Viloyatimiz qishloq xо‘jaligining chorvachilik tarmog‘iga xorijiy investorlar sarmoya kiritish istagida. Polshaning "Global business promotion group" kompaniyasi shu yо‘nalishdagi istiqbolli loyiha tashabbuskori. Ushbu kompaniya vakillari vohamizga ikki kunlik tashrifi davomida vakolatli tashkilotlar bilan о‘tkazgan muzokaralari natijasida shunday tо‘xtamga kelgan.

Safar doirasida belgilangan tadbirlarning ilk kunida mehmonlar "Nishon kо‘zgusi" fermer xо‘jaligiga qarashli majmuada о‘z xizmatlari kо‘rgazmasini namoyish qilishdi. Bundan kо‘zlangan maqsad ichki bozorda chorva va chorvachilik mahsulotlari, sifatli veterinariya xizmati, chorva ozuqasiga bо‘lgan talabni о‘rganishdan iborat bо‘ldi. Kо‘rgazmaga viloyatimizdagi fermer xо‘jaliklari rahbarlari, veterinariya va chorvachilik sohasi mutaxassislari, chorvachilik bilan faol shug‘ullanuvchi aholi vakillari taklif etildi. Ishtirokchilar bu yerda kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bо‘ldi. Polshadan keltirilgan 33 bosh Golshtin zotli qoramol qatnashchilarni befarq qoldirmadi.

- Kompaniya delegatsiyasi viloyatimizdagi ayni jabhadagi bozorni yuqori baholadi, - deydi "О‘zbekchorvanasl" agentligi viloyat hududiy "Chorvanasl" markazi direktori   Shavkat Xolmurodov. - Ular bilan hamkorlik chorvachilik yetakchi tarmoq sanalgan Qashqadaryodek hudud uchun juda muhim. Chunki bugun Polsha  bu sohada katta yutuqlarga erishmoqda. Xorijlik sarmoyadorlar ham viloyatimizda biznes boshlashga ishtiyoqmand. Suhbat asnosida shu narsa ma’lum bо‘ldiki, ular yirik istiqbolli loyihani ilgari surmoqchi. Dastlabki bosqichda kompaniya vohamizga naslli qoramol, veterinariya jihozlari yetkazib berish, shu maqsadda bu yerda о‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirgan. 2020 yilda esa kо‘p sonli chorva parvarishi, tо‘yimli yem, bioqо‘shimchalar ishlab chiqarish, sut va gо‘shtni qayta ishlashni yо‘lga qо‘yishni о‘z ichiga olgan zamonaviy klaster barpo etish taklifi berilgan.

Ma’lum bо‘lishicha, delegatsiya a’zolari vohamiz agrar sektori haqida kengroq tasavvurga ega bо‘lish maqsadida Qarshi va Yakkabog‘ tumanlariga ham borgan. Shuningdek, kompaniya vakillari viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev qabulida bо‘lib, kelgusidagi rejalari bilan о‘rtoqlashishgan.

Aytish joiz, Polsha kompaniyasi rо‘yobga chiqarmoqchi bо‘lgan loyiha qiymati, tashkil etilajak quvvatlar kо‘lamiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

M.SHUHRATOV

MUROD  KOMILOV olgan surat.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

17-05-2019 |
Фото галерея