18 may - Xalqaro muzeylar kuni

Maqom - qalbga sokinlik va orom, ruhiyatga poklik, mо‘tadillik bag‘ishlovchi san’at. Uning sehrli kuchi shundayki, о‘zbek tilini mutlaqo tushunmaydigan xorijliklar ham bu musiqamizni berilib tinglashadi. Shundan bо‘lsa kerak, asrlar davomida mohir bastakorlar, hofiz va sozandalarning mashaqqatli mehnati, ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelgan ushbu noyob san’at gultoji bо‘lgan "Shashmaqom" va "Katta ashula" YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgan.

Bir sо‘z bilan aytganda, maqom san’ati xalqimizning ulkan nomoddiy madaniy merosi hisoblanadi. Ushbu merosni asrab-avaylash, yanada boyitib, kelajak avlodlarga ham yetkazish ustuvor ahamiyatga ega. О‘tgan yili Shahrisabz shahrida Amir Temur nomidagi moddiy-madaniyat tarixi muzeyining filiali sifatida tashkil etilgan Maqom muzeyi ana shu maqsadga xizmat qilishi shubhasiz.

Bugun bu muzeyda maqom san’atiga oid 300 ga yaqin turli  eksponatlar saqlanmoqda. Bu yerga kirgan kishi maqom san’atining shakllanish tarixi, ijrochilari, cholg‘u asboblari, umuman, maqom tо‘g‘risida tо‘liq ma’lumotga ega bо‘ladi.

- О‘lkamizda musiqa ilmi juda kо‘p asrlar muqaddam shakllangan, - deydi muzey mudiri О‘ral Vahobov. - Buni eksponatlar ham isbotlaydi. Masalan, Surxondaryo viloyatining Ayritom mavzesida olib borilgan arxeologik qazishmalar chog‘ida topilgan, miloddan avvalgi I asrga taalluqli yodgorlik - musiqachilar tasviri tushirilgan friz va boshqa eksponatlar bunga shohid.

Muzey besh bо‘limdan iborat bо‘lib, birinchi bо‘lim musiqa tarixi, deb nomlanadi. Bо‘limdagi eksponatlar ajdodlarimizning musiqaga oid bilimlari juda qadimga borib taqalishini namoyish etadi. Masalan, arfa musiqa asbobini chalayotgan ayol tasvirlangan ostadon kо‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Bu zardushtiylik dini bilan bog‘liq yodgorlikning kо‘chirma nusxasi bо‘lib, asl nusxasi Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyida saqlanadi.

Ikkinchi bо‘lim Buxoro shashmaqomi, keyingisi Farg‘ona-Toshkent maqomi, tо‘rtinchi bо‘limda Xorazm maqomi, beshinchisida esa XX asrda shakllangan Surxondaryo-Qashqadaryo maqomiga oid ma’lumotlar jamlangan. Har bir bо‘limda hududga xos qadimiy va zamonaviy cholg‘u asboblari, audio albomlar, nota tо‘plamlari, musiqiy adabiyotlar, hatto kiyim-kechaklar ham joylashganki, muzeyga kelgan har bir kishi о‘lkaga xos san’at haqida keng ma’lumot olishi mumkin. Shuningdek, "О‘zbekiston maqom san’ati ustalari" rukni ostida chop etilgan yangi adabiyotlar, shu jumladan, о‘zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy tadqiqot va ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar yosh mutaxassislar uchun qо‘llanma vazifasini о‘taydi.

Muzey umumiy zalida  eski grammofon, likopchalar, XVIII, XX asrlarga oid о‘zbek, tojik, uyg‘ur, afg‘on va boshqa Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan cholg‘u asboblari barchani hayratlantirishi shubhasiz. Ayniqsa, musiqa san’ati rivojiga hissa qо‘shgan Matniyoz Yusupov, Yunus Rajabiy chizmalari asosida usta Usmon Zufarov yasagan afg‘on rubobi, dutor, tor va boshqa cholg‘u asboblari xorijiy mutaxassislarni ham, mahalliy sayyohlarni ham qiziqtirmoqda.

Shunday cholg‘ulardan biri dag‘al yirik rezonatorli ingichka qopqoq bilan berkitilgan, kichik yoriqli va bо‘yinchali grifli musiqiy cholg‘u asbobida mizrib yordamida ohang hosil qiladigan ud cholg‘usidir. Nozik did bilan yasalgan ud VIII-X asrlarda Sharqda zamonaviy kо‘rinishi keng tarqalgan cholg‘u asboblar qiroli sanalgan. Bu cholg‘u о‘zining noyobligi, ohangining jarangdorligi bilan ajralib turadi. Kо‘pgina soz yasovchi ustalar, musiqashunoslar ushbu cholg‘uning yasalishini о‘rganishni istaydi.

Maqom muzeyi fondi kundan-kun boyib bormoqda. Dastlab Madaniyat vaziri B.Sayfullayev va О‘zbekiston xalq hofizi U.Ahmedov 40 dan ziyod noyob eksponatlar hamda noyob cholg‘u asboblarini sovg‘a qilishgan bо‘lsa, keyinchalik turli xorij davlatlaridan ham bu san’atga tegishli buyumlar, adabiyotlar jо‘natildi. Xuddi shunday an’anani AQShda faoliyat yuritayotgan О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist Izro Malakov ham davom ettirdi. Uning tashabbusi bilan XIX-XX asrlarda Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo vohalarida faoliyat yuritgan maqom san’ati ijodkorlari tomonidan ishlatilgan kо‘pgina noyob eksponatlar muzey ekspozitsiyasidan joy oldi. Eksponatlar orasida bugungi kunda maqom yо‘nalishida faoliyat yuritayotgan amerikalik va kanadalik yosh ijodkorlar hayotiga oid materiallar ham mavjud.

Sojida ALLAYOROVA tayyorladi.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

17-05-2019 |
Фото галерея