Sanoat kirib bormagan hududni tо‘la rivojlangan deb bо‘lmaydi, chunki aynan shu soha iqtisodiy о‘sish sur’atiga jiddiy ta’sir kо‘rsatadi. Zamonaviy texnologiyaga tayangan sanoat quvvatlari kо‘p bо‘lsa, raqobatbardosh iste’mol tovarlari ishlab chiqarish kо‘lami oshib, chetdan mahsulot olib kelish kamayadi. Asosiysi, bunday korxonalar barqaror ishlashi aholi bandligi ta’minlanishiga, hudud byudjetiga tushum kо‘payishiga olib keladi.

Viloyatimizda ham bu tarmoq imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida kо‘plab istiqbolli tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Yangi loyihalar ishga tushirilayapti. Muborak tumanidagi "Tabiiy toza" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati ham bunga yorqin misol. Ayni paytda korxona ikki yо‘nalishda ish olib bormoqda.

- Sutni qayta ishlash va parrandachilikda bir necha yillik tajriba tо‘plaganmiz, - deydi korxona direktori Azizbek Ibragimov. - Hozirda bu tarmoqlarda yuqori samaradorlik kо‘rsatayapmiz. Sut seximizning kunlik quvvati 3 tonna xom ashyoni qayta ishlashga mо‘ljallangan. Shunga imkon beruvchi zamonaviy uskunalarni 2015 yilda keltirib о‘rnatganmiz. 4 xil mahsulot - kefir, smetana, tvorog va sariyog‘ ishlab chiqarish tashkil etilgan. Ularni tumanimizdagi tashkilotlarga, dо‘konlarga tarqatayapmiz. Ushbu sexda 10 nafar kishi mehnat qilmoqda.

Tadbirkorning aytishicha, parrandachilik yо‘nalishi asosan sanoat usulida tuxum yetishtirishga ixtisoslashgan. Shu maqsadda korxona qoshidagi majmuada bultur Gollandiyadan olib kelingan 17 ming bosh nasldor tovuq yuqori texnologiyalar asosida boqilmoqda. Jarayon avtomatlashtirilgan tarzda bajariladi. Kuniga 14 ming donagacha tuxum olish imkoni mavjud. Mahsulot nafaqat ichki, balki tashqi bozorga ham chiqarilayotir. О‘tgan yili Afg‘oniston mamlakatiga    14 ming AQSH dollari atrofidagi tuxum eksport qilingani buning isbotidir. Bu yil ham xorijlik hamkorlar bilan muzokaralar о‘tkazilmoqda. Manfaatli kelishuv amalga oshsa, korxona tomonidan chetga sotiladigan mahsulot hajmi sezilarli oshadi, shu bilan birga, eksport geografiyasi ham kengayadi.

- Tarmoqlarni kо‘paytirishni kо‘zlab, 2018 yil kuzda korxonamizda yangi quvvat - non va non mahsulotlari ishlab chiqarishni yо‘lga qо‘ygandik, - deydi Azizbek Ibragimov. - Bu loyihamizni rо‘yobga chiqarish uchun 70 million sо‘m о‘z mablag‘imizni sarfladik. 2 ta maxsus pech, qorish uskunasi xarid qilindi. Ish boshlaganimizdanoq bozordan о‘z о‘rnimizni topdik. Har kuni 2 ming dona qolipli non pishirib, aholiga taqdim etayapmiz. Loyiha yuqori samara berganini kо‘rgach, yana boshqa rejalar ustida bosh qotirdik. Parrandachilik majmuamizda jо‘jaxona tashkil etish shulardan biridir. Hozirda 100 kunlik jо‘jalarni qо‘shni viloyatdan sotib olib parvarishlashga majburmiz. Loyihani ishga tushirsak, bu muammo barham topadi. Bir martada 30 ming jо‘ja yetishtirish quvvati yuzaga keladi. Pirovardida mahsulot tannarxi pasayadi. Tashabbusimiz 1 milliard sо‘mga baholangan, shuning 200 million sо‘mi bank kreditidir. Zarur  inshootni qurish ishlarini boshlaganmiz, jо‘jaxona 2019 yil hisobidan ishga tushadi.

Korxona rahbari sutni qayta ishlashni ham diversifikatsiya qilish niyatida. Muzqaymoq tayyorlash bunda asosiy yо‘nalish etib belgilangan. Mahsulot ikki xil - quyma va qadoqlangan holda xaridorga taqdim etiladi. Yangi liniya tо‘la quvvat bilan ishlashi uchun kuniga 1 tonna sut talab etiladi. Tadbirkor bunda Xitoy texnologiyasiga murojaat qilgan. Ushbu quvvat 2020 yil birinchi chorakda mahsulot berishni boshlashi lozim. Albatta, yangilikka intilgani avvalo tadbirkorning о‘ziga yaxshi. Ahamiyatlisi, uning say-harakatlari bee’tibor qolmadi. Prezident sovrini uchun о‘tkazilayotgan "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovining tuman bosqichida qatnashib, о‘z ishini kо‘rsatdi. Natijada korxona yutuqlari e’tirof etilib, unga sanoat sohasida "Yilning eng yaxshi tadbirkori" yо‘nalishida g‘oliblik berildi.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

17-05-2019 |
Фото галерея