2019 yil birinchi choragida viloyatimizda byudjet prognozi 141 milliard sо‘mga ortig‘i bilan bajarilgan. Joriy yildan e’tiboran yurtimizda soliq yuki sezilarli darajada kamaytirilgan bо‘lsa-da, bu holat soliq tushumi kо‘payishiga hech bir ta’sir etmagani ahamiyatli. Xо‘sh, ushbu natijaga qanday va nima hisobidan erishildi? Salmoq ortishiga qaysi omillar sabab bо‘ldi?

Qarshi shahrida "Aholining soliq tо‘lash madaniyatini shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining о‘rni" mavzusida bо‘lib о‘tgan matbuot anjumanida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Nasimov bu haqda batafsil ma’lumot berdi. Tadbirda viloyatimizda faoliyat kо‘rsatayotgan OAV vakillari qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, yangi soliq konsepsiyasi amaliyotga keng joriy etilishi bilan qator о‘zgarish va yangiliklar kuchga kirdi. Asosiy soliq stavkalari pasaydi, soliq solish mexanizmi soddalashdi. О‘z navbatida, ayrim masalalar bо‘yicha aholi va tadbirkorlarda savol va tushunmovchiliklar ham yuzaga keldi. Shu maqsadda faol targ‘ibot-tashviqot olib borildi, soliq tо‘lovchilarga islohotlar mazmun-mohiyati yetkazildi. 

- Hukumatimiz yuritayotgan soliq siyosati jazolashni emas, balki rag‘batlantirishni kо‘zda tutadi, - deydi Ravshan Nasimov. - Masalan, soliq yuki kamaytirilgani, qator yengilliklar berilganidan maqsad ham shu. Tegishli stavkalar pasayishi salohiyatli soliq tо‘lovchilar soni kо‘payishiga xizmat qildi, natijada tushum ham oshdi. Ma’lumki, ilgari jismoniy shaxslar daromadining asosiy qismi soliq va majburiy tо‘lovlarga undirib qolingan. Mehnat bilan rasman band bо‘lmagan aholi esa kо‘pchilikni tashkil etadi. Hozir ham ularning aksariyatiga konvert usulida ish haqi tо‘lanayapti. Kо‘rilgan choralar samarasida viloyatdagi 4 ming 400 dan ziyod subyekt tomonidan 16,5 ming fuqaroning faoliyati qonuniylashtirildi va ijtimoiy himoyasi ta’minlandi. Natijada hisobot davrida jismoniy shaxslarning daromadidan tо‘lanadigan soliq tushumi qariyb 230 foizga ortdi.

Qayd etildiki, yirik ishlab chiqarish obyektlarini xususiylashtirib, katta yer maydonini egallab olgan tadbirkorlik subyektlari shu   paytgacha arzimagan miqdorda yagona soliq tо‘lab kelgan, biroq egaligidagi bino-inshootdan samarali foydalanmagan.  Endilikda faoliyati bor-yо‘qlidan qat’i nazar, bunday tadbirkorlar mol-mulk va yer solig‘i tо‘lashga о‘tdi. Tovar aylanmasi hajmidan kelib chiqib, yakka tartibdagi tadbirkorlar 3 xil soliq rejimiga о‘tkazildi. Bu esa ushbu subyektlar о‘rtasida erkin raqobatni ta’minlashga sharoit yaratadi.

Shuningdek, matbuot anjumanida viloyatimizda qо‘shilgan qiymat solig‘i tо‘lovchilar soni 289 foizga oshgani, birinchi chorakda mazkur soliqdan kelgan tushum 210 foizga kо‘paygani bildirildi. Qolaversa, о‘tgan davrda mol-mulk solig‘i tо‘lovchi yuridik shaxslar salmog‘i qariyb 7 baravar, yer solig‘i va suv solig‘i tо‘lovchilar soni mos ravishda 531 hamda 878 foizga ortgan. Ayni omillar joriy yilning dastlabki uch oyida hududda soliq tushumi yaxshilanishiga olib kelgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar о‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olishdi.

M.JО‘RAYEV

Muallif olgan surat.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

26-04-2019 |
Фото галерея