Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bо‘limi tomonidan  Xonoboddagi harbiy qismlar bilan hamkorlikda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Eshonqul bobo Ravshanov hamda Ochil bobo Toshevlarning xonadonlarida yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Ikkinchi jahon urushidagi tarixiy g‘alabani ta’minlashda jasorat va xizmatlari beqiyos bо‘lgan bu ikki nuroniylarimiz ayni paytda el ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqdalar.

Qarshi tumanidagi Saxtipiyoz mahallasida yashovchi Eshonqul bobo Ravshanov  xotiralari haqida shunday sо‘zlaydi:

- Urushga ketganimda 17 yoshda edim. Uyga 23 yoshimda qaytib keldim. Gulday yoshligim urush suronlarida о‘tdi. Zamonamiz yoshlarini kо‘rib, havas qilaman. Ilohim, ular biz chekkan azob-uqubatni tushlaridayam kо‘rishmasin.

Shu tumandagi  Parg‘uza qishlog‘ida yashovchi Ochil bobo Toshevning  ham  yoshlik yillarida Ikkinchi jahon urushi paytiga tо‘g‘ri keldi. Ayni paytda 100 yoshni qarshilagan nuroniy otaxonning duolari har qanday kо‘ngilni larzaga soladi:

- Bu osoyishta Vatanning, bu tinch о‘tayotgan kunimizning har bir lahzasining qadriga yetish kerak. Oradan 70 yildan oshiq vaqt о‘tdi, lekin, men haliyam urushning dahshatli xotiralaridan qutulolmayman. Kо‘z oldimda qancha dо‘stlarim juvonmarg ketishdi. Shuning uchun bitta tilagim bor: hatto, lug‘atimizdan “urush” degan sо‘z chiqib ketishini istayman...

Ikki urush qatnashchisi xonadonlarida ham bir xil holat: butun vujudi quloq bо‘lib bobolarini tinglayotgan yoshlar uchun  “Jasorat darsi” davom etayapdi. Bu saboqlar  ularning qalbida yurtga sadoqat va muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlayotgan bо‘lsa ne ajab.

L.Saodatova

 

06-05-2019 |
Фото галерея