E’tibor va g‘amxо‘rlik - insoniy burch

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qamashi tumani markazidan ellik chaqirim olisdagi haybatli Langar tog‘lari orasida joylashgan Kо‘kabuloq mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan, Ikkinchi jahon urushi va ichki ishlar tizimi faxriysi Umbar bobo Salomov oilasiga viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda tuman ichki ishlar bо‘limining sovg‘alari topshirildi.

Umbar Salomov hali о‘n yettiga ham tо‘lib ulgurmasdan Ikkinchi Ukraina frontining tank qо‘shinlari brigadasida jangga kirgan. Ukraina, Boltiqbо‘yi davlatlari, Vengriya, Polsha, sobiq Chexoslovakiya va Germaniyadagi janglarda qatnashgan. 1945 yilda, g‘alabaga bir necha oy qolganida nemislar tankini portlatib, og‘ir jarohatlangan. Portlash oqibatida tuproq ostida qolib ketib, anglashilmovchilik tufayli uyiga qoraxat ham jо‘natilgan.

Peshonasida bor ekan, og‘ir jarohatlarni yengib, oyoqqa turdi. Yana jangga kirdi. Yaponiya bilan bо‘lgan janglarda ham qatnashdi. Sobiq ittifoq hududida urushdan keyingi tozalash va tiklash ishlarida qatnashib, 1949 yildagina qishlog‘iga qaytdi. 1950 yilda ichki ishlar tizimiga ishga kirib, tog‘li hududda el osoyishtaligini saqlashga hissa qо‘shdi. Janglarda halok bо‘lgan deb hisoblangani bois unga atalgan "Qizil yulduz" ordeni Rossiyadagi muzeyda saqlanar ekan. Rahbarlar xabar topib, 1978 yilda ordenni egasiga topshirishadi.

- Umbar boboning kurash va g‘alabalarga tо‘la murakkab hayot yо‘li barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat maktabidir, - deydi viloyat IIB kadrlar   boshqarmasi boshlig‘ining о‘rinbosari Bahriddin Shoymardonov. - Jasoratga yо‘g‘rilgan bu hayot yо‘li xususida tizimda mehnat qilayotgan xodimlarga qayta-qayta gapirishdan charchamaymiz. Zero, bu jasorat ularni Vatan osoyishtaligi yо‘lida fidoyilik kо‘rsatib mehnat qilishga undaydi.

Umbar bobo Salomov о‘tgan yili, tabarruk 96 yoshida vafot etdi. Otaxon yashagan uyda uning aziz xotirasi yod etildi. Bu yerda jam bо‘lgan ichki ishlar tizimi mutasaddilari, qо‘ni-qо‘shni, mahalladoshlar uzoq gurunglashdilar. Eski albomlar, yetmish tо‘rt yil muqaddam olingan, shonli askarlik hayoti aks etgan sarg‘aygan suratlar va hujjatlar qо‘lma-qо‘l о‘tdi. Matonat, jasorat va ezgulik yо‘lini tutgan fidoyi inson haqida kechdi samimiy gurunglar. Yillar hukmi bilan hujjatlar, suratlar sarg‘ayishi mumkin. Fidoyi insonlarning aziz siymolari qalblarda abadiy yashayveradi.

Bu kabi xayrli tadbirlar davom etayapti. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bо‘lgan xodimlarning oila a’zolari hamda samarali mehnat qilgan faxriylar yо‘qlanib, sovg‘a-salomlar topshirilmoqda.

N.XО‘JAYEV

 

"qashqadaryogz.uz"  ma’lumotlari asosida

 

07-05-2019 |
Фото галерея