Joriy «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da Qashqadaryo viloyatining Kasbi, Koson va Mirishkor tumanlari pillakorlari belgilangan shartnoma rejasini ortig‘i bilan qulay muddatlarda bajardilar. Kasbi tumani pillakorlari 210 tonnadan ortiq, Koson tumani 191 tonnadan ortiq, Mirishkor tumani 61 tonnadan ortiq yuqori sifatli ipak yetkazib berdilar.

Xalqimiz pillachilik bilan azaldan shug‘ullanib keladi. Bugun ham viloyatda ipak qurti boqish hadisini puxta о‘zlashtirgan oilalar kо‘p. Ular oddiy sharoitda ham har quti ipak qurtidan 65 kilogramdan oshirib sifatli hosil yetishtirmoqda.

 

Pillakorning pirovard mehnat natijasi rag‘batu manfaatdorlikka ham bog‘liq. Pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchilar mehnatiga haq tо‘lashga yо‘naltiriladigan mablag‘lar bо‘yicha yagona ijtimoiy tо‘lovlardan ozod qilindi. Uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchilar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini tо‘lamaydigan bо‘ldi. Pilla boquvchilar va tizim kasanachilarining pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya tayinlashda bir yillik ish staji, deb hisoblanadi. Bu yanada yaxshi natijaga undaydigan manfaat, pilla yetishtiruvchining mо‘l daromadiga omil. 

Muxtasar aytganda, tarmoqni xar tomonlama rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarishni kо‘paytirish, qayta ishlashni xalqaro standartlarga yetkazish bilan birga, sohada aholi bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Viloyat hokimligi axborot xizmati

21-05-2019 |
Фото галерея