Yahyoyev. - Bir martada 4000 bosh broyler tovug‘ini parvarishlaymiz. Gо‘sht berishda mahsuldor sanalgan ushbu jonivorlarni boqish uchun maxsus bino barpo etganmiz. О‘tgan davrda parhez gо‘shtni nafaqat xom, balki pishirilgan holida ham realizatsiya qildik. Bundan tashqari, sanoat usulida tuxum yо‘nalishidagi 1000 boshdan oshiq tovuq  yetishtirishni ham tashkil qilganmiz. Mahsulot olish hajmi shunga yarasha. Quyonchilikda ham yaxshi tajriba tо‘pladik. Bu jonivor gо‘shtiga bozorda talab katta. Bir martada 300 boshgacha quyon boqib, sotayotganimiz bunga misol. Endilikda har biri 10 kilogrammga yetadigan Flandr zotli quyon parvarishini boshlaymiz.

Tadbirkorning aytishicha, korxonada yangi tarmoqlar uchun qо‘shimcha sharoitlar yaratishga ham kirishilgan. Naslli kurkachilikni yо‘lga qо‘yish, tuyaqush boqish quvvatini ishga tushirish, shu maqsadda 100 boshdan parranda olib kelish bо‘yicha ishlar olib borilmoqda. Har biri 40 kilogrammgacha vazn qiluvchi zotdor kurka parvarishi tadbirkorlik subyektining gо‘sht yetishtirish borasidagi imkoniyatini yanada yaxshilaydi. Ishbilarmon baliqchilikka ham istiqbolli soha sifatida qarayapti. Sun’iy havza barpo etib, iqlim-sharoitimizga chidamli Afrika laqqasini boqish kо‘zda tutilgan. Bu tashabbuslar amalga oshsa, korxonada foydali mehnat bilan band bо‘lgan kishilar soni ikki barobar kо‘payadi.

Mirzohid JО‘RAYEV

Suratlar muallifi Sobir NARZIYEV.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-05-2019 |
Фото галерея