Shu kunlarda О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 15 fevraldagi "Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik kо‘rish va uni о‘tkazish tо‘g‘risida"gi  qaroriga muvofiq, yurtimizning barcha shahar va tumanlarida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi о‘tkazilmoqda. Bu yil ushbu jarayonlarga har qachongidan kо‘ra kо‘proq e’tibor qaratildi. Chunki fuqarolar о‘z taqdirini о‘zi yashaydigan mahalla bilan bog‘lab, ushbu noyob tuzilmaning buguni va ertasiga yuqori ishonch bildirmoqda.

Joriy saylovlarda viloyatimizdagi 768 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga eng munosib nomzodlar saylanadi. Saylov yoshiga tо‘lgan qariyb 2 million 24 ming vohadoshlarimiz orasidan tashkilotchilik qobiliyatiga ega, hayotiy tajriba va el orasida hurmat-e’tibor qozongan 242 ming 900 nafardan ziyod fuqaro saylovlarda vakil sifatida ishtirok etadi.

1 may kuni Qarshi shahridagi Qilichbek qо‘rg‘oncha, Shahrisabz shahridagi Namozgoh, Mirishkor tumanidagi Oqmachit, Nishondagi Paxtakor, G‘uzor tumanidagi Gulshan, Qarshi tumanidagi Yertepa, Koson tumanidagi Esaboy, Yakkabog‘dagi Nurli yо‘l, Dehqonoboddagi  Bо‘ston, Shahrisabz tumanidagi Yangiqishloq, Chiroqchidagi Qirg‘iz, Kitobdagi Paxtaobod, Kasbi tumanidagi Mustaqilobod, Qamashidagi Qiziltepa va Muborak tumanidagi Muborak mahalla fuqarolar yig‘inlarida muhim siyosiy jarayon - fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi qizg‘in ruhda boshlandi. Saylovchilar nomzodlar dasturlari bilan tanishib, tashkilotchilik qobiliyati, fidoyiligi, hayotiy tajribasi va aholining hurmat va ishonchiga sazovor bо‘lgan nomzodga ovoz berishdi.

3300 nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Qarshi shahridagi Qilichbek qо‘rg‘oncha mahalla fuqarolar yig‘inida о‘tgan saylovda ham har bir vakil konstitusiyaviy huquqlaridan tо‘laqonli foydalangan holda munosib nomzodga ovoz berdi.

- Bugungi saylov kо‘tarinki, bayramona tusda bо‘lib о‘tdi, shaffoflik ta’minlandi, - deydi yig‘in vakili Ra’no Jumayeva. - Albatta,  mahallamizning yanada  obod  va  fayzli  bо‘lishi  saylanayotgan oqsoqolga bog‘liq. Xalqning dardi bilan yashab, mehnat qiladigan, tashkilotchi va kо‘pni kengashtiradigan rais saylansa, nur ustiga nur. Buning aksi bо‘lsa, mahalladan fayz qochadi. Shuning uchun munosib odamga ovoz berish katta ahamiyatga ega, deb о‘ylayman.

Saylov natijalariga kо‘ra, 78,1 foiz ovoz tо‘plagan Anvar Hakimov mahalla raisi lavozimini davom ettiradigan bо‘ldi. Yana bir nomzod Aziza Koyilova esa 21,9 foiz ovozga ega bо‘ldi.

-  Albatta, bu katta mas’uliyat, endi saylovchilar  ishonchini  oqlab, uch  yil davomida  hududni  yanada  obodonlashtirish,  mahalladoshlarimizning orzu-intilishlari rо‘yobi yо‘lida astoydil mehnat qilaman, - deydi Anvar Hakimov. - Uzoq yillardan buyon shu mahallada yashaganim bois hududning  barcha  tashvishu muammolaridan xabardorman. О‘z dasturimda har bir xonadon bilan yakka tartibda ishlash, erta va qarindoshlar о‘rtasidagi nikohning oldini olish, tо‘y va marosimlarni tartibli о‘tkazish, yarashtirish komissiyasi faoliyatini kuchaytirish kabi ishlarni kо‘zda tutgandim. Ularni bajarishda faollarimizning kо‘magiga tayanaman.

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-05-2019 |
Фото галерея