2017-2021 yillarda О‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yо‘nalishi bо‘yicha Harakatlar strategiyasini "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida respublikamizning ekologik jihatdan noqulay mintaqalarida yashovchi aholiga "Salomatlik poyezd"larini tashkil etish yо‘li bilan tibbiy va ijtimoiy yordam kо‘rsatilmoqda. "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi va "О‘zbekiston temir yо‘llari" AJ  hamkorligida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisi uchun tashkil etilgan Toshkent-Sariosiyo-Qumqо‘rg‘on-Boysun-Darband-Oqrabot-Dehqonobod-Toshkent yо‘nalishidagi "Salomatlik poyezdi" 29-30 aprel kunlari Dehqonobod tumanida bо‘ldi.

29 aprel kuni Oqrabot temir yо‘l bekatida, 30 aprelda Dehqonobod temir yо‘l bekatida malakali mutaxassislar tomonidan bolalar, xotin-qizlar, kо‘p bolali oilalar a’zolari va boshqa tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtojlardan iborat 750 nafarga yaqin kishi tibbiy kо‘rikdan о‘tkazildi. Xastalik aniqlanganlarni sog‘lomlashtirish bо‘yicha chora-tadbirlar kо‘rildi. Shu bilan bir qatorda, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi uchrashuvlar tashkil etildi.

- Malakali shifokorlar bilan birga fondning viloyat kо‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham aholiga tibbiy xizmat kо‘rsatdi, - deydi "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi viloyat filiali direktori Gulnora Sharipova. - Insonparvarlik yordami oziq-ovqat, kiyim-kechak, oyoq kiyimlari, dori-darmon, tibbiyot anjomlari va jihozlar, sanitariya-gigiyena vositalari hamda nogironlik aravachalaridan tarkib topgan.

Safar davomida kо‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi hamrohligida markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug‘ruq komplekslari, kо‘zi ojiz, aqli zaif, kar-soqov bolalar maxsus maktab-internatlariga ham xizmat kо‘rsatildi.

Shohista BOZOROVA

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-05-2019 |
Фото галерея