Tashqi bozorga yо‘l topolmagan, chetga eksport qilishga arzirli mahsuloti yо‘q mamlakat iqtisodiy rivojlanmaydi, bu aniq. Shu bilan birga bugun har qanday davlatning ertasi, qudrati va salohiyati avvalo ana shu mezon asosida baholanayotir. Xalqaro savdoda qatnashmayaptimi, demak, ishlab chiqarayotgan tovari yoki kо‘rsatayotgan xizmati u darajada raqobatbardosh, sifatli emas. Uni hech kim xarid qilmayapti, ichki ehtiyojni qoplashgagina yarayapti, xolos. О‘shanda ham import tovarlar bosimiga dosh bera olsa.

Sо‘nggi vaqtda yurtimizning eksport salohiyatini tubdan oshirish, bu borada mavjud resurs va imkoniyatlarni oqilona ishga solishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ham shundan. Binobarin, diyorimizda chet ellik xaridor e’tiborini torta oluvchi, raqobatga chidamli mahsulotlar kо‘p miqdorda ishlab chiqariladi, turfa noz-ne’matlar ichki talabdan ham ortiq yetishtiriladi. Faqat ularni xorij bozoriga olib chiqib, risoladagidek taklif qilolsak bо‘lgani. 

Shart-sharoit, salohiyat borasida mamlakatimizning boshqa hududlaridan sira qolishmaydigan Qashqadaryo zaminida ham eksportbop, chetda xaridorgir mahsulotlar kо‘p. YA’nikim, ayni jabhada vohamizning imkoniyati yuqori bо‘lsa bordirki, aslo kam emas. Nafaqat yirik sanoat, balki kichik biznes vakillari ishlab chiqarayotgan tovarlar ham о‘zining xaridorgirligi bilan ajralib turadi. Biror yil yо‘qki, viloyat qishloq xо‘jaligining mahsulot berish samaradorligi ichki iste’mol ehtiyojidan oshib ketmagan bо‘lsa.

Xо‘sh, bu ustunlikdan qanday foydalanayapmiz?! Eksportga mahsulot yо‘naltirish bо‘yicha viloyatimizda qilinayotgan ishlar qoniqarlimi?! Joriy yilning birinchi choragida erishilgan natijalarga tayanib, holatga xolis baho bersak.

Nega tashqi bozordagi ulush pasaydi?

2019 yilning yanvar-mart oylarida viloyat tashqi savdo aylanmasini tahlil etsak, jami 333 million 723 ming AQSH dollarini tashkil etgan bu kо‘rsatkichda     eksportga yо‘llangan tovarlar hissasi atigi 53 million 576,9 ming dollarni tashkil etadi. Boshqacha aytsak, amalga oshirilgan importdan besh baravar kam.

Ushbu kо‘rsatkich biz uchun yaxshimi yo yomon?!

Agar о‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslasak, quyidagi holat namoyon bо‘ladi. Bultur shu davrda viloyatimizdan tashqi bozorlarga qiymati 89 million 941 ming AQSH dollariga teng mahsulot jо‘natilgan ekan. Kо‘rinadiki, pasayish salmog‘i anchagina - avvalgidan naq     36 million dollarga kam tovar ekport qilingan.

Tо‘g‘ri, eksport hajmi qisqargani maqbul emas. Birinchi navbatda, bu erkin ayirboshlanadigan  xorijiy valyuta tushumi kamayishiga olib keladi. Valyuta esa bizga о‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan yuqori texnologiyalarni, noyob xom ashyo resurslarini chetdan xarid qilish uchun kerak.

Eksport tarkibini kо‘zdan kechirarkanmiz, pasayish nima hisobiga bо‘lganini payqash mumkin. Ma’lumki, viloyat tashqi savdo aylanmasida paxta tolasi doim asosiy ulushni tashkil etgan. 2018 yilning birinchi choragida vohamizda yetishtirilgan, qiymati qariyb 37 million AQSH dollariga teng qimmatli xom ashyo xorijga sotilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Bu gal esa tola eksporti keskin kamaygan. Tegishli davrda mazkur kо‘rsatkich 3 million dollarga ham yetmagan.

Albatta, oxirgi yillarda hududda qayta ishlash korxonalari soni kо‘payib borayotgani ham shunga sabab bо‘layapti, deyish mumkin. Birgina misol, vohamizdagi uchta eng yirik tekstil quvvati - Qarshi tumanidagi "Lt textile international" xorijiy korxonasi, Qarshi shahridagi "Sulton tex group" xususiy korxonasi hamda Shahrisabzdagi "Oq saroy textile" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan shu fursatda umumiy hisobda 17 million AQSH dollarlikdan ziyod yarim tayyor mahsulot eksporti amalga oshirilgan. О‘z о‘rnida eslatish joizki, bu korxonalar tashqi bozorni asosan birlamchi mahsulot - ip-kalava bilan ta’minlayapti. Chet elliklarga yuqori qо‘shilgan qiymatga ega tovar taklif etish maqsad qilingan ekan, xom ashyoni chuqur qayta ishlashni faol yо‘lga qо‘yish lozim bо‘ladi. Shunda bu hududning eksport hajmida ham ijobiy aks etadi.

Achchiq qalampirning ham о‘z xaridori bor

Qayd etish lozim, viloyat eksporti hajmidagi pasayishga eksportbop ayrim tovarlar savdosi pasaygani ham turtki bо‘lgan. Bultur birinchi chorakda chet el mamlakatlariga qiymati 8 million 826 ming AQSH dollariga teng kaliy о‘g‘iti yetkazib berilgan bо‘lsa, joriy yilning dastlabki uch oyida bu salmoq 240 ming dollarga qisqargan. Xuddi shu tarzda viloyatimizdan xorijga bug‘doy (don) sotish hajmi ham qariyb yetti barobar kamayib, birinchi chorakda tegishli summa 368 ming AQSH dollariga teng bо‘lgan. Shuningdek, yanvar-mart oylarida boshqa turdagi tovarlar eksporti ham о‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 million 619 ming AQSH dollarga kamaygan.

Ahamiyatlisi, tashqi savdoda sezilarli о‘sish kuzatilgan yо‘nalishlar ham yо‘q emas. Masalan, chetga viloyatimizdan taqqoslanayotgan davr nisbatida qariyb 7,5 baravar kо‘p suyultirilgan gaz (5 million 211 ming AQSH dollari), polietilen granulasi (о‘sish 50 ming dollar) 7 million 783 ming AQSH dollarilik, 4 marta kо‘p oltingugurt (1 million 508 ming AQSH dollari) realizatsiya qilingan. Bunga qishloq xо‘jaligi mahsulotlari eksportini qо‘shsak, bu boradagi о‘sish 4 baravardan ortiqni (8 million 63 ming AQSH dollari) tashkil etayapti. Mazkur mahsulotlar aksariyat qismi bulturgi hosil ekani esa e’tiborlidir. Bu esa mirishkor dehqonlarimizning katta miqdordagi mevayu sabzavotni zaxiraga qoldirib, hosilni sifatli saqlashning uddasidan chiqa olayotganini anglatadi.

Xorijlik hamkorlar aynan nimaga talabgor bо‘ldi, qaysi mahsulot qancha hajmda eksport qilindi, bunga ham alohida tо‘xtalib о‘tish darkor. Mavjud ma’lumotga kо‘ra, bu davrda karam, achchiq qalampir, kо‘kat, piyoz, rukkolo salatbargi singari sabzavotlar, anor va uzum eng xaridorgir mahsulotlar sirasiga kirgan.

Misol uchun, Mirishkor tumanidagi "Bo-Zarif" fermer xо‘jaligi 106 tonnadan ziyod, Yakkabog‘ tumanidagi "Sharofat ona Qahramon qizi" agrofirmasi esa 57 tonna karamni xorijga jо‘natgan. Kitob tumanidagi "Kitob agro plast" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham birinchi chorakda eksport bilan faol mashg‘ul bо‘lgan. Eksportchi korxona faoliyati natijasida boshqa mamlakatlar iste’molchilari viloyatimizda yetishtirilgan 110 tonnadan ortiq  toifi navli uzumdan bahramand bо‘lishiga sharoit hozirlangan.

Tashqi iqtisodiy faoliyatda kо‘p yillik tajribaga ega, G‘uzor tumanidagi "Lavr-farm" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham ushbu davrda qishloq xо‘jaligi mahsulotini tashqi bozorga chiqarishda boshqalarga о‘rnak bо‘lgan. Korxona misolida kо‘rish mumkinki, xorijlik hamkorlar shivit, petrushka kabi kо‘katlarni ham bizdan xarid qilishga tayyor. Eksportga yо‘naltirilgan mahsulot 50 tonnadan oshgan.

Eksportda mahsuldorlik kо‘rsatish bо‘yicha Qarshi tumanidagi "Ab Murtoz bobo" fermer xо‘jaligi qayd etgan natijalar ham diqqatga sazovor. Ushbu eksportyor xorij bozoriga sotgan meva-sabzavot hajmi qariyb 1000 tonnaga yetadi. Subyekt tomonidan xorijga jо‘natilgan mahsulot tarkibidan 2018 yil hosilidan tayyorlangan anor, shivit, petrushka, karam, limon, piyoz, rukkolo salatbargi о‘rin olgan.

Shu bilan birga, bulturdan boshlab keng miqyosda yetishtirish yо‘lga qо‘yilgan achchiq qalampir ham vohamiz agrar jabhasining eksport salohiyatini oshirdi, desak xato bо‘lmaydi. Birinchi chorakda qishloq xо‘jaligi mahsulotini sotishdan kelgan valyuta tushumining asosiy qismini ham sabzavotchilikning shu tarmog‘i ta’minlab berdi. "Big agro organik" MCHJ 50 tonna, "Big agro filds" MCHJ 25 tonna, "Big agro eksport" MJCH 21 tonnaga yaqin quritilgan achchiq qalampir, uning urug‘i va maydalangan unini eksport qilishga erishdi.

2019 yilning yanvar-mart oylari davomida mahalliy eksportchi korxonalar yangi bozorlarni zabt etmadi hisobi. Chunki hudud eksport jug‘rofiyasida deyarli о‘zgarish kо‘zga tashlanmadi. Bu yо‘nalishda asosiy hamkorlar safida Turkiya, Xitoy, Rossiya, Indoneziya, Qozog‘iston, Eron va Afg‘oniston yetakchilik qildi.

Xulosa о‘rnida aytganda, joriy yilning birinchi uch oyida viloyatimiz eksportida salbiy, shu bilan bir qatorda, ayrim jabhada e’tiborga molik natijalar ham qо‘lga kiritildi. Yomoni xorijga mahsulot sotish salmog‘i jiddiy pasaydi. Lekin bu asosiy xom ashyo vositalarining eksportga yо‘llanishi kamaygani evaziga bо‘lganini ijobiy holat sifatida baholash mumkin.

Viloyat bojxona boshqarmasi

matbuot xizmati bilan hamkorlikda

Mirzohid JО‘RAYEV tayyorladi.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

23-04-2019 |
Фото галерея