Bu yil bahorning seryog‘in kelishi, yerda namlikning yuqoriligi dehqonlarimiz uchun juda kо‘p imkoniyatlar taqdim etdi. Lekin yog‘ingarchilik kuchli va doimiy bо‘lgan kezlarda bir qator ekinlar, xususan, g‘о‘za parvarishi alohida e’tibor talab etadi.  Shu bois, bunday paytda g‘о‘zani undirib olish va parvarishlash uchun bir qator agrotexnik talablarga amal qilish lozim. Quyida ularning eng asosiylari haqida fikr yuritamiz.

Chigit unib chiqmagan bо‘lsa...

Kuzatishlarimizdan ma’lum bо‘lmoqdaki, ayrim fermerlarimiz allaqachon g‘о‘zani yaganalash ishlarini tugatgan bо‘lsa, yerda namlikning yuqoriligi bois hali chigit ekib ulgurmagan yoki ekilgan chigiti tо‘liq unib chiqmagan fermerlar ham yо‘q emas.

Ular albatta, endi g‘о‘za ekishni yoki qayta ekishni boshlaydi. Biroq, may oyining dastlabki yarmida ekilgan chigit muddatidan kechikkan, ikkinchi yarmida ekilgani esa ancha kechki hisoblanadi. Shuning uchun   endi chigit qadayotgan fermerlar iloji boricha ertapishar navlardan foydalanishi lozim.

Ertapishar navlar о‘rtacha 100-110 kunda tayyor bо‘ladi. Demak, ayni paytda ertapishar navlar ekilsa, avgust oyi о‘rtalaridan g‘о‘za kо‘saklari ochilishni boshlaydi. Bu hosilni yig‘ib olish uchun maqbul muddat hisoblanadi.

Ma’lumot о‘rnida aytib о‘tish joiz, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan Qashqadaryo viloyatida 2019 yil hosili uchun g‘о‘zaning rayonlashtirilgan va istiqbolli navlarini joylashtirish rejasiga muvofiq, bu yil viloyatimizda g‘о‘zaning "Buxoro-102", "Namangan-77", "Porloq-4", "Buxoro-6", "Buxoro-8", "Ishonch", "О‘nqо‘rg‘on-2", "Namangan-102", "Buxoro-10", "AN-419" navlaridan foydalanilmoqda. Ular orasida "Buxoro-102", "Namangan-77" hamda "Porloq-4" navlari an’anaviy ravishda foydalanib kelinayotgan ertapishar navlardir.

Yaganalash - muhim ish

Yaganalash g‘о‘za parvarishidagi eng muhim tadbirlardan biri hisoblanadi. Boisi, о‘simlikdan yuqori va sifatli hosil olish uchun tuproqning unumdorlik darajasini inobatga olgan holda kо‘chat qalinligini qoldirish muhim ahamiyatga egadir.

Misol uchun, tuproq unumdorligi past bо‘lsa, imkon darajasida kо‘proq kо‘chat qoldirish kerak. Boisi, bunday maydonda g‘о‘za kо‘p shox bog‘lab, ya’ni tarvaqaylab ketmaydi va bir-biriga xalaqit qilmaydi. Aksincha, tuproq unumdorligi yuqori bо‘lgan maydonlarda g‘о‘za tup sonini kam qoldirish kerak. Agar bunday maydonda tup soni kо‘p bо‘lsa, о‘simlikning vegetativ massasi oshib ketishi natijasida hosil salmog‘i va sifati pasayishi isbotlangan.

Yaganalash qachon о‘tkazilishi kerak?

Odatda kо‘pchilik ekilgan chigit tо‘liq unib chiqqanidan sо‘ng yaganalash tadbirlarini о‘tkazadi. Biroq bu ishni boshlashda ham tuproq sharoiti, g‘о‘za     navlarining morfologik belgilari va biologik xususiyatlarini inobatga olish lozim.

Yaganalashning eng maqbul muddati g‘о‘za nihollarida 1-2 chin barg paydo bо‘lgan vaqt hisoblanadi. Tadbirni ana shu paytda boshlash va tez tugatish kerak. Boisi, yaganalash 3-5 kunga kechiktirib о‘tkazilsa, paxta hosili 2-3 sentnerga, 4-5 chin barg chiqarganda tugallansa, 4-5 sentnerga kamayishi aniqlangan. Eng asosiysi, yaganalash kech о‘tkazilsa, nihollar ildizlari bir-biri bilan birikib ketishi natijasida yaganalash paytida qolgan nihollar ildizi ham shikastlanadi. Natijada tuproqdagi kasallik zamburug‘lari о‘simlikni zararlab, g‘о‘zaning suv va ozuqadan foydalanish kо‘rsatkichi kamayishi hisobiga    15-20 foizgacha kam hosil olinadi.

Ayniqsa, joriy yilgi seryog‘in mavsumda sо‘ruvchi hasharotlarning faol xurujlarini inobatga olib, albatta, о‘simliklar chin barg chiqargandan keyin saralash ishlarini boshlash kerak. Yaganalashda har bir ishchiga  birinchi navbatda sо‘ruvchi hasharotlar ta’sirida kо‘proq zararlangan о‘simliklarni yulib tashlashni uqtirish lozim.

Yaganalashdan 7-8 kun о‘tgandan sо‘ng kо‘chat qalinligi yana bir bor tekshirilib, qalin kolgan, keyin ungan nihollar yulib tashlanib, tо‘liq gektar hosil qilinadi. G‘о‘zani yaganalashda о‘lchov tayoqchalaridan foydalanib, bir gektar uchun mо‘ljallangan kо‘chat sonini aniq qoldirishga erishish mumkin.

Qancha kо‘chat qoldirilishi kerak?

Viloyatning Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlaridagi unumdorligi yuqori bо‘lgan tuproqlarda "Namangan-77", "Buxoro-102" va "О‘zPITI-2601" g‘о‘za navlarini har bir gektarga 100-110 ming tup kо‘chat qoldirish uchun qator oralig‘i 60 santimetrli egatlarda har bir metrda 6-7 tadan о‘simlik qoldirish kerak.

Tuproq unumdorligi nisbatan past bо‘lgan G‘uzor, Chiroqchi, Qarshi, Nishon, Koson va Kasbi tumanlarida esa о‘rta tolali "Buxoro-6" va "Buxoro-8" g‘о‘za navlarida 100-110 ming kо‘chat qoldirish uchun qator oralig‘i 60 santimetrli egatlarda har bir pogonometrda 6-7 ta, qator oralig‘i 90 santimetrli egatlarda esa 9-10 tadan о‘simlik qoldirish lozim.

Shuningdek, tuproq unumdorligi juda past bо‘lgan qumli, mexanik tarkibi yengil bо‘lgan, chigit 90 santimetr kenglikda ekiladigan Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak va Koson tumanlarida "Buxoro-6", "Buxoro-8" va "Porloq-4" g‘о‘za navlarini 110-120 ming (bir pogonometrda 10-11 о‘simlik), "О‘zPITI-2601" va "Buxoro-102" g‘о‘za navlari kо‘chat qalinligini 120-130 ming (har bir pogonometrda 11-12 ta о‘simlik) qoldirish talab etiladi.  

Chigit qо‘sh qatorlab ekilgan dalalarda esa kо‘chat qalinligi 130-135 ming (bir pogonometr qо‘sh qatorda 12-13 ta о‘simlik)ni tashkil etishi lozim. Bunda kо‘saklar 8-10 kunga erta ochiladi va kо‘chat hisobiga 5-6 sentnergacha qо‘shimcha paxta hosili olinadi.

Birinchi ishlov sifatli о‘tkazilishi muhim

G‘о‘za qator orasiga dastlabki ishlov g‘о‘za nihollarining 75-80 foizi unib chiqib, qatori kо‘ringandan boshlanadi.

Birinchi ishlovdayoq tuproq sifatli ishlansa, unib chiqmagan 20-25 foiz chigitning unishi tezlashadi, tuproq mayin, donador bо‘lib, о‘simlikning ildiz tizimi tez rivojlanadi.

Ishlov berish chuqurligi shunday tanlanishi kerakki, bundan yosh nihollar shikastlanmasligi, joyidan qо‘zg‘almasligi va tuproq bilan kо‘milmasligi kerak.

Bu yil bahorgi ob-havoning salqin va seryog‘in kelganini inobatga olib, birinchi va ikkinchi ishlovda g‘о‘za qator oralaridagi tuproqning ortiqcha namligini yо‘qotish uchun kultivatorning ishchi organlarini "ochiq" ishlov berishga moslashtirish kerak. YA’ni, g‘о‘zaning ildiz tizimi yaxshi rivojlanishini ta’minlash va ortiqcha namni kamaytirish maqsadida birinchi va ikkinchi ishlov orasida egat о‘rtasi chuqur yumshatilganda, о‘simliklarning issiqlikdan foydalanish samaradorligi oshadi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu tadbirlarning о‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ertangi hosildorlik salmog‘ini belgilovchi eng muhim jihatlardir.

I.RAHMATOV, 

qishloq xо‘jaligi fanlari doktori, professor

SH.DJUMAYEV,

qishloq xо‘jaligi fanlari doktori

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-05-2019 |
Фото галерея