Qashqadaryo viloyatida traktor ag‘darilishi natijasida jarohat olgan fuqaro qishloqdan shahar markaziga vertolyotda olib borildi.

22 aprel kuni Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga traktor ag‘darilishi oqibatida jarohat olgan fuqaroga yordam tо‘g‘risidagi murojaat kelib tushdi.

FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, Dehqonobod tumanida istiqomat qiluvchi B. M. traktorda dala ishlarini bajarar ekan, surunkali yomg‘ir yog‘ishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida mashina ag‘darilib ketadi. Natijada B. M. og‘ir tan jarohat olib, qishloq vrachlik punktiga yetkaziladi.

Mutaxassislarning kо‘rigi natijasida, jabrlanganga shoshilinch tibbiy yordam kо‘rsatish lozimligi aniqlanib, bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga etkazish ehtiyoji yuzaga kelgan. Biroq noqulay ob-havo, yо‘llardagi nosozlik, qolaversa, qishloq va tuman markazi о‘rtasidagi olis masofa tufayli bemorga zudlik bilan yordam kо‘rsatish imkoniyati yо‘q edi.

Shu munosabat bilan, Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining murojaati asosida Janubi-G‘arbiy alohida harbiy okrug tomonidan bemorni evakuatsiya qilish uchun Mudofaa vazirligiga tegishli MI-171 vertolyoti ajratilib, fuqaro B.M. qutqaruvchilar nazorati ostida Qarshi shahridagi Xonobod aerodromiga etkazilgan.

Bemor aerodrom hududidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga yetkazildi. Hozirgi vaqtda bemorga barcha zaruriy ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam kо‘rsatilmoqda.

 

25-04-2019 |
Фото галерея