Shu yildan Qarshi shahridagi "Sulton tex group" xususiy korxonasi klaster shaklida ishlay boshladi. Tadbirkorlik subyektiga Qarshi tumanidan 15 ming gektar ekin maydoni ajratilgan. Endi qayta ishlash uchun zarur paxta xom ashyosini birjadan sotib olmaydi. Korxonaga ajratilgan hududdagi fermerlar bilan tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri shartnoma qilib hosil yetishtiradi.

Jarayonda uchinchi tomon, ya’ni davlat tuzilmasi umuman ishtirok etmaydi hisobi. Mahsulot sifati uchun ishlab chiqaruvchi ham, dehqon ham birdek javobgar va manfaatdor. Shu tarzda faoliyat kо‘rsatib, joriy yil hisobidan 50 ming tonna "oq oltin" jamg‘arish mо‘ljal qilingan.

Albatta, bu salmoqli raqam, yil davomida bir klaster barqaror ishlashiga yetarli xom ashyo zaxirasi mavjud bо‘ladi, degani. Ammo uni chuqur qayta ishlashni samarali tashkil etish boshqa bir masala. Korxona bu vazifani qanday uddalaydi, shunga imkoniyat va salohiyati bormi, degan savol о‘rtaga chiqadi. Axir klaster ishlab chiqarishning barcha sikllarini qamrab olgan bо‘lishi kerak.

Ahamiyatlisi, bundan roppa-rosa bir yil muqaddam "Sulton tex group" xususiy korxonasida paxta tolasiga ishlov berish quvvati yо‘lga qо‘yilgandi. Yiliga 7 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniga ega yigiruv sexi ishga tushirildi. Buning uchun 10 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarflandi, 200 nafardan ziyod yoshning bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik subyekti mutasaddilari shu bilan cheklanib qolmasligi, navbatdagi istiqbolli loyihalar rо‘yobga chiqarilayotgani haqida ma’lum qilgandi о‘shanda.

Bu galgi tanishuv chog‘ida ushbu tashabbus doirasida kо‘zga kо‘rinarli ishlar qilinganiga guvoh bо‘ldik. 2019 yil fevraldan mazkur tekstil majmuasida zamonaviy texnologiyalar asosida mato tо‘qishga kirishilgan. Sohada 10 yildan ortiq tajriba tо‘plagan yosh mutaxassis, sex boshlig‘i Uchqun Jalilovning aytishicha, bu uskunalar energiyatejamkor va sо‘nggi namunadagi bо‘lib, raqobatbardosh mahsulot tayyorlashga tо‘la imkon beradi. Bu yerda 4 smenada ish tashkil etilgan bо‘lib, 20 nafar yosh yigit-qiz mehnat qilmoqda. Dastgohdagi maxsus dastur yordamida tayyorlanajak mahsulot turini 10 xilga yetkazish mumkin. Bundan tashqari, yoqa va sviter tо‘quvchi apparatlar ham olib kelingan. Mato sifati maxsus uskuna vositada tekshirib boriladi. Hozir "suprem", "interlok", "rivana" deb nomlanuvchi matolarga talab yuqori ekan.

Korxonada yangi liniya yо‘lga qо‘yilgani bois ip-kalavaning bir qismi ichki ehtiyoj uchun yо‘naltirilibdi.

- Bultur xorijga qiymati 12 million AQSH dollariga teng ip-kalava eksport qildik, - deydi korxona bosh direktori  Nurbek Ergashev. - Joriy yil birinchi choragida esa bu kо‘rsatkich qariyb 4 million AQSH dollariga yetdi. Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Polsha, Eron mamlakatlari asosiy xaridor bо‘lishdi. Bora-bora yarim tayyor mahsulotni xorijga sotish kо‘lami kamayishi tayin. Chunki xom ashyoni chuqur qayta ishlash uchun ilk qadamni tashladik. Germaniya, Italiya va Koreya texnologiyalaridan foydalanib, trikotaj matosi tо‘qish tashkil etildi. Hozirda 17 ta tо‘quv dastgohi о‘rnatilgan. Yana 13 ta shunday uskuna keltiriladi.   Ayni paytda matoni ichki bozorga berayapmiz. Klaster qoshida tikuvchilik fabrikasi ishga tushsa, bunga aslo hojat qolmaydi. Tо‘liq tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishga о‘tamiz.

Tadbirkorning qayd etishicha, yaqin orada bu loyiha ham hayotga tо‘liq tatbiq etiladi. Yangi fabrikani jihozlash ishlari yakunlanish arafasida. Quvvat faoliyat kо‘rsata boshlagach, 700 ga yaqin kishi doimiy ish о‘rniga ega bо‘ladi. Kelgusida bu yerda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni о‘zlashtirish, uning asosiy qismini eksportga yо‘naltirish maqsad qilingan.

- Bular klaster doirasida amalga oshishi belgilangan loyihalarning bir qismi, xolos, - deydi Nurbek Ergashev. - Xom ashyoni yetishtirish, unga birlamchi ishlov berish bо‘yicha ham rejalar qilganmiz. Yaqinda korxonamiz qoshida mashina-traktor parkini tashkil etdik. Ushbu parkimiz xorijdan keltirilgan texnika vositalari, jumladan, 10 dona paxta terish traktori bilan boyidi. Bu yil 3 ming gektarda parvarishlanadigan paxta hosilini qо‘l mehnatisiz terib olishni maqsad qilganmiz. Zararkunandalarga qarshi vositalar tayyorlovchi biolaboratoriya tashkil etdik. Bundan tashqari, shu yil kuzda paxta tozalash va yog‘-moy zavodlarini qurib ishga tushiramiz. Ularda ham yana yuzlab ish о‘rinlari yaratiladi. Shundagina qamrovni tо‘liq olish imkoniga ega bо‘lamiz.

Suhbatimiz davomida oydinlashdiki, klaster tashkil etish tashabbusi bilan chiqishdan avval ishbilarmon paxtachilik va tekstil sanoatida yetakchi sanalgan AQSH va Turkiya mamlakatlari tajribasi bilan obdan tanishgan. Shundan sо‘nggina qat’iy qarorga kelgan. Bu tizimda ishlash ancha qulay va samarali bо‘lishini ta’kidlaydi u. Ushbu tarmoqqa yо‘naltirilgan sarmoya 4-5 yilda о‘zini oqlashi kutilmoqda.

Darhaqiqat, mamlakatimiz agrar sektorida ommalashayotgan klaster shakli bir qancha ijobiy natijalarni beradi, deya uqtiradi mutaxassislar. Avvalo, qishloq xо‘jaligining bu tarmog‘iga davlatning aralashuvi keskin qisqaradi, faqat soliqlarni undirish bilan cheklanadi. Jarayonning bevosita ishtirokchilari esa barcha samarali resurslarni ishga solib, kichik bir imkoniyatdan ham yuqori samara chiqarishdan manfaatdorlik sezadi, borini berib ishlaydi. Shunda mahsuldorlik oshadi. Bugungi bozor iqtisodiyoti ham shuni talab etadi aslida.

Mirzohid JО‘RAYEV

 Suratlarda: Korxona faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

01-05-2019 |
Фото галерея