Fazli qishlog‘ida bobo-momomning qо‘lida katta bо‘lganman. Ularni judayam yaxshi kо‘raman, kо‘ngillariga qarayman, og‘irlarini yengil qilishga urinaman. Duoguylarim ham boshimda parvona, meni yeru kо‘kka ishonishmaydi. Shu tariqa bir-birovni avaylab yashaydigan muhitda ulg‘aydim. Kunlardan bir kuni bobom oyog‘idan jarohat olib kasalxonaga tushib qoldi. Tabiiyki, bir oyog‘im kasalxonada bо‘ldi. Kuni buyi bobomga qarashib yonlarida qolardim. Bobomga О‘zbekistonga xizmat safari bilan kelib tobi qochib qolgan Andrey ismli rus kishi palatadosh edi. Ular bir-birlari bilan nihoyatda qalin og‘ayni bо‘lib qolishdi. Fikrlari bir joydan chiqar, qarindosh-urug‘lar orasidagi mehr-oqibatimizga  Andrey aka havas bilan qarardi. Oilaviy qadrdon bо‘lib qoldikki, kasalxonadan chiqqach biznikiga 2 kun  mehmon bо‘lib keyin vataniga qaytib ketdi. Shundan keyin ham uzoq vaqtgacha ular orasidagi dо‘stlik uzilib ketmadi, tez-tez qо‘ng‘iroqlashib  turishardi.

Yoshim ulg‘aygach harbiy xizmatga bordim. Yigitlik burchimni ado etib uyga qaytgandan sо‘ng hech ishning boshini  tutolmadim. Sira omadim yurishmadi: о‘qishdan yiqildim, ishga joylasholmadim. Kunlardan bir kun bobomga Andrey akanikiga mehmonga borib kelsamchi, degan taklifni aytdim. Zо‘rg‘a ruxsat olib, qayoqdasan Rossiya, deya safarga otlandim. Afsuski, Andrey aka olamdan о‘tgan ekan. О‘zbekiston va о‘zbeklarning bag‘rikengligi, mehmondо‘stligi, Kasbi tumani Fazli qishlog‘idagi Abduxoliq bobomning odamiyligi haqida kо‘p aytib bergan ekanlar, yangamiz Yelena xola  mehr bilan, ochiq kо‘ngillik bilan meni kutib oldilar. Uylaridan joy berib, mehribonlik kо‘rsatdilar. Bir kuni Qora dengiz bо‘ylab sayrga taklif qildilar. Dengiz bо‘ylab yurganimda ikki nafar о‘zbekistonlik hamyurtlarim bilan tasodifan tanishib qoldim. Xorazmlik va andijonlik bu yigitlar qariyib bir yildan buyon pasportsiz, oylik olmasdan  majburiy mehnatga jalb qilinayotganliklarini, fursat topguncha uylariga qaytib ketishlari kerakligi, qochishning hech iloji yо‘qligini aytib, dardlarini tо‘kib solishdi. Uzoq suhbatlashdik, yuragimga olov tushdi. Yelena xolanikiga  qaytib kelgach, uxlolmay chiqdim. Qoshi qoshimday, kо‘zi kо‘zimday tim qora vatandoshlarimning mungli chehralari xayolimdan ketmay qoldi.

Ertalab uyg‘onishim bilan yana о‘sha yigitlarning oldiga yugurdim. Yashash sharoitlari bilan tanishdim, kazarmaday joyda tiqilib, hech qanday sharoitsiz yashayotgan о‘zbekistonlik, tojikistonlik, qirg‘izistonlik yigitlarning ahvolini kо‘rib battar yuragim achishib ketdi. Hali hamon temir kravotlar, yag‘iri chiqib ketgan choyshablar, nurab ketgan devorlar, teshilib ketgan pollar xayolimdan ketmaydi.

Nima qilishni bilmay yana Qora dengiz bо‘yini yig‘lab-yig‘lab aylandim. Chorasizligimdan ezilib ketdim. Kо‘p yо‘l-yо‘riqni biladigan Yelena xoladan yordam sо‘rash kerak, degan fikr yarq etib xayolimdan о‘tdi. Yugurib uyiga qaytib keldim va  voqeani obdon tushuntirdim.  Yurtdoshlarimni qutqarishga yordam berishlarini sо‘rab, yalinib-yolvordim. Ularni vatandoshlarim yashayotgan joyga yetaklab keldim. Xola vaziyatni tushunib yetgach,  qayerlargadir qо‘ng‘iroq qildi, kimlar bilandir talashib-tortishdi. Eng qizig‘i, yigitlarimizning pasportini olib qо‘ygan zо‘ravonlar esa bir pastda qayergadir g‘oyib bо‘lishdi. Telefonda navbatdagi daxanaki jangdan sо‘ng, xola bizni bir xonaga boshladilar va polni qо‘porishni buyurdi. Polni qо‘llarim bilan buzib, ochib qarasam bir uyum pasport skochlab tashlangan, umrim bino bо‘lib buncha pasportni kо‘rmagan edim. Shosha-pisha  pasportlarni bir-biridan ajratib, egalariga  tarqatdim. Yigitlar goh meni, goh Yelena xolani quchoqlab minnatdorchilik bildirishar, quvonchlarining cheki yо‘q edi. “Noshukurligimiz uchun shunday balolarga yо‘liqdik”, “binoyiday ishimni tashlab kelibman-a”, “menga bu yerlarda nima boriydi”, “ikki dunyodayam bunaqa noma’qul ishga qо‘l о‘rmayman”, “о‘z yurtingdan qо‘ymasin ekan”... Yigitlar bir olib, biri qо‘yib shunday deyishar, pasportlarini kо‘zlariga surishar edi.

Qonun-qoidani yaxshi biladigan Yelena xoladan yillab ishlab, eng og‘ir ishlarga jalb qilinsada bir tiyin ham ololmay aldangan yigitlarni yurtga qaytarishga ham yordam berishlarini sо‘radim. Xola yana bir marta himmat kо‘rsatib, avtobus,  yengil avtomashina yollab berdilar.  Mehribon, g‘amxо‘r va yaxshilikni unutmaydigan, о‘ris xolam bilan ming yillik qadrdonlarday quchoqlashib xayrlashdik. U kishi ham kо‘zda yosh bilan bizni kuzatib qoldilar.

Uzoq va mashaqqatli safarimiz tugab, qadrdon О‘zbekistonimizga yetib keldik. Yigitlar  menga tashakkur bildirib, uy-uylariga tarqab ketishdi. Men ham uyga kelgach, bobomni ortiqcha xavotirga solmaslik uchun bо‘lgan voqealar haqida og‘iz ochmadim.

Kunlardan bir kun Toshkentdan mehmonlar kelib, tuman yoshlari bilan uchrashuv о‘tkazishdi. Odam savdosi haqida gapirishdi. О‘shandagina sо‘z olib, tengdoshlarimni ogohlantirish uchun bо‘lgan voqeani aytib berdim.

...keyin meni hamma “qahramon” deb atay boshlashdi. Tuman hokimi yonlariga ishga oldilar. “Mard о‘g‘lon” mukofotiga tavsiya qilishdi. Qandaydir xijolatli ham. Mening о‘rnimdagi har qanday inson shunday qilgan bо‘lardi, deb о‘ylayman. Hech qanday manfaat yoki ta’masiz. Yoshlar bilan uchrashuvda Odam savdosining salbiy oqibatlari haqida suhbat ruhlantirmaganda, bu voqealarga shaxsan о‘zim guvohligimni, boshqalarga  noqonuniy yо‘llar bilan horijda ishlashga borish og‘ir oqibatlarga olib kelishini aytmasam gunoh bо‘ladi, deb о‘yladim. Aytdim. Bо‘lmasa bu voqea, balki ichimda qolib ketarmidi. 

Aslida, asl qahramonlik xalqimizning qadriyatlarida deb о‘ylayman. Abduxoliq bobomning mehru oqibati, bag‘rikengligi, insonparvarligidan paydo bо‘lgan dо‘stlik tufayli 135 nafar yigit odam savdosi jabridan qutqarildi. Mening fikrim shu.

 Endigi rejammi? Oliy ma’lumotli bо‘lish, el-yurtga naf keltiradigan kasbni egallash. Men uchun qahramonlik?... Umrni mazmunli о‘tkazish, ota-bobolarimizga munosib hayot kechirishdir.

                                                                                    Suhbatdosh: Lola Saodatova.

22-04-2019 |
Фото галерея