Gilam tо‘qish xalq amaliy bezak san’atining keng tarqalgan turi bо‘lib, kо‘p asrlik milliy an’ana va uzoq tarixga ega. U qadimdan ayollar orasida keng tarqalgan hunar sifatida mashhurdir.

E’tiborli jihati, bugun bu ishni tadbirkorlik yо‘nalishi sifatida tanlab, uni muhim daromad manbaiga aylantirganlar ham kо‘pchilikni tashkil etadi. Qarshi shahri Arabxona mahallasida yashovchi Davron Hamrayev ham oila a’zolari bilan birgalikda an’anaviy usulda gilam tо‘qish faoliyatini yо‘lga qо‘ygan.

- Gilam tо‘qish bilan oilaviy shug‘ullanamiz, - deydi u. - Bu hunarni turmush о‘rtog‘im, farzandlarim ham yaxshi о‘zlashtirgan. Mamlakatimizda tadbirkorlar, hunarmandlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, imtiyozlardan unumli foydalanib, shu hunar asosida о‘z tadbirkorlik faoliyatimizni yо‘lga qо‘yish, ishni keng miqyosda olib borishga qaror qildik. Hozir bir necha turdagi gilam va boshqa tо‘quvchilik buyumlari ishlab chiqarmoqdamiz. Shu bilan birga, turli kо‘rgazmalarda namoyish etayapmiz.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, bugun gilamchilik sanoati juda rivojlanib ketgan. Bozorda sanoat usulida tо‘qilgan, bejirim dizaynga ega gilamlar kо‘p. Ammo bu ana’anaviy usulda, qо‘lda tо‘qilgan gilamlar urfdan qoldi, degani emas. Har ikkisining ham xaridorlari topiladi.

- Ayni paytda gilam bilan birgalikda qо‘lda yigirilgan jun ipdan turli buyumlar, misol uchun, xurjun, sumka, hamyon, shuningdek, bezak sifatida foydalanish uchun kichik sholchalar tо‘qishni ham о‘zlashtirdik, - deydi Davron Hamrayevning turmush о‘rtog‘i Gо‘zal Boqiyeva. - Albatta, qо‘lda, mashaqqatli mehnat evaziga yaratilgan buyum har doim kishining e’tiborini tortadi. Bizning mahsulotlarimiz ham ichki bozorda xaridorgir. Qolaversa, buyurtma qiluvchilar ham kо‘p. Shu bois ishni yanada kengaytirish, shogirdlar tayyorlab, ularni ham shu faoliyatga jalb etish haqida о‘ylayapmiz.

Albatta bir hunarni shunchaki о‘zi uchun bajarish boshqa, undan tadbirkorlik yо‘rig‘ida foydalanish boshqa. YA’ni, ikkinchisining hunar egasiga ham, atrofdagilarga ham nafi kо‘proq. Hunarmandlarning davlat darajasida qо‘llab-quvvatlanayotgani mohiyati ana shunda namoyon.

Jahongir BOYMURODOV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

14-05-2019 |
Фото галерея