Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bо‘lgan aholi vakillarini har tomonlama qо‘llab-quvvatlash, ularni uy-joy, munosib ish bilan ta’minlash, о‘zlarini jamiyatning tо‘laqonli a’zolari sifatida his qilishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatning ustuvor maqsadlaridan biriga aylangan.

Yaqinda Qarshi shahridagi Kat mahallasi hududida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 20 xonadondan iborat ikki qavatli turar joy binosi ta’mirlanib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga topshirilishi ham bu ishlarning yana bir yorqin namunasi bо‘ldi. E’tiborlisi, mazkur binoning birinchi qavatidagi xonadonlar nogironligi bо‘lgan shaxslarga moslashtirilgan bо‘lib, ularning yashashi, kirib chiqishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Ushbu hudud Qarshi shahar prokurori sektori tarkibiga kirgan bо‘lib, ayni paytda prokuratura tomonidan bu yerdagi aholining  ijtimoiy himoyasini ta’minlash bо‘yicha yana bir qator ishlar rejalashtirilgan.

Jumladan, ayni paytda mazkur turar joy yaqinidagi "JM-DOORS" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli binoda ikkita yirik ishlab chiqarish majmuasi tashkil etilmoqda.

Birinchi loyiha doirasida, qiymati 1 milliard 200 million sо‘mlik tikuv-tо‘qimachilik korxonasi tashkil etilib, bu yerda turli xil kiyim-kechaklar tayyorlanadi. Ikkinchi loyiha esa zamonaviy eshik va romlar ishlab chiqarishga mо‘ljallangan korxona qurilishidir. Qiymati 3 milliard 700 million sо‘mni tashkil etadigan ushbu majmuada ishlab chiqarilgan eshik va romlarning ichki bozorga yetkazib berilishi hamda eksportga chiqarilishi mо‘ljallangan.

Mazkur loyihalar 2019-2020 yillarda ishga tushirilib, natijada 150 ta yangi ish о‘rni yaratiladi. E’tiborli tomoni, ushbu korxonalarda birinchi navbatda nogironligi bо‘lgan shaxslar mehnatidan foydalanilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda shahar prokuraturasi tomonidan bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

S.MUHAMMADIYEV,

Qarshi shahar prokurori о‘rinbosari

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

25-05-2019 |
Фото галерея