Qashqadaryoda OAVda jurnalistlar tomonidan kо‘tarib chiqilgan muammoli holatlarga о‘z vaqtida munosabat bildiruvchi, jurnalist, bloger va mutaxassislardan iborat 7 kishilik ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tarkibi 23 may kuni viloyat hokimligida bо‘lib о‘tgan matbuot xizmatlari faoliyatiga doir davra suhbatida ma’lum qilindi.

Tadbirda sо‘z olgan viloyat hokimi о‘rinbosari Dolli Allayev bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va xorij ommaviy axborot vositalarida voqeaning asl mohiyatini tushunib yetmay, mutasaddilarni yoki hokimiyat vakillarini aybdor qilishga urinish holatlari ham uchrab turganligini ta’kidlab, ishchi guruh mana shunday noxolis axborot beruvchilarga ham о‘z vaqtida munosabat bildirishi lozimligi haqida taklif kiritdi.

Tadbirda sо‘z olgan “Qashqadaryo” gazetasi bosh muharriri Kamoliddin Karimov matbuot xizmati xodimlarining axborot berishni paysalga solishini tanqid qildi. “Kitob tumanida kelgan sel va uning oqibatlari haqida bilish uchun Favqulotda vaziyatlar boshqarmasining rasmiy izohini 3 kun kutdik, — deydi Kamoliddin Karimov. – Shu 3 kunda berilgan javobni ham qayta-qayta sо‘rayverganimizdan sо‘ngina, olishga muvaffaq bо‘ldik. Vaholanki, bu orada xorijiy OAVlarda asoslanmagan, tasdiqlanmagan, sel talofatlarini bо‘rttirib kо‘rsatuvchi videolar ham tarqalib ulgurdi.

Kamoliddin Karimovga kо‘ra, xorij OAVsi yoki ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz, bо‘hton xabarlarni kamaytirish uchun matbuot xizmatlari “uyg‘onishi kerak”.

— Bugungi kunda axborot oqimini boshqarib bо‘lmaydi, — deydi Kamoliddin Karimov. – Asossiz va bо‘hton xabarlarning oldini olish uchun matbuot xizmatlari jurnalistlarga aniq ma’lumotni tez fursatda yetkazib berishi kerak.

Suratlarni Murod Komilov olgan 

                                                                Viloyat hokimligi axborot xizmati

24-05-2019 |
Фото галерея