Qarshi shahrida yong‘in о‘chirish amaliy sporti bо‘yicha "Dinamo" jismoniy tarbiya va sport jamiyati chempionatining respublika bosqichi о‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar yong‘in      xavfsizligi boshqarmalari hamda obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash boshqarmalarining terma jamoalari ishtirok etdi.

Musobaqaning ochilish marosimida viloyat hokimi о‘rinbosari Dolli Allayev, Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi о‘rinbosari, polkovnik Ravshan Jо‘rayev, viloyat YOXB boshlig‘i, podpolkovnik Farhod Mirzayev va boshqalar sо‘zga chiqib, yong‘in xavfsizligi xizmatining ahamiyati, mas’uliyati, sohada olib borilayotgan islohotlar va ularning natijalari xususida sо‘z yuritdi. Jamoalarning kо‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Shundan sо‘ng chempionatning asosiy bahslari Qarshi shahridagi "Geolog" hamda "Dinamo" sport majmualarida о‘tkazildi.

- Tegishli nizomga kо‘ra, chempionat dastlab shahar (tuman)lar, viloyatlar kesimida tashkil etilib, eng sara 17 ta jamoa respublika bosqichiga yetib keldi, - deydi viloyat YOXB boshlig‘ining xizmat bо‘yicha о‘rinbosari, podpolkovnik Farhod Quvvatov. - Ular 4x100 metrli yong‘in о‘chiruvchilar estafetasi, 100 metrga tо‘siqlar osha yugurish, ishg‘ol qilish narvonida о‘quv minorasining 4-qavatiga kо‘tarilish hamda yong‘in о‘chirish avtomobili vositasida jangovar yoyilish kabi yong‘in о‘chirish amaliy sport turlari bо‘yicha kuch sinashdi.

Jamoalarning mahorat, shijoat va jasorat bobida kо‘rsatgan natijalari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga kо‘ra, tо‘rtta shart bо‘yicha eng yuqori ball jamg‘argan Buxoro viloyat YOXB jamoasi mutlaq g‘oliblikni qо‘lga kiritgan bо‘lsa, ikkinchi о‘rin Yong‘in xavfsizligi instituti terma jamoasiga nasib etdi. Viloyatimiz о‘t о‘chiruvchilari esa kuchli uchlikni yakunlab berdi.

G‘olib va sovrindor jamoalarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Jahongir BOYMURODOV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

23-04-2019 |
Фото галерея