Bugun yurtimiz qishloq xо‘jaligida ertachi mahsulot yetishtirish tajribasi keng ommalashayapti. Omilkor dehqonlar ochiq dalaga urug‘ qadash fursatini kutib о‘tirmay, о‘rniga issiqxona sharoitida parvarishlangan tayyor kо‘chatni muddatidan avvalroq ekib, plyonka ostida parvarishlab, har galgidan barvaqt hosil yig‘ishtirib olishni uddalayapti. Ushbu noz-ne’mat eksportbop ekani esa alohida ahamiyatga molik.

Yakkabog‘ tumanidagi "Sharofat ona Qahramon qizi" agrofirmasida ham bu yil dehqonchilik yumushlariga ancha erta kirishilgandi. Ayni kunlarda esa 15 gektar maydonga ekilgan aysberg salatbargi pishib yetilgan. Uzib olinayotgan hosil mashinalarga yuklanib, xorij mamlakatiga peshma-pesh eksport qilinmoqda.

- Joriy yilning 10 yanvaridan maxsus kо‘chatxonada urug‘larni о‘stirishga qо‘ygandik, - deydi agrofirma agronomi Kozimjon Yusupov. - Mart oyining dastlabki о‘n kunligida nihollarni ochiq dalaga kо‘chirdik. May oyi boshida esa hosil uzishga tayyor bо‘ldi. Hozirgacha 100 tonnadan ortiq aysberg salatbargini yig‘ishtirib oldik. Shuning 70 tonnadan ziyodini chetga jо‘natdik. Hozircha Rossiya mamlakati ishbilarmonlari asosiy xaridorimiz. Mahsulot hali kо‘p, gektaridan 20 tonnagacha hosil olish mо‘ljal qilingan.

 Mutaxassisning aytishicha, tadbirkorlik subyekti faqat shu sabzavotni yetishtirish bilan kifoyalanmagan. Katta maydonga ta’mi tilyorar qovun navlari ekilgan. 25 gektar joyda piyoz о‘stirilayapti. Ikkalasi ham eksportbop. Kelishuv amalga oshsa, piyoz hosilining bir qismi Germaniyaga eksport qilinishi mumkin.

Ushbu eksportchi korxona erta dehqonchilik qilib daromad topayotgani yaxshi, parvarishlash va yig‘im-terim ishlarida 200 ga yaqin mavsumiy ishchi bandligini ta’minlayotgani esa har jihatdan ma’qul.

Aytish joiz, "Sharofat ona Qahramon qizi" agrofirmasi bultur ham eksport faoliyati bilan faol shug‘ullangan. Tashqi bozorga aysberg salatbargidan tashqari kо‘p miqdorda gulkaram, karam kabi sabzavot, qovun singari poliz mahsulotlari yetkazib berilgan.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

14-05-2019 |
Фото галерея