Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi binosi yonida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Xotira monumenti” ochildi. 

О‘tganlarning xotirasini yod etish, ularga hurmat, ehtirom kо‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatdir. Ayniqsa, yurtimizda qutlug‘ Ramazon oyi fayzu tarovati kezib yurgan ayni kunlarda ado etilgan bunday ezgu amallar о‘zgacha ahamiyat kasb etadi.

Mazkur majmuada ichki ishlar tizimida samarali xizmat qilib, jinoyatchilarni qо‘lga olish, zararsizlantirish hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bо‘lgan 15 nafar fidoyi inson siymosi aks ettirilgan. Vatanning bu jasur va matonatli farzandlari el-yurt osoyishtaligini asrash yо‘lida о‘zining aziz jonini ham ayamadi. Ularning jasorati tizimda xizmat qilayotgan har bir xodim uchun ibrat namunasi, asl fidoyilik maktabidir.

Kitob tumani ichki ishlar bо‘limi profilaktika inspektori, kapitan Abdirashid Nazarov mana shunday fidoyi va mard insonlardan biri edi. U 1992 yil 26 mart kuni Kitob tumani hududida о‘tkazilgan “Tun” tadbirida ikki nafar о‘ta xavfli jinoyatchini qо‘lga olish vaqtida halok bо‘lgan. Abdirashid Nazarov Prezidentimiz farmoniga kо‘ra II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan.

Suratlarni Murodullo Komilov  olgan.

10-05-2019 |
Фото галерея