Koson tumanidagi "Mash’al" fermer xо‘jaligi faoliyati asosiy yо‘nalishlaridan biri chorvachilik sanaladi. Xо‘jalik rahbari chorva ozuqasi import qilish maqsadida Qozog‘istondagi firmaga 28,8 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ chiqargan. Ayrim sabablarga kо‘ra, kelishuv amalga oshmagan. Endi fermer tegishli pulni qaytarib ololmayapti. Qarshi shahrilik boshqa bir tadbirkor - "Photo Express" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Zafar Turdialiyev chetdan zamonaviy chop etish uskunasi xarid qilmoqchi. Raqamli texnologiya qiymati 450 ming AQSH dollariga baholangan. Tashabbus amalga oshishi faoliyat samaradorligiga xizmat qiladi. Biroq ishbilarmon xorijiy valyutada imtiyozli asosda kredit olishni istaydi.

Qarshi san’at kollejida bо‘lib о‘tgan tadbirda Qarshi shahri, Qarshi, Nishon va Koson tumanlaridan kelgan tadbirkorlar tomonidan shunday masalalar о‘rtaga tashlandi. Uchrashuv О‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ijoriya qо‘mitasi tashabbusi bilan о‘tkazildi.

- Bundan kо‘zlangan maqsad bugun yurtimizda kichik biznes rivoji  uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan soha vakillarini tо‘liq xabardor qilishdan iborat, - deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Gulov. - Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini qо‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilikdagi yangiliklarni yetkazish, ishbilarmonlarning muammolarini о‘rganish va atroflicha hal etish masalasi ham kun tartibida asosiy о‘rin egalladi.

Uchrashuvda hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, kasbiy mahorat va bilim darajasini yuksaltirish uchun zaruriy shart-sharoit yaratish borasidagi  ishlar yuzasidan fikr yuritildi.  

Bildirilgan masalalar bо‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar berildi, bir qator muammolarni hal etish bо‘yicha jiddiy ish olib borilishi, murojaatlar taalluqliligi bо‘yicha mutasaddi tashkilotlarga yо‘llanishi, ijrosi nazoratga olinishi ma’lum qilindi.

Boshqa hududlar ishbilarmonlari ishtirokida xuddi shunday tadbir Kasbi tumanida ham tashkil etildi.

M.JО‘RAYEV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

 

21-04-2019 |
Фото галерея