Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini birgina yurtimiz boy bergan 500 mingdan ortiq о‘g‘lon misolida kо‘rsa bо‘ladi. Bedarak ketgan, mayib-majruh bо‘lib qaytganlarning son-sanog‘i yо‘q. Fashizmga qarshi kurashda birgina Qashqadaryodan 47 mingdan ortiq kishi bevosita qatnashgan.

Ular orasida frontda jasoratli jangchi, urushdan keyin ilmning mashaqqatli yо‘lini mardonavor bosib о‘tib, "ming shogirdning ustozi" degan e’tirofga sazovor bо‘lgan, о‘zbek adabiyoti rivojiga hissa qо‘shgan olim, Qarshi shahridagi Kо‘chabog‘ kо‘chasida yashagan Halim Xudoynazarov ham bor edi. Ijodga aloqador emasmi, boshidan kechirganlarini muntazam qog‘ozga tushirib borgani kelgusi avlodlar uchun ibrat vazifasini bajarishi shubhasiz. Halim XUDOYNAZAROVning urushda qatnashib, kо‘zi bilan kо‘rib yozib qoldirgan xotiralarini о‘qib, bunga amin bо‘lasiz:

"Urush boshlangan paytda Qarshi shahridagi pedagogika bilim yurtining ikkinchi kursida tahsil olayotgandim. Kо‘p о‘tmay о‘quv yurtimiz Buxorodagi pedagogika bilim yurtiga birlashtirildi. О‘qish ham, orzularimiz ham aro yо‘lda qoldi, hammaning fikri-zikri bizdan uzoq о‘lkalarda davom etayotgan dahshatli janglarga bog‘langan, frontdan bizni anchagina masofa ajratib tursa-da, urushning qora kо‘lankasi yonginamizda hayotimizga soya solib turardi.

Chunki kunda-kunora urushga ketgan hamqishloqlarimizdan ayrimlari nogiron bо‘lib qaytgani haqidagi xabarlarni eshitardik. Jangga ketgan yigitlarning yaqinlari tunu kun "qoraxat" kelishidan qо‘rqib, tahlikada yashashar, odamlarning turmushida ham, mehnat qilishida ham halovat yо‘q, xalq boshiga juda ulkan musibat tushgandi.

Bu paytda xalqning iqtisodiy ahvoli kundan-kun yomonlashib borar, bir kilogramm bug‘doy yo arpaning narxi 150-160 sо‘mga chiqib ketgan, ochlikdan, kasallikdan о‘lim topish oddiy holga aylanib qolgandi. Madaniyat va xalq maorifi haqida-ku gap bо‘lishi mumkin emas, maktablarda davomat pasayib, о‘quvchilar och-nahor maktabga borishar, darsliklar yetishmas, о‘qituvchi yо‘qligi bois kо‘pgina fanlar о‘qitilmasdi. Bolalarning bilimi pastligi uchun ular      8-, 9-sinfdan 5-sinfga tushirilib qayta о‘qitilardi.

1943 yilning qishi nihoyatda sovuq kelgan, ustma-ust yoqqan qalin qor erimasdan muzlab yotar, yupun kiyingan odamlar bir amallab kun о‘tkazishardi. Izg‘irinli kunlarning birida qishlog‘imizdagi  tengdosh dо‘stlarim qatori menga ham harbiy xizmatga chaqiruv xati keldi. Darhol yaqinlar bilan xayr-xо‘shlashib, urushga jо‘nadik.

Biz о‘tirgan poyezd kо‘p о‘tmay Farg‘ona shahriga borib tо‘xtadi. Bu yerda bizni harbiy xizmatga    tayyorlash uchun qisqa muddatli kurslarda о‘qitish  rejalashtirilgandi. Harbiy qismda har qaysimizni ma’lumotimizga qarab, turli qismlarga bо‘lib yuborishdi. 346-harbiy polkda qishloqdoshlarim Dilmon, Qо‘chqor va Umar bilan birga harbiy ta’lim, texnika sirlarini, qurollardan foydalanish mahoratini о‘rgana boshladik.

Komandirimiz qisqa vaqtdan sо‘ng urush oloviga kirishimizni, qirg‘inbarot janglarda ishtirok etishimizni bilar, qanchamizning о‘qqa uchishimizni yaxshi anglar, shu boisdan imkoni boricha kо‘nglimizni og‘ritmaslikka harakat qilardi. Harbiy tayyorgarlik davrida sodir bо‘lgan bir voqea sira yodimdan chiqmaydi. Bir kuni postni topshirganimdan sо‘ng, safdosh askar bilan qishloq aylanib keldik. Qaytishda safdoshim boshqa yо‘ldan ketdi. Men esa rostgо‘ylik qilib, tо‘g‘ri harbiy qism darvozasidan kirib borayotgandim, shu yerda turgan polk komandiri tо‘xtatdi va ruxsatsiz chiqqanim uchun menga ikki sutka "gaupvaxta" e’lon qilib, komandirimga topshirdi. Unga bor aybimni yashirmasdan aytdim. Avval intizomli va faol bо‘lganimni hisobga olib, komandir jazoni bekor qildi. Yelkamga akalarcha mehr bilan qoqib qо‘yarkan, "Yoshsiz-da, bunday soddadil bо‘lsangiz, hayotda kо‘p pand yeysiz", deb qо‘ydi sekingina.

Urush qizg‘in davom etayotgan, har qarich yer uchun ayovsiz jang olib borilayotgan 1943 yilning noyabrida biz о‘tirgan poyezd G‘arbga jо‘nadi. Qayerga, qachon borib tushishimiz e’lon qilinmagan, hech narsadan xabarsiz holda yо‘l bosardik. Faqatgina bitta narsa - u ham bо‘lsa, frontga ketayotganimiz ma’lum edi.

Manzilga yetgach, kechasi har xil uylarga guruh-guruh qilib yuborishdi, sovuq, uyqusiz ertalabgacha oyoqda tik turib chiqdik. Biz kelishimizdan oldin bu yerda fashistlar bо‘lgan, chor-atrof vayronaga aylantirilgan, har qadamda dahshatli voqealar sodir etilgani kо‘rinib turardi. Urush bu yerdagi odamlarning qaddini bukib qо‘ygandi.

Birinchi Belorussiya frontida Minsk, Vitebsk, Bobruysk va boshqa shaharlardagi urushda qatnashdim. Har kuni bir necha shaharlarni qaytarib olardik - urush bizning foydamizga hal bо‘la boshlagandi.

1944 yilda kun sayin olg‘a bosib borardik. Shoir G‘afur G‘ulomning "Sen yetim emassan" she’ri butun frontda mashhur bо‘lib ketgan, kо‘pchilik askarlar yoddan bilishar, she’rdagi g‘alabaning yaqinligi haqida "Tong yaqin, tong yaqin, oppoq tong yaqin", degan misralarni aytib jangga kirardik.

Shoir Amin Umariyning she’rlari ham bizni olg‘a bosishga ruhlantirar, quroldoshlarimiz bilan jо‘r bо‘lib kuylardik. She’rda shunday misralar bor edi:

G‘alaba - dunyoda osoyishtalik...

G‘alaba - farovon hayot demakdir.

Qanoti qayrilgan jafokashlarga,

G‘alaba - qanot va najot demakdir.

G‘alaba - kо‘z yoshning tinishi demak,

G‘alaba - abadiy iqbol demakdir.

1944 yil Belorussiyada qattiq sovuq bо‘ldi, qorning qalinligi bir metrdan oshar, okop qazimoqchi bо‘lsak, tuproq emas, faqat qor kavlardik. Biz turgan joy о‘rmonga yaqin bо‘lib, о‘zaro gaplashib turgan paytimizda uzoqdan birovning baqirgani eshitilib qoldi. Chamasi u bosqinchilardan emasdi. Askarlarning ichida yosh bо‘lganligim boisidan bо‘lsa kerak, komandir meni yoniga chaqirib, yig‘layotgan odamni olib kelishimni buyurdi.

О‘sha paytlar armiyada intizom nihoyatda qattiq, komandirlarning buyrug‘ini bajarmaganlar gap-sо‘zsiz otib tashlanardi. Nogiron bо‘lish uchun о‘zini yaralagan deb, farg‘onalik yigitni otib tashlashganiga guvoh bо‘lgandim. Shu sabab darhol buyruqni bajarishga kirishdim. Bosqinchilar har ikki minutda raketa otar, chor-taraf kunduzdagidek yorishib ketardi. Raketa otilishi oralig‘ida qorni qо‘lim bilan ikki tomonga surib, emaklab yuraman. Hayot va о‘lim oralig‘i bir nafas ekanligini yuragim sezib turar, shuning uchun nihoyatda ehtiyotkorlik bilan olg‘a siljirdim. Dushman biror sharpani sezgudek bо‘lsa, ayovsiz о‘qqa tutar, omon qolish amrimahol edi. Birozdan keyin oh-voh chekayotgan kishiga yaqinlashib qoldim. Yarador haqiqatdan ham oyog‘iga dushman oskolkasi tegib, qattiq jarohatlangan о‘zbek yigiti ekan. U kо‘p qon yо‘qotgan, о‘rnidan turolmas, ahvoli juda ayanchli edi. Agar yarador yigitni о‘rnidan turg‘azib, qо‘ltig‘idan suyab olsam, dushman ikkalamizni ham otib tashlashi aniq edi. Shuning uchun qorni tirmalab yо‘l ochib, emaklab, о‘zimiznikilar joylashgan transheyaga yetib keldik.

Komandir dastavval yarador yigitni qisqagina sо‘roq qildi, diviziya, polk va boshqa kerakli faktlarni surishtirgach, uni front ichkarisiga yubordi. Yigit о‘zini leytenant Sharipov deb tanishtirdi, Toshkentda tug‘ilgan ekan. Sharipov  fashistlarga asir tushib, biz tomonga qochib о‘tayotganda snaryad tegib, qattiq yarador bо‘lgan.

Kо‘p о‘tmay meni zudlik bilan harbiy shtabga chaqirishdi. Harbiy shtab о‘rmon ichida joylashgan bо‘lib, u yerga oddiy jangchilarni hadeganda chaqirishmas, shtab bilan bog‘liq kо‘pgina masalalar sir tutilardi. Bora-borguncha xayolning ming bir kо‘chasiga kirib chiqdim. Bizlar turgan mudofaa chizig‘ida har xil millat vakillari xizmat qilar, ba’zida oramizdan chaqimchi, rahbariyatga turli fisqu fasod gap yetkazib, о‘zlarini yaxshi kо‘rsatishga intiluvchilar ham uchrab turardi. Kо‘nglimda ana shunday sotqinlar tuhmati tufayli otib tashlashmasmikin, degan hadik ham bor edi. Chunki u paytlar inson hayoti, qadr-qimmati haqida kо‘pam о‘ylab о‘tirishmasdi.

Yuzi о‘ta jiddiy, kо‘zlari uyqusizlikdan qizargan, shunday bо‘lsa-da, soqoli qirtishlab olingan, sochlari tartibga keltirilgan, ofitserlarga xos did bilan kiyingan komandir ma’lumotimni, armiyaga chaqirilmasimdan oldin qayerda ishlaganim, savodim va boshqa faktlarni sinchkovlik bilan sо‘rab-surishtirdi. "Senga о‘ta mas’uliyatli vazifani topshirmoqchiman", dedi-da, tо‘satdan "hozir nimani о‘ylayapsan?", dedi.

Keskin savoldan biroz dovdirab turdim-da, о‘zimni qо‘lga olib, hech narsani о‘ylamayotganimni, topshiriq berilsa, unga kirishishimni bildirdim. Komandirning yuzi yanada jiddiy tortdi va menga aloqa batalyoni komandirligini topshirishga qaror qilganini aytdi. Bunga yaralangan yigitni qutqarib kelganim sababligini his qilib turardim.

Xizmat vazifamni bajarishga kirishdim. Juda kam uxlashga, tinimsiz harakat qilishga tо‘g‘ri kelardi. Ustimdagi kiyimning bir necha joyidan о‘q teshib о‘tdi, shukurki, omon qoldim.

Fashist gazandalarining snayperlari birinchi navbatda komandirlarni, mas’uliyatli postlarda turgan askarlarni nishonga olardi. Jangdan tashqari paytlarda ham tez-tez qurbonlar bо‘lib turar, frontda kecha bilan kunduz baravar, hushyorlikni yо‘qotish о‘lding degani edi. Bir tomondan dushman о‘qlaridan hamisha jon tahlikada bо‘lsa, ikkinchi tomondan qishning qattiq sovug‘i, sharoitning og‘irligi qiynardi. Bо‘ron turgan paytlari qor tagida qolib ketgan kunlarimiz bо‘lgan. Ba’zan oziq-ovqat yetib kelmas, ham sovuqqa, ham ochlikka bardosh berishga tо‘g‘ri kelar, urush esa hech narsa bilan hisoblashmasdi. Och-nahor tinimsiz yurish, qattiq sovuq, asabning hamisha tarangligi meni holdan toydirdi, ancha vaqtdan sо‘ng gospitalda kо‘z ochdim. Turli gospitallardagi davolanishdan sо‘ng meni harbiy xizmatdan bо‘shatishdi, yurtga qaytib, maktabdagi ishimni davom ettirishim mumkinligini aytishdi.

Front ortidagi sharoit, qiyinchiliklar, yо‘qotish va yetishmovchiliklar ham urushdagidan kam emasdi. О‘zimni jangovar safdoshlarim qatorida deb his qilardim. Uzoq masofada turib bо‘lsa-da, g‘alabaga hissa qо‘shish uchun tinimsiz mehnat qilardim.

Ikkinchi jahon urushiga bizning Aralovul qishlog‘idan 75 yigit ketgan bо‘lsa, ularning 50 nafariga Vatanga qaytish nasib etmadi, ularning vujudi olis Yevropa zaminida mangu orom topdi.

Aralovul qishlog‘ida Kat, Qavali, Chorgumbaz, Aral, Yangibozor, Taxtapul, Yakkabog‘, Qumqishloq, Tutak qishloqlarida tug‘ilgan, Ikkinchi jahon urushida halok bо‘lgan jangchilar xotirasiga bag‘ishlab, yodgorlik barpo etildi. Har yili 9 mayda xalq yodgorlik poyiga xotira sо‘zlari yozilgan gulchambarlar qо‘yishib, jangda halok bо‘lgan yurtdoshlarimizni esga olar, bu о‘ksik qalblarga oz bо‘lsa-da, taskin bag‘ishlardi.

Urush! Bu sо‘zni eshitganda, inson boshiga tushgan qanchadan-qancha mash’um voqealar, ulkan fojialar yodga tushadi. Urush bilan о‘tgan qora kunlar qanchalik uzoqlashsa, u keltirgan zarar va kulfatlar shunchalik mudhish tuyuladi. Ota-bobolarimiz shuning uchun doim urushlarni qoralab kelganlar, falokatlarning oldini olishga, tinchlikni asrab-avaylashga intilganlar".

"qashqadaryogz.uz"  ma’lumotlari asosida

 

07-05-2019 |
Фото галерея