Ma’lumki, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2017 yilda  tashkil etilgan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining asosiy vazifalaridan biri energiya resurslari, ichimlik suvi va maishiy chiqindilarni tо‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun tо‘lovlarni undirishdan iborat. Ammo bugungi kunda hali-hanuz eskicha kayfiyat bilan yashayotgan, ta’minotchi korxonalarning ba’zi bir nayrangboz xodimlariga ishonib, tо‘lovlarni tо‘lashning о‘rniga undan osongina qutulishning yо‘llarini izlab yurgan va oxir-oqibat xato qilganini anglab afsus chekkan hamyurtlarimiz ham yо‘q emas.

Koson tumani elektr tarmoqlari korxonasida ishlovchi X.B Koson tumani Nekо‘z MFYda yashovchi fuqaro R.Jning elektr energiyasidan mavjud 1 million 743 ming 488 sо‘mlik qarzdorligini bilgani holda, ushbu qarzdorlik masalasida murojaat qilib kelgan R.J.ning qaynotasiga “Agar menga 1 million sо‘m bersangiz ushbu qarzdorlikni yо‘qotib beraman”,-deb uni aldab, ishonchiga kiradi. Shundan sо‘ng undan 1 million sо‘m pullarini aldov yо‘li bilan qо‘lga kiritib, ularni elektr energiyasi tо‘lovi uchun belgilangan tartibda kirim qilmasdan, о‘z manfaatlari yо‘lida sarflab yuboradi.

Holat yuzasidan, X.B.ga О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 moddasi 1 qismi bilan jinoyat ishi qо‘zg‘atildi hamdadastlabki tergov natijalariga kо‘ra ushbu moddaning 3-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborildi.

Bugun qonuniy va adolat tamoyillariga asoslanib yashash lozimligini hayotning о‘zi kо‘rsatib turibdi. Shunday ekan, bunday holatlardan tо‘g‘ri xulosa chiqarish lozim.

 

Majburiy ijro byurosi

Qashqadaryo viloyat boshqarmasi

axborot  xizmati

 

25-04-2019 |
Фото галерея